Samarqand bashariyatning cheksiz hayrat, abadiy mehr-oqibat, nodir madaniyat va buyuk kelajak shahridir

10:55 17 May 2018 Welcome to uzbekistan
410 0

Keyingi bir yarim yilda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangicha yondashuv yaqin orada munosib natijasini ko‘rsatishi, shubhasiz. Prezidentimizning 2018 yil 3 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, 6 fevraldagi “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 7 fevralda qabul qilingan “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sohada tub burilish yasalishiga mustahkam huquqiy asos yaratdi.

Binobarin, turizmning jadal ravnaqi mamlakatimizni olam uzra ko‘z-ko‘z etish, ma’naviy-ma’rifiy merosimiz, betakror obidalarimiz, ulug‘ allomalarimizning ibratli hayoti va faoliyatini targ‘ib etish, xalqimizga xos urf-odat, an’ana va qadriyatlarimiz bilan xorijliklarni bahramand qilishda muhim ahamiyatga ega.

Biz mazkur sohada olib borilayotgan keng qamrovli ishlar bilan tanishish maqsadida Samarqand viloyatida bo‘ldik.

Xabaringiz bor, yaqinda ommaviy axborot vositalari orqali Avstraliyaning “Skyscanner” axborot portali ekspertlari “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idan foydalanuvchilar uchun sayyoramizning eng go‘zal joylari reytingini tuzib chiqqani e’lon qilindi. Yer yuzidagi 15 ta eng go‘zal shahar nomi kiritilgan ro‘yxatning oltinchi pog‘onasidan tarixiy durdonalari, qadimiy obidalari hamda ulug‘ alloma va mutafakkirlari bilan dunyoga tanilgan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri o‘rin oldi.

Mutaxassislarning aytishicha, “Sharq gavhari”, Yer yuzining sayqali, deb ta’riflanadigan Samarqand shahrini sayr qilish kishiga unutilmas taassurotlar hadya etadi. Uning muqaddas qadamjolari, aziz-avliyolar mangu qo‘nim topgan manzillarini ziyorat qilish qalbga hikmat ulashsa, to‘kin bozorlari, afsonaviy noni, sohibqiron Amir Temur asos solgan bog‘lari, saraton avjida ham tanaga rohat baxsh etuvchi nasimi kishiga zavqu shavq bag‘ishlaydi.

Bu yerda imkoniyatlar keng

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil mart oyida viloyatga tashrifi davomida -takrorlanmas tarixiy, madaniy, me’moriy meros ob’ektlari bilan turistlarni tanishtirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ziyorat turizmini jonlantirish, umuman, qadimiy zaminning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan kelib chiqib, aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.

Hamrohimiz, Samarqand viloyati hokimligining axborot xizmati rahbari Mannob Ibodullayevning aytishicha, bugun hududda sayyohlar boradigan manzillar soni ortib bormoqda. Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug‘bek madrasalari), Bibixonim va Hazrati Xizr masjidlari, Shohi Zinda yodgorligi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Samarqand tumanidagi Nodir Devonbegi kompleksi, Xo‘ja Ahror Valiy masjidi, Urgut tumanidagi o‘avsul A’zam, Xo‘ja Omon, Chor Chinor ziyoratgohlari, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi har doim mahalliy va xorijlik mehmonlar bilan gavjum.

Shuningdek, yangi yo‘nalishlarga O‘zbekiston tarixi, Samarqand shahar tarixi — “Afrosiyob” muzeyi, O‘lkashunoslik muzeyi, Paxtachi tumanidagi Dobusiya shahristoni, Payariq tumanidagi Chelak-Ko‘ktepa tarixiy yodgorligi, Mahdumi A’zam ziyoratgohi va boshqa qadamjolar kiritilgan.

Viloyatdagi muzeylar faoliyatini yanada kengaytirish, ularning xorijiy mamlakatlar muzeylari bilan, jumladan, ilmiy tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Yaponiya, Fransiya va Janubiy Koreyaning arxeologik institutlari hamda muzeylari bilan aloqalar o‘rnatilgan. Xususan, “Afrosiyob” muzeyining “Elchilar xonasi”dagi devoriy suratlarni bosqichma-bosqich asl holatiga keltirish ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, ko‘hna Afrosiyob tepaligida joylashgan So‘g‘diyona (qadimgi Maroqand yoki Afrosiyob) shahrining eski ko‘rinishi aks ettirilgan 3D treki sayyohlarga namoyish qilinmoqda.

