Samarqand shahrida barcha mehmonxonalar hamda masjidlar raqamli kameralarga toʻliq oʻtkazildi

11:35 21 Avgust 2019 Jamiyat
83 0

Internet ijtimoiy tarmoqlarida shahrimiz yoʻllaridagi xavfli hududlarda videokameralar yetishmasligi kuzatilayotganligi, bu esa kimgadir foyda keltirayotganligi, bu borada YHXB rahbariyatining harakatsizligi haqida bildirilgan fikrlar boʻyicha Samarqand viloyati IIB YHXB matbuot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi.

Joriy yil avgust oyi birinchi oʻn kunligida Samarqand shahri Spitamenshoh koʻchasidagi “Xazora” avtoboshbekati, “Spitamenshoh-Beruniy” va “Rudakiy-Dahbet” koʻchalari chorrahalarida hamda “Imom Buxoriy” koʻchasini “Siyob” dehqon bozori oldidan oʻtgan qismida oʻrnatilgan 3.27 “Toʻxtash taqiqlangan” yoʻl belgisi taʼsiri doirasida “Yoʻl harakati qoidalari” talabini buzib turgan transport vositalarini avtomatik tarzda qayd etuvchi videokuzatuv kameralarini (test tariqasida) oʻrnatish boʻyicha “WORLD TECH SYSTEM” MCHJ xodimlari ishtirokida ushbu qoidabuzarlikni aniqlovchi videokuzatuv kameralari oʻrnatiladigan joylarning texnik shartlari, oʻrnatiladigan ustunlar, elektr tarmogʻi, ularning xavfsizligi va qoʻriqlovi hamda 3.27 yoʻl belgilarini davlat standarti boʻyicha oʻrnatilishi toʻliq oʻrganib chiqildi.

Samarqand viloyati hududida sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida, yoʻl harakati monitoringi va intellektual videokameralarning integratsiyalashgan tizimlarini joriy etish toʻgʻrisida maʼlumot va loyihalari tayyorlanib, Oʻzbekiston Respublikasi IIVga taqdim etildi.

Bugungi kunda Samarqand shahrida joylashgan barcha mehmonxonalar hamda masjidlar raqamli kameralarga toʻliq oʻtkazildi. Shahar boʻyicha katta koʻchalar, chorrahalar va boshqa obyektlarga jami 4500 ta raqamli kameralar oʻrnatilgan boʻlib, ushbu kameralarning 1100 tasi Samarqand viloyati IIBda yaratilgan situatsion markazga integratsiya qilingan.

“Xavfsiz shahar” konsepsiyasining tarkibiy qismi boʻlgan Samarqand shahrining gavjum, boshqarilishi qiyin boʻlgan 4(toʻrt) ta chorrahasida “Yoʻl harakati qoidalari”ni buzgan harakat ishtirokchilariga nisbatan maʼmuriy chora koʻrilishi hamda ushbu koʻchalarda harakat xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya etilishini taʼminlash maqsadida kuzatuv hamda qayd etish kameralari oʻrnatilib, test rejimida ishga tushirildi.

Shuningdek 2019-yilning 01-iyulidan boshlab tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar jamoat transporti va yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar oʻrnatish boʻyicha majburiy tartib joriy etilib, huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam oylik ish haqining 5(besh) foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi, huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi kafolatlandi.

Joriy yil 10-iyulidan 20-avgust kuniga qadar mazkur qaror talablari boʻyicha 524 ta videoregistratorlar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar YHXB bazasiga kelib tushgan boʻlib, shundan 262 tasi koʻrib chiqilib, 40 tasi boʻyicha 11 mln 352 ming 880 soʻm miqdorida jarima toʻlovlari undirildi.

Shu bilan birgalikda davlat xususiy sherikchiligi asosida Samarqand shahrida haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan yoʻl harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi videokuzatuv moslamalarini oʻrnatilishi boʻyicha xohish istagi boʻlgan tegishli vakolatga ega korxona, tashkilot hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvatlab, hamkorlik qilishga tayyorligimizni bildiramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?