Mamlakatimizda Salomatlikni targʻib qilish kunlari boshlandi (Foto)

16:59 07 Sentyabr 2018 Jamiyat
230 0
Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Aholining tibbiy bilim va tafakkurini yuksaltirish, oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, har bir insonning oʻzi va yaqinlari salomatligi uchun masʼulligini oshirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Salomatlikni targʻib qilish kunlari” oʻtkazilmoqda.

Aytish joizki, “kasallikni davolashdan koʻra uning oldini olgan afzal”, degan tamoyil keyingi yillarda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Tashkil etilgan mazkur tadbir tibbiyot tizimida erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga keng targʻib etish barobarida, zamonaviy tibbiy imkoniyatlardan odamlarning bahramandligini oshirishda ham muhim qadam boʻlmoqda. Ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiya poytaxtimiz va viloyatlardagi madaniyat va istirohat bogʻlarida oʻtkazilmoqda. Yaʼni, madaniyat maskanlariga hordiq chiqarish va sayr qilish maqsadida tashrif buyurgan odamlar bogʻlarda tashkil etilgan tibbiyot pavilonlariga taklif etilib, tibbiy koʻrikka jalb etilyapti.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan “Xalq soʻzi online“ga maʼlum qilinishicha, tibbiy koʻriklarni oʻtkazish uchun poytaxtimizdagi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va viloyatlardagi yetakchi tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari olimlari, malakali shifokorlar jalb etilgani xalqimiz uchun yana bir qulaylikdir. Xususan, aholi xirurgiya, nevrologiya, urologiya, kardiologiya, travmatologiya, pediatriya, akusher-ginekologiya, oftalmologiya kabi sohalarda ishlayotgan olimlar va yetuk mutaxassislar koʻrigidan oʻtish imkoniga ega boʻlmoqda. Tibbiy koʻrikni xalqaro andozalar boʻyicha tashkil etish uchunpavilonlar UTT, EKG kabi zamonaviy apparatlar va laboratoriya tahlil vositalari bilan jihozlangani eʼtiborga molik.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Shuningdek, olimlar va malakali shifokorlardan tuzilgan koʻchma brigadalar chekka hududlarda istiqomat qiluvchi keksalar, nogironlar holidan xabar olib, ular xonadonlariga tashrif buyurmoqda. Tibbiy koʻriklar natijasida statsionar davolanishga muhtoj deb topilganlarni tegishli tartibda tuman, shahar, viloyat va respublika tibbiyot muassasalarida sogʻlomlashtirish rejalashtirilgan.

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?