Sayyohlarni qanday muammolar qiynayapti?!

15:11 17 Sentyabr 2019 Welcome to uzbekistan
476 0

Maqolani tayyorlash chogʻimda sayyohlik agentliklari bilan bogʻlanib, turistlarni qiynayotgan muammolarni bilmoqchi boʻldim. Bir nechta sayyohlik agentliklari bilan bogʻlandim. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, har yili 1,5 mln.ga yaqin xorijlik mehmon mamlakatimizga tashrif buyuradi va ularning oʻrtacha 500 mingdan oshigʻi aynan turizm maqsadida safar qilgan. Aynan ushbu sayyohlar tufayli turizm salohiyati rivojlanadi va yurtimizga berilajak bahoni aynan shu kishilar belgilaydi.

– Sayohatga ayolim bilan chiqdim, – deydi ispaniyalik sayyoh Ortiz Netali. – Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarda boʻldik. Odamlari juda mehmondoʻst va ovqatlari shirin. Ammo bozorlardagi tartibsizliklar, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining yerda yoyib sotilishi dilimni xira qildi. Hujjat toʻldirishda, mehmonxona tanlashda, shaharlararo yoʻllarda juda qiynaldim. Aeroportdan tushganimda mehmonxonagacha taksida 50 dollarga borganman, aslida taksi narxi ancha arzonligini kech bildim. Ammo shuni alohida aytishim kerakki Markaziy Osiyo davlatlari ichida Oʻzbekiston tabiati, tarixiy shaharlari, mehmondoʻstligi bilan ajralib turadi.

Sayyohlik agentliklari va chet ellik sayyohlar bilan suhbatlashib, yurtimizda turizmni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni oʻrganib, ularga kuzatuvchi sifatida yechim berishga harakat qildim.

Birinchidan, juda koʻp va xoʻp aytilgan muammolardan biri bu aviachiptalarning qimmatligi. Chet ellik sayyohlarning mamlakatimizga asosiy tashrifi aviareys orqalidir. Oxirgi paytlar bu sohada yangi qarorlar, chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ayniqsa, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yoʻlovchilar uchun imkoniyatlar yaratilganidan xabarimiz bor, eng yutuqli tarafi bu pasport nazoratidan oʻtishning qisqarganligidir. Biroq narxlar hali-hamon tosh qotib turibdi. Aviachipta narxlarini optimallashtirish va aviakompaniyalar sonini koʻpaytirish, sohada sogʻlom raqobatni shakllantirish vaqti keldi.

Ikkinchidan, mehmonxonalarda xizmat koʻrsatish sifatining yuqori emasligi. Sayyohlar odatda sayohat qilmoqchi boʻlgan yurting shart-sharoitlari bilan obdon tanishib chiqishadi. Aksariyat sayyohlar bu boʻyicha maʼlumotlarni mehmonxona saytlaridan olishadi. Mehmonxonalarning servisi, turistlar uchun chegirmalar mavjudligi, imkoniyatlariga qarab mehmonxona tanlashadi. Mehmonxonalarimizda xizmat koʻrsatish sifati quvonarli darajada emasligini yaxshi bilamiz. Xususiy uylar negizida tashkil qilingan kichik otel va xostellarda xizmat koʻrsatish sifati sayyohlarni toʻliq qoniqtiryapti deb aytolmaymiz. Ayniqsa, mehmonxonalarda taksi xizmatining yoʻqligi sabab, yurtimizga kelgan sayyohlar aeroportdan, yaʼni ostonadan turib katta muammolarga duch kelmoqda. Bunga haydovchi akaning hindistonlik sayyohlarni kun boʻyi shahar aylantirib yurgani uchun 1500 dollar (bir yarim ming dollar) qoʻldan sanab olganligini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Bunday muammolarga yechim sifatida, kadrlar tanqisligining oldini olish, mehmonxonalarda taksi va gid xizmatini yoʻlga qoʻyish, mehmonxona rasmiy saytlari orqali Oʻzbekistonning turistik imijini shakllantirish, yurtimizga ikkinchi va undan koʻp marotaba kelayotgan sayyohlar uchun chegirmalar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Uchinchidan, yurtimizda tarixiy maskanlar juda koʻp. Har bir viloyatda sayyohlarni oʻziga jalb qiladigan turistik markazlar tashkil qilsa boʻladi. Masalan, Namangan gullar shahri, yiliga bir marotaba oʻtkaziladigan gullar festivali kam. Balki gullardan iborat katta maketlar yasash mumkin. Yoki Surxondaryoning qaddi baland togʻlari bagʻridagi yulduzli “open hotel” yoki Imom Termiziy nomidagi muzeyni koʻrishni xohlamaydigan odam boʻlmasa kerak, ularni qiziqtira bilish kerak, xolos.

