Sayyor qabulga murojaat qilgan tadbirkorning bankda “osilib” yotgan ishi bitdi

19:13 26 Mart 2019 Jamiyat
526 0

Foto: Romon Atajonov.

Xorazm viloyati toʻrtinchi sektori — viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan Urganch shahrida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.

Shahardagi toʻqqizta mahalla fuqarolar yigʻini ushbu sektor hududida boʻlib, hududda 37 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashgan mazkur tadbirda murojaatlar, asosan, uy-joy, moddiy yordam koʻrsatish, ishga joylashish, sogʻliqni saqlash, nafaqa tayinlash, ichki yoʻllarni taʼmirlash, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, kredit olish masalalariga oid boʻldi. Ularning aksariyatiga shu yerning oʻzida yechim topildi.

Masalan, “Hamjihatlik” mahallasida yashovchi A. Habibov Pahlavon Mahmud koʻchasini tungi yoritqichlar bilan taʼminlanishi, “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi D. Otayeva Oybek koʻchasida joylashgan eski gʻisht zavodi oʻrnini obodonlashtirish, Binokor mahallasida istiqomat qiluvchi S. Saparova ichimlik suvi bosimi pastligi, Xorazmiy mahallasidan D. Matkarimova nogironlik pensiyasiga chiqish, Koʻhna qalʼa mahallasidan A. Yoqubov tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun bino qurishga yer maydoni ajratilishini soʻrab murojaat qildilar.

— Ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 200 million soʻm kredit olish uchun hujjat tayyorlab, bankka topshirgan boʻlsak-da, bizga hali-hamon kredit ajratilmayapti, — deya murojaat qildi Kamolot mahallasi fuqarosi P. Sobirov. — Shuningdek, ikkilamchi qogʻozni qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilgan boʻlishiga qaramasdan, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli idoralar tomonidan ruxsat berilmagan. Bugungi sayyor qabulga ana shu muammolarga yechim topishlarini soʻrab keldim.

Tadbirkorning murojaati tegishli idoralar vakillari ishtirokida oʻrganilib, masala ijobiy hal etildi.

Sayyor qabulda shu kabi koʻplab murojaatlar koʻrib chiqilib, aksariyati joyida hal qilindi. Yechimi maʼlum vaqt talab etadigan murojaatlar boʻyicha tegishli tashkilotlarga aniq koʻrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Odilbek Odamboyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?