Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi yoʻnalishidagi M-37 avtomobil yoʻlining yuklamasini kamaytirishga ham xizmat qiladi

13:38 12 Mart 2019 Jamiyat
301 0

Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “2018 yilga moʻljallangan investitsiya va infratuzilma loyihalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Nurota tumanining turizm salohiyatini oshirish maqsadida viloyat markazini mazkur tuman bilan bogʻlovchi 4R57-yoʻlning 12-22 kilometrlik qismida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan edi.

Aytish joizki, yoʻlning ushbu qismi Nurota tizma togʻlaridagi Qoraqargʻa dovonidan oʻtib, qariyb 300 metr balandlikka koʻtariladi. Mazkur oʻn kilometr masofada oʻn ikkita oʻtkir burilishni ortda qoldirishga toʻgʻri kelardi. Bir kecha-kunduzda 4,5-5 ming transport qatnoviga ega yoʻlning bu qismi, ayniqsa, qishning qorli va tumanli kunlarida harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga texnik jihatdan javob bermasdi.

— Qizilqum halqa yoʻlining muhim qismi hisoblangan ushbu yoʻl Konimex tumanining Boymurod, Oʻtamurot, Mullali qishloqlari, Tomdi tumanining Ayaquduq ovuli hamda Tomdibuloq qoʻrgʻonlarini ham bogʻlaydi, — deydi Navoiy yoʻl qurish-taʼmirlash unitar korxonasi rahbari Erkin Kamolov. — Bundan tashqari, unga qoʻshni Jizzax viloyatining Forish tumanidan keluvchi yoʻl tutashib, bu oʻz-oʻzidan Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa hududlariga ham chiqish imkoniyatini yaratadi. Yana bir tarafi, mazkur loyiha Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi yoʻnalishidagi M-37 avtomobil yoʻlining yuklamasini kamaytirishga xizmat qilishi ham muhim ahamiyatga ega.

Shu kabi omillar inobatga olingan holda, yoʻlning rekonstruksiyasi “Yoʻl loyiha byurosi” MCHJ tomonidan loyihalashtirildi. Unga koʻra, yoʻlning enini 9 metrdan 15 metrga kengaytirish,oʻtkir burilishlarni bartaraf etish, bitta koʻprik qurish, 14 nuqtada soy suvlarini oʻtkazish quvurlarini yotqizish va dovonning eng baland nuqtasini 26,5 metr pasaytirish belgilandi. Mazkur maqsadlarga 71 milliard 411,5 million soʻm mablagʻ ajratilib, 2018 yilning iyul oyidan rekonstruksiya ishlari boshlandi.

Dastlab yoʻlning Oqtepa bulogʻi yaqinidagi qismida koʻprik qurilishi amalga oshirilgan boʻlsa, sentyabr oyidan dovonning eng yuqori qismida portlatish-qazish hamda oʻtkir burilishlarda tuproq ishlari boshlanishi munosabati bilan transport qatnovi toʻxtatildi.

— Oʻtgan vaqt mobaynida yettita oʻtkir burilishning radiuslari oshirilib, yuqori nuqtada 430 ming kub metr tuproq ishlari bajarildi, — deydi korxonaning 3-ish yuritish boʻlimi ish yurituvchisi Otabek Qutliyev. — Tender shartlariga muvofiq, yoʻlda rekonstruksiya ishlarini yakunlash 2020 yilning iyul oylariga belgilangan. Biroq biz muddatidan ancha oldin nihoyasiga yetkazishni moʻljallamoqdamiz. Dastlabki hisob-kitoblarimizga koʻra, mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida birinchi qoplama asfaltni yotqizib, yoʻlda transport qatnovi ochilishini rejalashtirganmiz.

Yoʻlsozlar bugun dovonni pasaytirishda oxirgi pogʻonaga oʻtishgan. Bu jarayonda ekskavator, avtoyuklagich, buldozer va avtosamosvallardan iborat 40 ga yaqin texnikalardan unumli foydalanilmoqda.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?