Sayyor qabul: xoʻjaobodlik ayol sud idorasi xodimlaridan nega norozi boʻldi?

23:09 01 Aprel 2019 Jamiyat
572 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Shu kunlarda joylarda toʻrtta sektor rahbarlari, MIB, sud, va soliq idoralari rahbarlarining fuqarolar murojaatlarini qoniqtirish yuzasidan sayyor qabullari boʻlib oʻtmoqda. Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi vakillari hamda viloyatdagi mavjud sud raislarining sayyor qabuli boʻlib oʻtdi.

Murojaat qiluvchilardan biri Buloqboshi tumanining Shirmonbuloq qishlogʻida yashovchi Azizbek Bektoshev oliy maʼlumotli. 2012 yildan 2016 yilga qadar bojxona sohasida faoliyat yuritgan. Soʻnggi ikki yillik xizmat faoliyatini Namangan viloyati bojxona tizimida oʻtagan.

— Hech bir sababsiz ishdan boʻshatilganman, — deydi Azizbek Bektoshev. — Ish topilar ekan, ammo adolatsizlik kishini yengib qoʻyar ekan. Menga nisbatan qoʻllanilgan nohaqlikka yechim izlab keldim.

Xoʻjaobod tumanining Orday qishlogʻida istiqomat qiluvchi Hurmatoy Nasirdinovaning yolgʻiz oʻgʻli avtomashina hodisasida halok boʻlgan.

— Ushbu voqea bilan bogʻliq harakatlar Fargʻona viloyatining jinoyat ishlari boʻyicha Vodil tuman sudida koʻrib chiqildi. Biroq jabrlanuvchi sifatida oilamizdan hech kim taklif etilmadi. Mutasaddilarga uchrashsam, menga qoʻpol muomalada boʻlishdi va mensiz ham sud muhokama qilishi mumkinligini aytishdi. Dodimni eshitadigan hech kim yoʻq. Oʻgʻlimni qaytarib boʻlmaydi. Mashina haydovchisini ham ayblamayman. U ham halokat sodir etay, deb yoʻlga chiqmaydi, axir. Biroq sud mahkamasi xodimlarining hurmatsizlarcha munosabatiga barham berish kerak. Meni adolatsizlik qiynayapti.

Shu kuni 50 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi va ularning aksariyati oʻz oʻrnida qanoatlantirildi. Murojaatlar tahlili natijasida sud idoralari xodimlari oʻrtasida kasbiy tarbiyaviy ishlarni shakllantirish, fuqarolar murojaatlariga boʻlgan masʼuliyat hissini oshirish, sohada korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik kabi masalalarda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar mavjudligi oydinlashdi.

Sud raislarining joylardagi sayyor qabullari davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?