“Samarkand half marathon” autizmga chalingan bolalar muammolarini bartaraf etishga yoʻnaltiriladi

10:48 17 Oktyabr 2020 Jamiyat
257 0

Samarqandda jurnalistlar uchun tashkil etilgan info-tur ikkinchi kuni “Samarkand half marathon” xalqaro xayriya yarim marafoniga bagʻishlangan matbuot anjumani bilan boshlandi. Anjumanda Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov marafon maqsadi haqida batafsil soʻz yuritdi.

— Xalqaro xayriya yarim marafonidan asosiy maqsad autizmga chalingan bolalar muammolarini yoritish va ularni bartaraf etishdan iborat, — deydi Aziz Abduhakimov. — 1-noyabr soat 9 dan 11 gacha professionallar uchun 21 km masofali marafon oʻtkaziladi. 11 dan soʻng esa koʻngilli ishtirokchilar 1 km dan 50 km gacha ixtiyoriy masofani bosib oʻtadilar. Samarqandda boʻlmagan ishtirokchilar uchun virtual marafon tashkil qilinadi. 

Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining ijrochi direktori Gayane Umerova, yarimmarafon elchisi Sevara Nazarxon va boshqa mutasaddi vakillar xalqaro marafon haqida, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Bunga koʻra, yuguruvchilar soni va masofasi marafon saytida jonli ravishda yoritib boriladi. Ishtirokchilar soni va bosib oʻtgan masofasi hududiy jihatdan Strava mobil ilovasi orqali aniqlab boriladi va eng koʻp masofani bosib oʻtgan hudud gʻolib deb topiladi.

Xalqaro marafonga bugungacha Rossiya Federatsiyasi, BAA, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa qirqqa yaqin xorijiy mamlakatlar qiziqish bildirgan.

Yulduz Oʻrmonova,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?