Sayyor qabul: murojaatlar yechimi birgalikda izlandi

16:27 19 Aprel 2019 Jamiyat
521 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari A.Usmonov Termiz shahridagi “Yoshlar markazi” binosida sayyor qabul oʻtkazib, aholi bilan uchrashdi.

Unda tegishli vazirlik mutasaddilari, Surxondaryo viloyat va Termiz shahar hokimligi, tashkilot, korxonalar hamda taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan qabulda 243 nafar fuqaroning 270 ga yaqin murojaati tinglanib, ularga ijobiy yechim topish boʻyicha tegishli vazirlik, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi. Mazkur murojaatlarning aksariyati uy-joy, moddiy yordam, ishga joylashish, sogʻliqni saqlash kabi masalalarga oid boʻlib, koʻpchiligi joyida yechimini topdi.

Masalan, Termiz shahridagi Navroʻz mahallasida yashovchi Mayram Jumayeva moddiy imkoniyati yetmayotgani sababli koʻp yillardan buyon sogʻligini tiklay olmayotgani va Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalaridan birida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga ehtiyoj sezayotganini maʼlum qildi. Bu masala Termiz shahar hokimligi tomonidan joyida hal etildi. Fuqaroning davolanishi uchun 5 000 000 soʻm mablagʻ ajratildi.

Toʻproqqoʻrgʻon mahallasida yashaydigan Zuhra Raimova ishga joylashish masalasida yordam soʻrab, murojaat etdi. Bu masala ham joyida hal etilib, fuqaro Surxondaryo viloyat “Elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga ishga qabul qilindi.

Mamlakatimizda inson manfaatlari va qadr-qimmati ulugʻlanayotgan hozirgi paytda kam taʼminlangan, koʻmakka muhtoj va boquvchisini yoʻqotgan, chin yetimlarga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada ular duch kelayotgan moddiy-maʼnaviy muammolarni oʻz vaqtida hal etish va hayotdan rozi boʻlib yashashiga koʻmaklashish muhim vazifa sifatida belgilab olingan. Shunga asosan sayyor qabul chogʻida yordam soʻrab murojaat etgan 11 nafar chin yetim talabalarning oʻqishi uchun zarur boʻlgan 49 048 452 soʻm kontrakt mablagʻlari shahar hokimi tomonidan oʻtkazib berildi.

Qumqoʻrgʻon tumanidagi Xoʻjamulki mahallasida tugʻilgan Goʻzal Xolmirzayeva Termiz davlat universitetining pedagogika fakultetida taʼlim olmoqda. Taqdir taqozosi bilan u chin yetim boʻlib qolgan. Biroq, oʻqishni tugatgach, oʻz mahallasidagi umumtaʼlim maktabida yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruxida chuqur bilimli etib tarbiyalashni maqsad qilib olgan.

—Boshlangʻich taʼlim va sport-tarbiyaviy ish yoʻnalishi boʻyicha ikkinchi kursda kontrakt asosida oʻqiyman,—deydi G.Xolmirzayeva.— Moddiy imkoniyatimiz yetmagani uchun ikki yarim yillikning kontrakt pulini oʻz vaqtida toʻlay olmadim. Bugun mazkur masalada koʻmak soʻragan edim, muammo joyida yechimini topdi. Shahar hokimi tomonidan oʻqishim uchun 4 562 000 ming soʻm pul toʻlab berildi. Bunday gʻamxoʻrlikdan boshim osmonga yetgandek boʻldi.

Termiz shahridagi Bogʻishamol mahallasida yashaydigan Shahzod Ashurov Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida texnologik mashinalar va jihozlar yoʻnalishi boʻyicha ikkinchi kursda taʼlim olmoqda. U ham yillik kontrakt pulining ikkinchi yarmini toʻlash muammo boʻlib turgan edi.

—Murojaatim asosida menga koʻrsatilgan gʻamxoʻrlikdan suyunib, ota-onam mehrini, yolgʻiz emasligimni chuqur his etdim,—deydi Sh.Ashurov.— Farzandlariga mehribon, saxovatli yurtda yashab, oʻqiyotganimdan faxrlandim.

4 562 000ming soʻm kontrakt pulim talim muassasamizga oʻtkazib berildi. Albatta, oʻqishni muvaffaqiyatli tugatgach, Vatanimga sodiq mutaxassis boʻlib, yurtimizni rivojlantirishga oʻz hissamni qoʻshaman. Koʻrsatilayotgan bu eʼtiborlarni kelajakda halol mehnatim bilan oqlashga intilaman. Buning uchun esa yanada aʼlo baholarga oʻqib, tinmay izlanaman.

Sayyor qabul jarayonida tinglangan murojaatlarning 103 tasi joyida oʻz yechimini topdi. Muddat talab etadigan murojaatlarni hal etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.

Viloyat tumanlarida ham xuddi shunday sayyor qabullar yuqori saviyada oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?