Samarqand davlat universiteti qachon tashkil topgan?

10:56 29 Iyul 2020 Jamiyat
145 0

Bugun bu savolga oʻrin qolmadi. Negaki, professor Rustam Xolmurodovning matbuotda eʼlon qilingan shu nomli maqolasi nafaqat ilmiy doiralar, balki turli kasb egalari, umuman, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etildi.

Shu bilan birga unda berilgan taklif ilmiy jamoatchilik, shu jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Natijada Samarqand viloyatining vakillik organi qaroriga koʻra, koʻhna diyorimizdagi ilk oliy dargoh, deb tan olingan Samarqand davlat universitetining 600-yilligi keng nishonlash belgilandi.

Qaror nechogʻlik adolatli?

Yevropalik mashhur yozuvchi, faylasuf va tarixchi olim Volterning (1694-1778 yy.) «Transsaksoniyada uning (Amir Temur) oʻrniga taxtga chiqqan mashhur Ulugʻbek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi” degan gapni yozib qoldirgan.

Tarixdan maʼlumki, mazkur akademiya bir necha yuzdan ziyod olimlarni tarbiyalangan. Xususan, usmoniylarning 6-sultoni Mehmet Fotih Istanbulni fath etgach asos solingan Istanbul universiteti (Ulugʻbek madrasasidan 33 yil keyin - 1453-yilda)ning birinchi rektori Ulugʻbekning shogirdi Mavlono Ali Qushchi boʻlgan. Birgina shu misolning oʻziyoq Samarqand davlat universiteti nechogʻlik katta salohiyatga ega tarix bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrsatib turibdi.

Rost Oʻzbekistondagina emas, butun musulmon Sharqida oliy taʼlim vujudga kelishi va taraqqiyotida muhim rol oʻynagan Ulugʻbek madrasasining huquqiy vorisi Samarqand davlat universitetida tarixiy anʼanalar davom ettirilmoqda. Jumladan, Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan 2017-yilda astronomiya va astrofizika boʻyicha talabalar olimpiadasiga asos solindi.

Keyingi yillarda Ulugʻbek qoldirgan merosga boʻlgan eʼtibor davlat darajasiga koʻtarilib, nafaqat Samarqandda, balki, Andijon davlat universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti kabi taʼlim muassasalarida oʻquv-ilmiy rasadxonalar tashkil qilindi va ular zamonaviy teleskoplar bilan jihozlandi.

 

Vorislikka munosib dargoh

Albatta, tarixiy haqiqatni tiklashda bir guruh olimlar bilan birga Rustam Xolmurodovning katta xizmatlari, siyosiy faolligini alohida tilga olib oʻtish oʻrinli. Negaki, aynan domlaning rahbarligida bu ishga yeng shimarib kirishildi. Eʼtiborlisi, universitet rektorining tashabbusi bilan universitetning nufuzi ham nomiga munosib boʻlishi uchun zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

U kishining tashabbusi bilan joriy yilning 16-17-iyul kunlari Samarqand shahrida «Samarqand davlat universiteti – Ulugʻbek madrasai oliyasining vorisi» mavzusidagi xalqaro onlayn ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, YUNESKOning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov, shuningdek, xorijiy oliy taʼlim muassasalari rahbarlari maʼruza qildi. Tadbirda mahalliy va xorijlik olimlarning 30 ga yaqin maʼruzalari tinglandi. Shuning oʻziyoq universitetni nufuzini tiklash, uning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish borasidagi muhim qadam emasmi?

Yashash joylarining koordinatlarini aniqlash, 1018 yulduzni oʻz ichiga olgan mukammal yulduzlar jadvalini tuzish, quyosh yilining 365 kun 10 daqiqa 8 soniyadan iboratligini bexato hisoblab chiqish (xatosi 0,58 soniya xolos) Samarqand akademiyasini dunyoga tanitib, butun ilm-fan namoyandalari diqqatini oʻziga jalb etgan. Loʻndasini aytganda Ulugʻbek madrasasi XV asrda qurilgan Islom Sharqining eng yaxshi dorilfununlaridan biri boʻlgan.

Bugungi kunda universitetimizda ushbu shonli tarixga munosib voris boʻlishga, uni xalqaro reytingda peshqadamlar qatoriga olib chiqishga harakat qilinmoqda. Bu borada olib borilayotgan ishlarga birgina 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab oʻquv jarayoni kredit-modul tizimida tashkil etilayotganini ham misol tariqasida aytib oʻtish mumkin.

Ulugʻ allomalar izidan

Universitet hayotida roʻy berayotgan yangiliklar, uning tarixiy salohiyatini tiklash borasidagi ishlar ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchilarga ham ulkan masʼuliyat yuklaydi. Ularga taʼlim-tarbiyaning zamonaviy metodlarini oʻrganish, ularni kasbiy faoliyatida qoʻllash majburiyatini qoʻyadi. Qolaversa, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirib, ilm-fan rivojiga munosib hissa qoʻshishni taqozo qiladi.

Shu oʻrinda aytish mumkinki, bu borada filologiya fakulteti oʻqituvchi-pedagoglaridan alohida faollik talab qilinadi. Negaki, 1920-yilda ikki yillik pedagogik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurti sifatida faoliyatini boshlab, 1927-yilda Samarqand pedagogika akademiyasiga aylantirilgan, 1930-yilda Oʻzbekiston pedagogika instituti, 1933-yili Oʻzbek davlat universiteti va keyinroq Samarqand davlat universiteti maqomini olgan ilm maskanimizning dastlabki professor-oʻqituvchilari tarkibida boʻlgan Hoji Muin Shukurullayev, Abdurauf Fitrat, Gʻozi Olim Yunusovlar boʻlgan. Ular nafaqat pedagogik faoliyati balki ilmiy izlanishlari bilan ham oʻzbek tili va adabiyoti fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan.

Qolaversa, Abdurahmon Jomiy dastlabki taʼlimni aynan Ulugʻbek madrasasida olgan. Oʻzbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiyning Samarqandda olgan ikki yillik taʼlimidan soʻng uning qarashlarida, ijodida tub burilish boʻlganligi tarixiy manbalardan maʼlum.

D.ISLAMOVA,
Samarqand davlat universiteti 
filologiya fakulteti assisent-oʻqituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?