Sayyoramizdagi bugungi vaziyat oxirgi o‘n yildagi eng notinchidir

14:40 07 Iyun 2018 Dunyo
468 0
Foto: Vision of humanity

London xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan 2017 yil bo‘yicha tinchliksevarlikning global indeksi e’lon qilindi.

Unda Markaziy Osiyo davlatlari ichida deyarli barcha mamlakatlar tinchliksevarlik bo‘yicha o‘rtacha baho olgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Qozog‘iston 70, O‘zbekiston 104, Qirg‘iziston 108, Tojikiston 114 va Turkmaniston 119-o‘rinlarni egalladi.

Bu borada Islandiya, Yangi Zelandiya va Avstriya yetakchilik qilgan bo‘lsa, Janubiy Sudan(161), Afg‘oniston(162) va Suriya(163) ro‘yxatning oxiridan joy oldi.

Ma’ruza mualliflarining aytishicha, sayyoramizdagi bugungi vaziyat oxirgi o‘n yildagi eng notinchidir, o‘tgan yilda zo‘ravonliklar keltirgan zarar 14,8 trillion AQSH dollarini tashkil etgan.

“Oxirgi o‘n yil davomida paydo bo‘lgan keskinlik, qarama-qarshiliklar va inqirozlar tinchliksevarlik darajasini uzluksiz tushib ketishiga olib kelayapti”, deyiladi unda.

2016-2017 yillarda 92 ta davlat reytingda pastlagan. 71 davlat esa yaxshilagan. Bu so‘nggi to‘rt yildagi eng yomon ko‘rsatkichdir.

Qayd etilishicha, zo‘ravonlik keltirib chiqarayotgan zarar global YAIMning 12,4 foiziga yetgan va Yer yuzasidagi har bir inson uchun bu 2 ming dollardan tushayapti. Bu raqam 2017 yilda mojarolar va ichki xavfsizlikni ta’minlashga ketgan mablag‘lar ko‘paygani uchun 2 foiz ortgan. Ichki xavfsizlik uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlar sifatida Xitoy, Rossiya va JAR ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, Germaniya, AQSH, Xitoy, Fransiya va Rossiya dunyodagi eng yirik qurol-yarog‘ eksportchilari sifatida qayd etilgan. Jahon bo‘yicha sotilayotgan qurol-yarog‘larning 75 foizi aynan shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelayotir.

Ma’lumot uchun, London xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti dunyodagi tinchlik bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish va uni iqtisodiy nuqtai-nazardan baholash bilan shug‘ullanib keladi. Tadqiqotlarda jahon va davlat ichidagi ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqiladi.

Markaz xodimlarining aytishicha, tahlillarda hukumatlar, ilmiy muassasalar, aql markazlari, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti, MDH kotibiyati, Jahon banki, BMT kabi nohukumat, hukumatlararo hamda xalqaro tashkilotlar ma’lumotlaridan foydalanib kelinadi. U dunyodagi eng samarali 15 ta tahlil markazlaridan biri hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?