Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya yarim marafoni boʻlib oʻtdi

14:22 04 Noyabr 2019 Jamiyat
98 0

1 - 3-noyabr kunlari Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi tashabbusi bilan bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya yarim marafoni va uning doirasida qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.

3-noyabr kuni oʻtkazilgan yarim marafonda dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havaskorlar qatnashdi. Xalqaro marafonda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovlar ham ishtirok etib qatnashchilarni tabrikladi. Shundan soʻng Islom Karimov koʻchasidan birin ketin 10, 21.1, 2 kilometr masofadagi marafonga start berildi.

Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan mazkur xalqaro marafon madaniyat va sanʼat obyektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratish, shuningdek, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport turizmini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Marafondan tushgan mablagʻ Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirishga yoʻnaltiriladi. Bu zaif koʻruvchi va koʻzi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida toʻliq tasavvur hosil qilishga imkon beradi.

Marafonchilar Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Hazrati Xizr masjidi, Xoʻja Doniyor yodgorligi, Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasi, Bibixonim masjidi singari tarixiy obidalar oldidan belgilangan masofani bosib oʻtdilar. Ularni shahar aholisi, mehmonlar olqishlab turdi.

Dastlab, marraga 10 kilometrlik masofani birinchi boʻlib bosib oʻtgan qozogʻistonlik Dmitriy Ivanchuk yetib keldi va oʻz shaxsiy rekordini yangiladi.

- Tashkilotchilarga menga ushbu marafonda qatnashish imkonini bergani uchun katta rahmat, - deydi Dmitriy Ivanchuk. – Trassaning murakkabligiga qaramay masofani birinchi boʻlib bosib oʻtishga muvaffaq boʻlganimdan mamnunman.

Ikkinchi oʻrin hamyurtimiz Yevgeniy Fadeyevga, uchinchi oʻrin esa qozogʻistonlik yana bir sportchi Mixail Krasilovga nasib etdi.

10 kilometrlik masofada xotin-qizlar oʻrtasida ham qozogʻistonlik yana bir sportchi Tatyana Neroznak gʻolib boʻldi.

- Kichik masofada yugurishga oʻrganganman, - deydi Tatyana Neroznak. - Marafon barcha qoidalar asosida tashkil etilgan, sharoitlar, tashkilotchilik aʼlo darajada. Ayniqsa, marafonning qadim va betakror Samarqandda oʻtkazilayotgani judayam maʼqul keldi. Odamlarning mehmondoʻstligi va eʼtibori juda yoqdi. 10 kilometrga yugurish boʻyicha ayollar oʻrtasida birinchi boʻlganimdan juda xursandman.

Oʻzbekistonlik Zarnigor Xudayberdiyeva marraga ikkinchi, Marina Xmelevskaya esa uchinchi boʻlib yetib kelishdi.

21.1 kilometrga yugurgan marafonchilar orasida hamyurtimiz, surxondaryolik Shohrux Davlatov ushbu masofani 73 daqiqada bosib oʻtib birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Keyingi oʻrinlarni ham mamlakatimiz vakillari Andrey Petrov va Begzod Safarovlar qoʻlga kiritdi.

- Samarqandda marafonga juda katta tayyorgarlik koʻrilganiga guvoh boʻldim. Mehmondorchilik uchun minnatdorlik bildiraman, - deydi Shohrux Davlatov. - Oʻtkazilgan xalqaro yarim marafonda gʻolib boʻlganimdan juda xursandman. Bu kun hayotimdagi tarixiy kun boʻlib qoladi.

Xotin-qizlar orasida ham ushbu masofada mamlakatimiz vakillari tengsiz ekanliklarini isbotladi. Namanganlik Nurxon Muhiddinova marra chizigʻini birinchi bosib oʻtgan boʻlsa, Yekaterina Tunguskova ikkinchi, Tamila Kochkarova uchinchi boʻldi.

2 kilometr masofada marafon qatnashchilari soni koʻp boʻldi. Sportchilar bilan birga havaskorlar ham yugurishdi. Ushbu masofada marra chizigʻini fargʻonalik Xurshid Ahmadaliyev birinchi boʻlib bosib oʻtdi. Xotin-qizlar oʻrtasida Samarqand davlat universiteti talabasi Marjona Barotova birinchilikni qoʻlga kiritdi.

- Olti yildan buyon yengil atletika bilan shugʻullanaman, - deydi Marjona Barotova. - Koʻplab musobaqalarda gʻolib boʻlganman. Lekin bugungi gʻoliblikning zavqi boshqacha boʻldi. Chunki, marafonda taniqli sportchilar bilan birga turli sohalar vakillari, keksalar, havaskorlar ham faol ishtirok etishdi.

Darhaqiqat marafonda nafaqatnishchilari orasida nafaqat sportchilar, balki senatorlar, deputatlar, tadbirkorlar, keksalar va havaskorlar ham bor edi. Shu nuqtayi nazardan marafon faqat sport emas, balki bagʻrikenglik, saxovat va insoniylik targʻibotchisiga aylandi.

Marafonda namanganlik 70 yoshli onaxon ham ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi

- 1983-yilda ilk marta xalqaro marafonda ishtirok etib, gʻoliblikni egallagandim, - deydi Namangan davlat universiteti oʻqituvchisi Lyudmila Muzaffarova. - Oʻshandan keyin koʻplab xalqaro marafonlarda qatnashdim. Germaniyada oʻtkazilgan marafonda ishtirok etib, ularning sport normativlarini bajargan ilk xorijlik ayol sportchi sifatida eʼtirof etildim. 70 yoshda ekanim koʻpincha xayolimga ham kelmaydi. Shu yilning sentyabr oyida Moskvadagi marafonda ikkinchi oʻrinni egalladim. Samarqanddagi ushbu musobaqa ham xalqaro darajada tashkil etilibdi.

Marafon soʻngida gʻoliblar tashkilotchilarning pul mukofoti va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan boʻlsa, faol ishtirokchilar va marafonning 74 yoshli Gelman Qosimov singari eng keksa ishtirokchilari ham munosib ragʻbatlantirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?