Mavsumda har kuni 100 dan ortiq mehmonxonalarda mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatilib, shahar markazi, shuningdek, tutash hududlardagi 30 dan ziyod restoranlarda milliy, koreys, rus va Yevropa taomlari tayyorlanib, ko‘ngilochar -tadbirlar uyushtirilmoqda. Ziyoratchilar va sayyohlar oqimining ko‘pligi inobatga olinib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan qo‘shimcha reyslarni tashkil etish yuzasidan takliflar kiritilgan.

“Biz har doim qadim manzillarga talpinamiz”

— Keyingi bir yarim yilda Samarqandga sayyohlar kelishi keskin ko‘paydi. Masalan, 2017 yil davomida o‘nta charter reys orqali Yaponiya fuqarolarining yurtimizga sayohati uyushtirilgan bo‘lsa, bu yil qatnovlar sonini 15 taga yetkazish ko‘zda tutilgan, — deydi O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. — Ushbu sayohatlar orqali 3000 ga yaqin yaponiyaliklarning yurtimizga kelishi kutilmoqda. 2017 yil mobaynida Samarqandga 1,1 mln. nafarga yaqin mahalliy va 180 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Ularning geografiyasiga qaraydigan bo‘lsak, viloyatga yil davomida 100 dan ziyod davlatlardan sayyohlar tashrif buyurishgan. Ular orasida Rossiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Ispaniya davlatlari vakillari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

2018 yilda 350 ming nafar xorijiy hamda 1 mln. 650 ming mahalliy sayyohni Samarqand zaminida qabul qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Turistik xizmatlar eksporti geografiyasi Indoneziya, Malayziya, Isroil, Singapur, Avstraliya va Turkiya kabi davlatlar hisobiga kengayishi kutilmoqda.

— O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda butunlay yangi tizim asosida izchil islohotlarning ro‘y berayotgani bugun chet ellarda ham ma’lum, — deydi Yaponiyaning “All season” turistik kompaniyasi vakili Kavakami Kodzuxisa. — Shuning uchun mamlakatingizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga havasmand kishilar bizda juda ko‘p. Lekin shu paytgacha viza tartiblari tufayli ko‘pchilik bu yerga kelishga intilmasdi. Endilikda Prezidentingizning tashabbusi bilan ko‘pgina davlatlar qatori Yaponiya fuqarolariga ham O‘zbekistonda bir oygacha vizasiz tartibda bo‘lish huquqining berilishi sayyohlar oqimining keskin ko‘payishiga imkoniyat yaratdi. Buni haqiqiy yangilik desa bo‘ladi. O‘z yurtini sevadigan, uning taraqqiyoti yo‘lida kechayu kunduz mehnat qilayotgan Shavkat Mirziyoyevning barcha tashabbuslari ibratga loyiq. Biz esa har doim O‘zbekistonga talpinganmiz. Samarqand deyilsa, har bir yaponiyalik, avvalo, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lini yodga oladi.

Imom Buxoriy majmuasiga bir kunda 5 mingga yaqin mehmonlar kelmoqda

Samarqandga tashrif buyurgan mehmonlarning aksariyati Payariq tumanidagi Imom -Buxoriy majmuasini, albatta, ziyorat qiladi. 2018 yilning birinchi choragida Imom Buxoriy majmuasini 311 ming nafardan ortiq sayyohlar, jumladan, 2000 nafarga yaqin xorijliklar ziyorat qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 146 ming nafarga ko‘p demakdir.

Prezidentimiz 2017 yil noyabr oyida majmuaga tashrif buyurganida, bu borada amalga oshiriladigan ishlar konsepsiyasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan edi. Shu asosda majmuani rekonstruksiya qilish hamda ushbu maskanga ziyorat turizmi bo‘yicha keluvchi sayyohlar uchun barcha xizmat turini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma ob’ektlari qurish yuzasidan loyiha-takliflar tayyorlandi.

