Sayyor qabul: Yechimi yoʻq muammo boʻlmaydi

17:08 20 Avgust 2019 Jamiyat
127 0

Sergeli tumanida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari N.Tursunovning navbatdagi sayyor qabuli oʻtkazildi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabar berdi.

Eʼtiborlisi, bu galgi xalq bilan muloqot oldingilaridan farqli tarzda, yaʼni hududdagi “Shukrona” mahallasida oʻtkazildi. Sayyor qabuldan soʻng uyma-uy yurib aholi muammolari oʻrganildi.

– Har bir muammoning albatta, yechimi bor. Buning uchun mutasaddilar xalqning oldiga rahbar sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida kelib, ularning muammolarini, dardlarini eshitishi lozim, deya soʻz boshladi sektor rahbari. – Bugun Sergeli tumani ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Yangidan-yangi uylar qurilib, uzoq yillardan beri uy-joyga muhtoj fuqarolar boshpanali boʻlmoqda. Bundan tashqari, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga eltuvchi yoʻllar taʼmirlanmoqda.

Sayyor qabul davomida 50 dan ziyod murojaatchining masala va muammolari tinglanib, 18 ta murojaat joyida hal etildi.

Xususan, “Qoʻshqoʻrgʻon” mahallasi 5-tor koʻchasi 14-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nigora Mahamatova mahallada lotok va ariqlar yoʻqligi sabab, yogʻingarchilik kunlarda xonadonlar atrofi suvga toʻlib ketishini bildirdi. Mazkur murojaat boʻyicha masʼul idoralarga topshiriq berilib, ushbu masalani 15 kun muddatda ijobiy hal etilishi belgilandi.

Sektor rahbari sayyor qabulga kela olmagan nogironligi bor fuqarolarning xonadonlarida boʻlib, ularning holidan xabar oldi. Muammolarini tingladi.

Jumladan, “Shukrona” mahallasi 6-uy, 40-xonadonda yashovchi fuqaro Mariya Kirsanova yolgʻiz yashaydi. Boz ustiga koʻzlari yaxshi koʻrmaydi. Jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun esa yolgʻiz ayolning moddiy imkoni yoʻq. Sektor rahbari tomonidan shu kunning oʻzida M.Kirsanovani jarrohlik amaliyotiga tayyorlash uchun mutasaddi rahbarlarga koʻrsatma berildi. Unga moddiy yordam berilib, nogironlar aravachasi topshirildi. Shuningdek, xonadonidagi issiq va sovuq suv hisoblagichlari yangisiga almashtirildi. Shu kuni mutasaddilar jalb etilgan holda koʻp qavatli uyning lifti taʼmirlab berildi.

Hududdagi 6-uy, 3-xonadonda yashovchi yana bir fuqaro Muhabbat Komiljonovaning 2 nafar farzandi nogiron. Oʻzi esa, bir necha yildan buyon buyrak va jigar xastaligidan aziyat chekadi. Davolanish uchun yoʻllanma berishlarini soʻrab qilingan murojaatlar besamar ketgan. Yoʻllanmani 3 yil kutish kerakligini eshitgan opaning dardi yana bittaga koʻpaydi.

M.Komiljonova sayyor qabul davomida sektor rahbaridan 10 kun muddatga Yunusobod tumanidagi “Chinobod” sanatoriysiga yoʻllanma berilishini eshitgach, quvonchdan koʻzlari namlandi.

Sektor rahbari sayyor qabul jarayonida taʼmirlash ishlari olib borilayotgan tumandagi 277-sonli maktab hamda 12-sonli oilaviy poliklinikada ham boʻldi. U yerdagi muammolar oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?