Samarqand shahri kuni keng nishonlanmoqda

18:57 18 Oktyabr 2019 Madaniyat
266 0

1996-yil 18-oktyabr kuni Amir Temur bobomizning 660-yillik yubileyida Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va 18-oktyabr Samarqand shahar kuni deb belgilangan edi. Shundan buyon mana qariyb chorak asrdirki ushbu kun viloyatda keng nishonlanib kelinadi.

Olamga yuz tutgan, kelajakka boʻy choʻzgan Samarqand bugun ham bayram ogʻushida. Aytish joizki, bu yilgi bayramga har yilgidanda oʻzgacha tayyorgarlik koʻrildi. Samarqand shahar kuni bilan bogʻliq tadbirlarning koʻlami keng va rang-barang. “Oʻtmishi sharafli, buguni saodatli, kelajagi abadiy shahar” shior ostida oʻtkazilayotgan bayram tadbirlari viloyat va shahar hokimligi tomonidan tuzilgan dastur asosida xalq sayli sifatida tashkil etildi.

Erta tongdan karnay-surnay sadolari yangrab barchani bayramga chorladi. Asosiy tadbirlar ekomarafon bilan boshlandi. “Biz kelajak uchun javobgarmiz!” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu “ARAL MARATHON” xalqaro ekologik marafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan minglab fuqarolar ishtirok etishdi.

Viloyat jamoatchiligi vakillari Sohibqiron Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Bu yerda oʻtgan buyuk ajdodlarimiz ruhiga bagʻishlab Qurʼon tilovat qilindi. Shundan soʻng viloyat va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar, taʼlim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari tomonidan Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi.

Ayni paytda Samarqand shahri kuni tadbirlari doirasida shahardagi 7 ta maskan – Kimyogarlar qoʻrgʻoni, Farhod va Soʻlim shaharchalarida, Registon maydoni, Islom Karimov koʻchasi hamda Alisher Navoiy, “Yoshlik” nomli madaniyat va istirohat bogʻlari, Hamid Olimjon nomidagi viloyat musiqali drama teatri oldidagi maydon va boshqa joylarda ommaviy xalq sayillari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar va taniqli sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturlari davom etmoqda. Yangrayotgan diltortar taronalar, jajji isteʼdod sohib va sohibalari tomonidan ijro etilayotgan shoʻx-shoʻx raqslar barchaning qalbiga quvonch ulashmoqda. Kishilar yuzida tabassum, qalblarda shukronalik. Bayram sayillaridagi yoshu-qarining koʻrinishidan buni payqash qiyin emas.

- Samarqand shahri kuni munosabati bilan bizning Kimyogarlar qoʻrgʻonida ham xalq sayli, bayram tadbirlari oʻtkazilayotganidan xursandmiz. Bunday tadbirlar odatda shahar markazidagi istirohat bogʻlarida oʻtkazilar edi. Endilikda bizning Kimyogarlar qoʻrgʻonimiz ham obod boʻlib, aholi uchun barcha qulayliklar yaratilib, mana shunday goʻzal tadbirlar oʻtkaziladigan ajoyib maskanga aylandi, - deydi Gulshod Sharipova. – Bugungi kunda Kimyogarlar qoʻrgʻonida yashovchi barcha fuqarolar bu yerda olib borilgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlaridan juda mamnun. Ana shunday obod maskanga mana bunday bayramlar yarashadi.

Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bogʻida oʻtkazilayotgan sayilda tayyorlangan osh ham dasturxonlarga tortildi. - 150 kilogrammlik osh damladik, - deydi oshpaz Abdumannon Nusratov. - Unga 150 kilogrammdan guruch va sabzi, 100 kilogramm goʻsht, 30 litr yogʻ va boshqa mahsulotlar solindi. Sayil oshini 1500 kishiga tarqatishni niyat qilganmiz.

Bayram tadbirlari doirasida Alisher Navoiy koʻchasida “Tabiat saxovati” yarmarkasi ham boʻlib oʻtayapti. Unda viloyatda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va qayta ishlangan isteʼmol mollari xalqimizga tortiq qilinmoqda. Mazkur yarmarka 20-oktyabrga qadar davom etadi.

- Bugun erta tongda poyezdda Ellik qalʼadan Samarqandga keldim. Koʻhna kent tonggida sayr qildim. Obodonchilik, qurilish va ozodalikka havas qildim. Keyin shahar kuni munosabati bilan Amir Temur maqbarasidagi xatmi Qurʼonda, Sohibqiron haykali poyiga gul qoʻyish marosimida ishtirok etdim, - deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Yangiboy Qoʻchqorov. - Mana endi xalq sayllaridagi madaniy-maʼrifiy tadbirlar, tanlovlar, bazmlarda qatnashyapman. Bayramdan olgan bir olam taassurotlardan ilhomlanib, Samarqandga, samarqandliklarga ehtiromimni qogʻozga tushirdim. Yangi yozgan sheʼrimni bayram ishtirokchilariga havola qilganimdan mamnunman.

Samarqand shahar kuni bilan bogʻliq bayram tadbirlari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?