Loyihaga ko‘ra, ta’mirlash ishlarini majmua hududini uch qismga ajratgan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish mo‘ljallangan. Avvalo, yodgorlikning old qismini ikki qavat qilib ko‘tarish, masjidni kengaytirish, 250 o‘rinli zal, yuqori martabali mehmonlarni kutish xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Majmua ro‘parasida mehmonxonalar, bozor, gipermarket, savdo va maishiy xizmat majmualari, kafe va choyxonalar, milliy hunarmandlik ustaxonalari, sport maydoni qurish rejalashtirilgan. Ushbu hudud va majmua o‘rtasida favvoralardan iborat 850 metrlik alleya, uning yonida fransuz uslubida, landshaft dizayni asosida bahavo yo‘laklar barpo etiladi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida majmua yaqinida mahalliy va viloyatlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar uchun avtovokzal hamda 700 o‘rinli avtomobillar to‘xtash joyi quriladi, majmuaga olib boruvchi yo‘l bo‘yida qishloq aholisi uchun ikki qavatli turarjoylar bunyod etish belgilangan.

Bu ishlar amalga oshirilgach, ziyoratgohda bir vaqtning o‘zida 3-4 ming sayyohga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

— Dam olish kunlari majmuaga o‘rtacha 5 ming sayyoh kelmoqda, — deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati Imom Buxoriy yodgorlik majmui boshqaruv kengashi raisi Dehqonboy Ermamatov. — Navro‘z bayrami kunlari esa 15 — 17 minggacha ziyoratchilar tashrif buyurdi. Bu birinchi navbatda, sayyohlarning xavfsizligini ta’minlashni talab etadi. Shu maqsadda ikkita qo‘riqlash posti tuzilib, tunu kun qo‘riqlov amalga oshirilayapti. Majmua ichida esa “Xavfsiz turizm” xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ilg‘or texnologiyalar — tayyor dastyor

2018 yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Barcha sohada bo‘lgani kabi turizm sohasida ham yangi innovatsion g‘oyalarni va axborot texnologiyalarini qo‘llash katta samara bermoqda. Dunyo mamlakatlari tajribasidan ma’lumki, hozirgi kunda turizmda axborot texnologiyalari katta rol o‘ynamoqda.

Sayyohlarni jalb qilish, havo yo‘llari, temir yo‘l, avtomobil va boshqa transportni masofadan turib band qilish, yashash joyini ijaraga olish, turli tadbirlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish, o‘sha mamlakatga kirish vizasini olish, ovqatlanish joylaridagi xizmatlar uchun oldindan to‘lov qilish kabi yumushlarni axborot texnologiyalari orqali bir lahzadayoq bajarish imkoniyati yaratilmoqda. Bundan tashqari, turistlarga qulay bo‘lishi uchun sayyohlik ob’ektlarining interaktiv yo‘l ko‘rsatkichlarga ega elektron xaritalari tuzilgan.

Bu qurilmani sayyoh doimo o‘zi bilan olib yura oladi va xohlagan joyiga borishi, internet tarmog‘i mavjud bo‘lmagan joylarda ham ishlatishi mumkin. Dasturdan foydalanishni istagan sayyoh uni www.samarkandtour.uz saytidan yoki Google Play elektron do‘konidan (www.play.google.com) o‘z mobil qurilmasiga yuklab olishi talab etiladi.

“Samarkand city” muhtasham turizm zonasi bo‘ladi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020 yilga qadar “Samarkand city” turizm zonasi tashkil etiladi. Bu haqda hukumatimizning Samarqand va Samarqand viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirishni jadallashtirishning uch yillik dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, hududda zamonaviy mehmonxonalar, kottejlar, madaniy-sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar savdo maskanlari, jumladan, amfiteatr, bouling-klublar, karaoke-barlar, kafe, restoranlar, esdalik sovg‘alar va boshqa mahsulotlar do‘konlari quriladi.

Dasturda umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish va turistlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun sharoit yaratish, shu jumladan, zamonaviy restoranlar qurish, nurli va musiqiy shou dasturlarini tashkil etish, o‘zbek milliy musiqasining teatrlashtirilgan konsert dasturlarini uyushtirish, madaniy meros ob’ektlari hududida milliy urf-odat va an’analarni namoyish qilish ko‘zda tutilgan.

