Sayyor qabullar: navbatdagi manzil Buxoro viloyati boʻldi

10:47 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
208 0

Buxoro viloyatining Buxoro shahri, Vobkent, Romitan va Jondor tumanlarida tashkil qilingan sayyor qabullarda viloyatning barcha hududi qamrab olindi. Mazkur qabullar Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, shuningdek, 20 ga yaqin vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida oʻtkazildi.

Muloqotlar davomida ichki ishlar faoliyatiga oid, sud qarorlari yuzasidan va prokuratura organlariga eng koʻp murojaat kelib tushdi. Shuningdek, mazkur qabullar viloyatda bank tizimi, gaz va elektr taʼminoti, mehnat va bandlik, yoʻllarni taʼmirlash, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy taʼminot, sud qarorlari ijrosi va aliment, sogʻliqni saqlash, kadastr, maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi masalalarida ham yechimini kutib turgan koʻplab muammolar borligini ochiq-oydin koʻrsatib berdi.

Masʼullar oʻz sohasi boʻyicha murojaatlarni tinglash bilan birga olis qishloq va mahallalarga borib, aholi muammolarini oʻrgandi.

Bu jarayonda yoʻllar taʼmiri bilan bogʻliq qator masalalar ham joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida 1,8 km. yoʻlga asfalt qoplamasi yotqizildi, 6 km. loy-tuproq koʻchalar tosh yoʻlga aylantirildi.

Buxorolik Jamshid Rahimov qabulga koʻpning tashvishi – Chorbakr ziyoratgohiga boradigan avtomobil yoʻlini taʼmirlash masalasiga yechim izlab keldi. Murojaat joyiga chiqib oʻrganilgach, shu kunning oʻzida 1 km. yoʻl taʼmirlab berildi. Vobkent tumani «Rabotoxun» mahallasi aholisi ham changu loy yoʻllarda yurishdan qiynalib ketgan edi. Ayniqsa, yogʻin-sochinli kunlarda bu ikki karra azob boʻlar edi. Shu mahallada yashovchi Abdurahmon Fozilov muloqotlar davomida bu muammoni koʻtargach, masalaga yechim topildi. Bir kun ichida Rabotoxun mahallasining 1 km. yoʻliga qum-shagʻal toʻshab berildi. Jondor tumani “Xumdonak” mahalla fuqarolar yigʻini Qoʻshrabot qishlogʻidagi 3,5 ming aholi yozda ham, qishda ham yoʻl azobini tortardi. Ularning murojaati joyiga chiqib oʻrganilgach, shu kunning oʻzidayoq ishga kirishildi. Kunning birinchi yarmidayoq yoʻlning 0,5 km. qismi joriy taʼmirlandi.

Vobkent va Jondor tumanlaridagi qabullarda aholi vakillari masʼullardan ikki tumandan Toshkent shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri avtobus yoʻnalishlarini ochish masalasida amaliy yordam soʻradi. Bu murojaat Transport vazirligi bilan birga oʻrganilib, hal qilinadigan boʻldi.

Elektr tarmoqlaridagi muammolar oʻrganilgach, uch kun ichida 3 ta transformator yangilandi-taʼmirlandi, 8 ta obyektda elektr energiyasi kuchlanishi meʼyoriga keltirildi,bir qator hududlarda simyogʻochlar oʻrniga beton-tayanch ustunlar oʻrnatildi, zamonaviy elektr hisoblagichlar oʻrnatib berildi.

Buxoro shahri Somiy koʻchasidagi koʻp qavatli 6-uy aholisi esa ommaviy qabulga ichimlik suvi va tom masalasiga yechim soʻrab keldi. Sababi – bu uyning tomi taʼmirtalab, yuqori qavatlarga esa suv chiqmas edi. Murojaatdan soʻng bu muammoni zudlik bilan hal qilish choralari koʻrildi. Natijada qisqa vaqtda 6-uyning tom qismini taʼmirlash ishlari boshlandi. Oʻrganishlardan soʻng Somiy koʻchasidagi boshqa koʻp qavatli uylar yertoʻlasida ham suvni yuqori qavatlarga uzatib beruvchi elevatorlar oʻrnatish ishlariga kirishildi.

