Sayyor qabullarda joylardagi koʻp yillik muammolarga yechim topilmoqda

09:26 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
158 0

Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning karantin qoidalariga amal qilgan holda viloyatning barcha shahar va tumanlarida sayyor qabullari boʻlib oʻtmoqda.

Qabullarda bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etilyapti. Ayrimlari boʻyicha tegishli mutasaddilar tomonidan zarur tushuntirishlar berilmoqda. Hal etilishi vaqt talab qiladigan muammolar yuzasidan viloyat hokimi masʼul shaxslarga aniq koʻrsatma va zarur topshiriqlar beryapti. Albatta, har bir murojaat tegishli masʼullar ishtirokida oʻrganilib, uni hal etish choralari koʻrilmoqda.

Ahamiyatlisi, viloyat hokimining sayyor qabullari davomida joylardagi koʻp yillik muammolar bartaraf etilyapti.

Xususan, joriy yilning 12-sentyabr kuni viloyat hokimining Payariq tumanida oʻtkazgan sayyor qabulida “Juvozxona” mahallasida yashovchi Oyshirin Boʻriyeva mahalladagi 2 kilometr yoʻlni asfaltlash va toza ichimlik suvidagi muammolar boʻyicha murojaat qilgan edi.

Onaxonning murojaati viloyat va tuman rahbarlari tomonidan joyida oʻrganildi va amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Tuman hokimi Dilshod Musinovning nazorati ostida suv tarmogʻi tortish ishlari bajarilib, hozirda 2 kilometr tuproq yoʻlga shagʻal-tosh toʻkildi hamda asfaltlash ishlari amalga oshirilmoqda.

— Bu oʻzgarishlardan 40-50 yillik orzuim roʻyobga chiqdi, — deydi Oyshirin Boʻriyeva. - Xayrli ishlarda bosh boʻlib turgan barcha mutasaddi rahbarlarga, murojaatimni inobatga olgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga mahallamiz nomidan oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Viloyatning shahar va tumanlarida sayyor qabullar davom etmoqda. Demak, mavjud muammolarni hal etish borasidagi ishlar ham izchil davom ettiriladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?