Samarqand rezolyutsiyasi: qarorlar qabul qilish jarayonida yoshlarning ishtiroki muhim

21:14 13 Avgust 2020 Siyosat
312 0

Shu yil 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi yakunida “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Hujjatda, jumladan, yoshlar huquqlari - har kim foydalanishi zarur boʻlgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan.

Bu omil baʼzan ochiq, yaʼni yoshga doir qonuniy cheklovlar orqali, aksariyat hollarda esa, yashirincha - yoshlarga nisbatan shakllangan salbiy yondashuv va munosabatlar, aqida va odatlar oqibatida navqiron insonlar hayotiga oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Bunday toʻsiqlarni hisobga olgan holda, yoshlarga, ayniqsa, qizlar va ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi kurashish uchun aniq bir himoya vositasiga ehtiyoj mavjud.

Rezolyutsiyada butun dunyo yoshlariga ularning jamiyat hayotida toʻla, samarali va taʼsirchan ishtirokini taʼminlash uchun real imkoniyatlar beradigan strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish yuzasidan davlatlarga murojaat qilingan.

Hujjatda yoshlarning tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini ilgari surishda alohida oʻrin tutishi, shuningdek navqiron insonlar qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol, mazmunli va taʼsirchan ishtirok etishi muhimligi taʼkidlangan.

Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilari oʻzlari qabul qilgan yakuniy Rezolyutsiyada ham Oʻzbekiston Respublikasining BMT Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyasini qabul qilishga doir taklifini qoʻllab-quvvatlagan. Ularning fikricha, bunday amaliy qadam yoshlarning ehtiyojlarini qanoatlantirishda muhim oʻrin tutadi.

Samarqand rezolyutsiyasida, shuningdek xalqaro ahamiyatga ega tavsiyalar qayd etilgan. Navqiron insonlar duch keladigan aniq muammolarning yechimlari boʻyicha birgalikda ish olib borish hamda yoshlarning huquqlarini Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiya doirasida himoya qilish va ragʻbatlantirish masalasi shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Samarqand forumi yakuniy hujjatidan davlatlarga bir qator chaqiriqlar oʻrin olgan.

Shunday qilib, “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasining qabul qilinishi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bogʻliq barcha jarayonlarda yoshlarni yana-da keng jalab etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.

Shuni ham qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi Oʻzbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni oʻtkazish masʼuliyati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.

Forum BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Samarqand forumi ishida BMT va uning agentliklari, xususan, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, YUNISEF, BMT Aholishunoslik fondi (YUNFPA), BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, shuningdek Parlamentlararo ittifoq, YEXHT, YEXHTning Parlament Assambleyasi, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyo Parlament Assambleyasi, Afrika ittifoqi, SHHT, MDH kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari hamda yuqori darajadagi vakillari ishtirok etdi.

Forumda diplomatik korpus, inson huquqlari boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, jahon yoshlar tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va ekspertlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari boʻyicha agentlik, shuningdek mamlakatimizning barcha hududlaridan 30 dan ziyod yoshlar tashkiloti vakillari va oʻquvchi-talabalar ham qatnashdi.

Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi

matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?