Aviareyslar hamda tezyurar “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovlari sonini -ko‘paytirish, Samarqand shahrining tarixiy hududida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turistik namoyish ob’ektlariga olib boradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan transport xizmatini yaxshilash, shu jumladan, avia hamda temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish belgilangan.

“Samarqand nonlari”, “Samarqand hunarmandlari”, “Milliy taomlar”, “Sharq shirinliklari” kabi festivallarni uyushtirish hamda o‘tkazish, xorijiy turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish, ekskursiyalarning turistik xaritalarini tayyorlash, shuningdek, ommabop xorijiy telekanallarda Samarqandning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, hududning diqqatga sazovor joylari va boy tarixiga bag‘ishlangan ma’lumotlarni internet hamda ommabop ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish orqali keng qamrovli reklama kampaniyasini -o‘tkazish va Samarqand shahri brendini targ‘ib etish rejalashtirilgan.

Dasturda asosiy e’tibor ziyorat turizmini rivojlantirish hamda ziyoratchi-sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan.

Hisob-kitob qiymati 39,34 mlrd. so‘m bo‘lgan dasturning ijrosi 2020 yilga qadar xorijiy sayyohlar sonini ikki barobar oshirishga imkon berishi kutilmoqda.

Gidlar mahorati va mas’uliyat 

Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarga yuqori sifatli servis xizmati ko‘rsatish, ularning har bir kuni mazmunli va taassurotlarga boy o‘tishi uchun zarur shart-sharoit hamda imkoniyatlar yaratish tegishli idoralar, sayyohlik firmalarining doimiy e’tiborida. Bu jarayonda yurtimizda sayyohlarga safar davomida hamrohlik qiluvchi yoki ma’lum bir ob’ekt bo‘yicha ma’lumot beruvchi gidlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.

Afsuski, gid-tarjimonlik bilan shug‘ullanish huquqi bo‘lmasa-da, chet tilini biladigan ayrim kishilarning xorijiy sayyohlarga hamrohlik qilib, ularga o‘z bilganicha ma’lumot berish holatlari ham uchrab turadi. Bu esa yurtimiz tarixi, madaniyatining turlicha talqin etilishi, sobiq tuzum mafkurasi ta’siri ostida yaratilgan, hech qanday tarixiy manbaga ega bo‘lmagan “hikoya” va “rivoyat”lar tildan-tilga o‘tishiga sabab bo‘lmoqda.

— Xorijlik mehmonlarga tarjimonlik qilishning katta mas’uliyati bor, — deydi oliy toifali gid-tarjimon Murodxon Ergashev. — Avvalo, faqat gid chet elliklar bilan suhbatlashish, ularga yurtimiz haqida ma’lumot berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ishning mas’uliyatli jihati shundaki, gidning nafaqat bergan ma’lumoti, balki o‘zini tutishi, madaniyati mehmonlarda yurtimiz, xalqimiz haqida qanday tasavvur uyg‘otishiga ta’sir qiladi. Shuning uchun gid, birinchi galda, asl vatanparvar, yuksak ma’naviyatli inson bo‘lishi kerak. U sayyohlarga har tomonlama asosli, ayni vaqtda qiziqarli va ibratli ma’lumotlarni yetkazishi lozim.

Istiqbolli yo‘nalishlar, hal etilayotgan muammolar

Ayonki, sayyohlarning dastlabki fikri va kayfiyati aeroport yoxud temir yo‘l vokzalida yaratilgan sharoitu qulayliklarga qarab shakllanadi. Bugungi kunda aeroport haftasiga faqatgina 30 ga yaqin mahalliy va xorijiy yo‘nalishlarda aviaqatnovlarga xizmat qilishini inobatga olib, “Samarqand” xalqaro aeroporti quvvatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Yurtboshimizning yuqori darajada o‘tkazilayotgan uchrashuvlarida imzolanayotgan bitimlar, turizm bozoridagi talab va ehtiyoj natijasida yangi aviareyslar tashkil qilinmoqda. Birgina “Istanbul — Toshkent — Istanbul” aviaqatnovi yo‘lga qo‘yilishi, Yaponiyaning Tokio shahri, Nagoya va Nara prefekturasidan Samarqandga amalga oshirilgan charter reyslari, rejalashtirilayotgan Jakarta — Samarqand — Jakarta, Sian — Samarqand — Sian charterlari kelgusida sayyohlar oqimi keskin oshishiga xizmat qiladi.

Viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlar, qolaversa, mahalliy aholining ko‘ngildagidek hordiq chiqarishi uchun bir nechta dam olish maskanlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Urgut tumanining Omonqo‘ton va Beshkon mahallalari hududida, Urgut — Kitob yo‘li bo‘ylab joylashgan Taxtiqoracha dovonida, Samarqand tumanining Ohalik va Mironqul mahallalarida dam olish maskanlari qurilishi oxiriga yetkazilayapti. Jomboy, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida ham xuddi shunday maskanlarni barpo etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilayotir.

Ochig‘i, bugun mahalliy aholi hamda xorijiy mehmonlarning madaniy hordiq chiqarishi, dam olishini mazmunli o‘tkazishi uchun shaharda zamonaviy va har tomonlama qulay sharoitlarga ega istirohat bog‘lari yetarli emas. E’tibor bering: faqatgina 2018 yilning yanvar — mart oylarida 19 mingdan ortiq xorijiy va 230 ming nafardan ko‘proq mahalliy sayyohlar Samarqand viloyatiga tashrif buyurishgan. Ayniqsa, Navro‘z bayrami tantanalarida tashrif buyurganlar juda ortganligi mehmonxonalarni ko‘paytirish lozimligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ana shu jihatlar tahlil qilinib, barcha qulaylikka ega, milliy va zamonaviy uyg‘unlikdagi ayvonlar, turli konstruksiyalar, yoritqich uskunalari, o‘rindiqlar, gulxonalar, attraksionlar, mehmonxona va restoranlarni o‘z ichiga olgan innovatsion istirohat bog‘i loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur loyihada Samarqandda ilk “Muz saroyi” hamda “Karting” klublari qurish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!”

Ichki turizmni rivojlantirish to‘g‘risida qabul qilingan Prezident qarori asosida viloyatning yirik ish beruvchilari, jamoat tashkilotlari hamda xayriya fondlari tizimlari orqali aholining keng qatlamini “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida respublika bo‘ylab sayohatlari uyushqoqlik bilan tashkil etilayapti.

Ushbu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlari kuchaytirilib, turistik soha tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda mahalliy sayyohlar uchun turizm mavsumi bo‘lmagan davrlarda 40 foizgacha chegirmalar joriy qilinmoqda. Mazkur qaror bilan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik sayohat turlarini tashkil qilish jadvallari tasdiqlangan. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab viloyatning barcha hududida sayohatchilar guruhlari shakllantirilib, grafik asosida ularning ziyoratlari uyushtirilayapti.

Guruhlarda yosh oilalar, mahalla faollari, yirik ish beruvchilar xodimlari, yoshlar, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari qamrab olingan bo‘lib, 2018 yil davomida viloyatning 25 mingga yaqin aholisi sayohatlari tashkil etiladi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 3,7 barobar oshadi, deganidir.

Mavjud tarixiy-madaniy, ekologik, ekstremal, agro, gastronomik va boshqa turizm yo‘nalishida foydalanish mumkin bo‘lgan ob’ektlarni aniqlash maqsadida maxsus ishchi guruh tomonidan viloyat tumanlarining turistik salohiyatini aks ettiruvchi tumanlar va shaharlar pasportlari ishlab chiqildi. Natijada 30 ga yaqin yangi istiqbolli ob’ektlar aniqlandi. Jumladan, Bulung‘ur tumani hududida Amir Temur tomonidan qurilgan ko‘prik, Xo‘ja Hofiz maqbarasi hamda ilohiy hovuz borligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu maqbara hududini obodonlashtirish, olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash, yangi maqbara barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash, mazkur ob’ektni turistik marshrutga kiritish borasida ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun O‘zbekistonni, uning tarixiy shaharlarini butun dunyoda bilishadi. Prezidentimizning uzoq va yaqin davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ezgu tashabbuslari, viza tizimining soddalashtirilgani tufayli yurtimizga bo‘lgan intilish va qiziqish yanada kuchayib bormoqda. Bu kabi ulkan vazifalarning amalga oshirilishi, istiqbolli loyihalarning amaliyotga joriy etilishi esa, tabiiyki, turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi muqarrar. 

Maqsud JONIXONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?