Buxoro shahrining Turdi Farogʻiy koʻchasidagi 6-, 7-uylar aholisining murojaatlari joyiga chiqib oʻrganilgach, uylar oldidagi taʼmirtalab yoʻlaklarni betonlashtirib berildi.

Oliy sud masʼullariga murojaatlardan soʻng 35 ta ish nazorat tartibida qayta koʻrib chiqiladigan boʻldi, 5 ta daʼvo arizasi qabul qilinib, nazoratga olindi.

Bosh prokuratura masʼullariga murojaatlar natijasida 7 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad qilish boʻyicha qaror bekor qilindi, 5 ta jinoyat ishi alohida nazoratga olindi.

Majburiy ijro byurosi vakillari 7 ta murojaat boʻyicha aliment qarzdorligini undirib berdi, mol-mulkni boʻlish boʻyicha sud qarorlari ijrosi taʼminlandi.

Ichki ishlar vazirligi masʼullariga murojaatlardan soʻng 4 ta holatda tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilishi belgilandi, 3 nafar fuqaro ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilindi, 2 murojaatchi vaqtincha roʻyxatga qoʻyildi, 1 nafar sobiq ichki ishlar xodimi ishga qayta tiklandi. Shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan 6 nafar shaxsga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti topshirildi, 11 nafar fuqaroning pasporti yangilab berildi.

Markaziy bank masʼullariga murojaatlardan keyin tadbirkorlik subyektlariga 261,6 mln. soʻm kredit ajratildi; qator murojaatchilarning kredit muddatlari uzaytirib berildi.

Kadastr masalasi boʻyicha murojaatlar asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj 9 nafar fuqaroning kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi, 3 ta holatda tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun yer uchastkalari auksionga chiqarildi.

Muloqotlar mobaynida koʻplab ijtimoiy masalalarga ham yechim topildi. Deylik, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa masʼul tashkilotlarga murojaatlardan keyin uy-joysiz qiynalib yurgan 4 ta oila oilaviy yotoqxonadan turar-joy bilan taʼminlandi, 25 nafar insonga moddiy yordam va oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosariga murojaatlar asosida ogʻir ahvoldagi 8 nafar bemorga davolanish va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun yoʻllanmalar ajratildi, 30 nafardan ziyod ehtiyojmand insonlar nogironlik aravachasi, protez-ortopediya vositalari, dori-darmonlar bilan taʼminlandi.

Ish masalasida murojaat qilgan 39 nafar fuqaro doimiy ish joyiga ega boʻldi, 3 ta holatda oylik ish haqlari undirib berildi.

Maktabgacha taʼlim vazirligi masʼullari 450 oʻrinli 18 ta oilaviy, davlat xususiy sherikchilik asosida 200 oʻrinli 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil qilish boʻyicha kelishuvlarni imzoladi. Bu bilan 66 nafar xotin-qizning bandligini taʼminlashga erishiladi.

Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilariga murojaatlar asosida esa 12 nafar fuqaro xalq taʼlimi tizimiga ishga qabul qilindi, qator maktablardagi internetga ulanish, toʻgarak tashkil qilish kabi muammolar hal qilib berildi.

Qisqa aytganda, Buxoro shahri, Vobkent, Romitan va Jondor tumanlaridagi ommaviy qabullarda 1 ming 554 ta murojaat asosida 1 ming 584 ta masala koʻrib chiqildi. Ularning 847 tasiga joyida yechim topilib, hal qilindi.132 ta murojaat egalariga tushuntirish berildi, 605 ta murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

Vazirlik va idoralar, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot va korxonalar masʼullariga nazoratga olingan har bir murojaat qonun doirasida atroflicha oʻrganilib, amalda hal qilinishi yuzasidan qatʼiy topshiriq berildi va shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?