Sayyor qabul: murojaatlarga ijobiy yechim topish mexanizmi

11:53 16 Iyul 2019 Jamiyat
177 0

Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.

Zero, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Shu maʼnoda, Navoiy viloyati hokimi K.Tursunov Xatirchi tumani markazidagi istirohat bogʻida fuqarolar bilan navbatdagi sayyor qabulini oʻtkazdi.

Tadbirda viloyat Xalq qabulxonasi rahbari, sektor rahbarlari, viloyat korxona, tashkilot, muassasa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi. Sayyor qabulda aholining murojaatlari atroflicha oʻrganib chiqildi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, joriy yilning birinchi yarim yilligida fuqarolardan tushgan murojaatlarning qariyb 40 foizi joyida hal etilmoqda. Shu sababli Xatirchi tumani aholisidan tashqari, qoʻshni hududlardan ham fuqarolar oʻz muammolariga javob topish uchun sayyor qabulga kelishdi.

Bugungi kunda xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi. Bu galgi sayyor qabulda 37 nafar fuqaro tomonidan 51 ta masalani oʻrtaga tashlandi. Ushbu murojaatlardan 17 tasi joyida hal etildi. 14 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi. 20 tasi masalani hal etish uchun oʻrganish jarayonida.

– Bugungi sayyor qabul juda yaxshi tashkil etilibdi. Odamlar oʻz muammosini rahbariyatga yetkazishdan tashqari, davlat xizmatlari markazining mobil avtobusida masalalarini yechishmoqda. Men ham oʻz murojaatim asosida shu yerning oʻzida tashkil etilgan mehnat yarmarkasi orqali ishga joylashdim. Samarqand tibbiyot institutining magistratura yoʻnalishini yaqinda tugatib diplom olgandim, endilikda tuman tibbiyot birlashmasida oʻz mutaxassisligim boʻyicha faoliyatimni boshlayman, – deydi xatirchilik Sanjar Rahimov.

– Oʻtgan sayyor qabulda viloyat hokimiga murojaat qilib, bank krediti olishda qiynalayotganimni bildirgan edim. Shundan soʻng mening masalam bank mutasaddilari tomonidan hal etildi. Men ajratilgan 8 foizlik kredit mablagʻlariga tikuv mashinkalari sotib oldim. Natijada ikki kelinimning ham bandligi taʼminlandi. Bugun viloyat hokimiga oʻz minnatdorchiligimni bildirishga keldim, – deydi Xatirchi tumani “Navbahor” mahallasida istiqomat qilayotgan fuqaro Adolat Holiqova.

Xatirchi tumani aholisining koʻpligi, hududning oʻziga xosligi, sugʻoriladigan, lalmi, dasht va togʻlik joylardan iborat ekanligi bilan viloyatda boshqa tumanlardan ajralib turadi. Shu sababli aholi murojaatlarining qamrovi, mazmuni va xususiyati ancha farqlanadi. Endilikda shaxsiy muammolardan koʻra, jamoaviy, ijtimoiy hamda tadbirkorlik bilan bogʻliq murojaatlar soni ortib bormoqda. Bu, avvalo, shundan dalolat beradiki, odamlarimizning ruhiyati hamda dunyoqarashi, hayotga, oʻz mehnatining natijasiga munosabati oʻzgarayotganidan dalolatdir.

– Bizning qishlogʻimizda sobiq ittifoq davridan qolgan transformator shu paytgacha ishlatib kelinardi. Yil sayin aholi soni koʻpayib bormoqda, kuchlanish ham ortayapti. Shu sababli yaqinda transformator butunlay ishdan chiqdi. Yoʻllarimiz ham taʼmirlanmagan edi. Bugungi qabuldan soʻng shu ikki masalamiz ham ijobiy yechiladigan boʻldi. Viloyat hokimi mutasaddi rahbarlarga uch kun muddat ichida vaziyatni oʻrganib, masalani hal etish boʻyicha koʻrsatma berdilar. Biz bundan juda minnatdormiz, – deydi Xatirchi tumani “Olmazor” mahallasida yashovchi fuqaro Normamat Botirov.

Shu kuni Davlat xizmatlari agentligining mobil avtobusi aholiga oʻz xizmatlarini koʻrsatdi. Shu joyning oʻzida mehnat yarmarkasi, kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi. Banklar oʻz xizmat turlarini aholiga taqdimot qilishdi.

Zero, xalq bilan muloqot, ularning dardu tashvishi bilan yashash eng asosiy maqsad boʻlib, uning roʻyobi yurtimiz ravnaqiga, uning yanada gullab-yashnashiga, fuqarolarning tinch, osuda, farovon hayot kechirishlarini taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?