Toʻrtinchidan, maʼrifiy turizmni rivojlantirish lozim. Chet ellik sayyohlar yurtimizga faqat tarixiy shaharlarimiz-u, osh-ovqatlarimiz uchun kelishadi desak, adashamiz.Bundoq oʻylab koʻrsak, sayyohlarning yurtimizga kelishi uchun juda koʻp sabablari bor. Axir bu yurt Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Al-Xorazmiy, Imom al Buxoriy kabi buyuk ajdodlarga vatan boʻlgan diyordir. Eshitishimcha, Shotlandiyada Sherlok Xolmsning yashagan uyi bor ekan. Oʻylab koʻring, Sherlok Xolms yoʻq odam, u adabiy asar qahramoni ammo turistlar dunyoning qancha burchagidan uning oʻqigan kitoblarini, foydalangan koʻz oynagi va kiygan kostyumlarini koʻrish uchun tashrif buyuradi. Bizda-chi, afsonaga aylangan, haqiqat hayotda yashab oʻtgan buyuk zotlar bor. Qolaversa kim ham Farhod va Shirinning, Layli va Majnunning, Tohir va Zuhraning, Otabek va Kumushning yashab oʻtgan joylari yoki ularni hayotda koʻrishni xohlamaydi.

Beshinchidan, ovqatlanish shoxobchalaridagi muammolar. Bu muammo tashqi turizm uyoqda tursin hattoki ichki turizmni rivojlantirishga ham toʻsiq boʻlmoqda. Oʻzbek palovini eshitgan, uni taʼmini totib koʻrishni istaydigan, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan milliy toamimizni koʻrinishini bilish uchun internet qidiruv tizimlariga terib koʻrgan sayyohlar koʻp. Ovqatlanish shoxobchalaridagi sharoitlar bilan maqtana olamizmi?! Arzon, ammo sifatiga oʻylabroq qoladigan, qimmat lekin bergan pulingizga arzimaydigan joylar koʻp. Bu turistlar boradigan joy boʻlsa bormi, iloji boʻlsa turistlarning choʻntagidagi oxirgi chaqasigacha “sugʻurib” olsa. Eng qizigʻi baʼzi joylarda ovqat yeysan-u, ammo hojatxonasigacha pulli qilib qoʻyishadi. Bu ham aslida xizmat koʻrsatishning bir turi. Hamma joylarda ham jamoat hojatxonalari mavjud emas. Yurtimizga kelayotgan sayyohlarning hammasi milliarder emasligini hisobga olsak, yaxshi boʻlardi. Yakka tartibda oʻzi sayohat qiladigan sayyohlar uchun ovqatlanish shoxobchasida ovqatlanish menyusini iloji boricha uch tilda koʻrsatgani maqsadga muvofiq.

Oltinchidan, milliy turizm imijini yaratish. Sohada juda katta oʻzgarishlar kutilyapti. Aksariyat sayyohlar boradigan davlati haqida maʼlumotlarni qidiruv tizimlari orqali olishadi. Masalan, Euronews davlatimiz haqida rolik qilganida juda xursand boʻldik va bajonidil yordam berdik. Biz haqimizdagi chet ellik sayyohlarning qarashini aynan “.ru”, “.org” domenlardagi saytlar hal qilyapti. Chet ellik sayyohlarni jalb qilish boʻyicha roliklar tayyorlandi. Ammo bu axborotlar jahon media bozorida qanchalik xaridorgir?! Axir oʻzimiz ham sotuvchi maqtaganini emas, xaridor maqtagan narsani olishga qiziqamiz. Har kuni soniya ichida minglab “Oʻzbekiston” tegi bilan internetta maʼlumot qidiriladi, bu bizga boʻlgan qiziqishning ortishidan darak beradi. Shuning uchun doimiy tarzda chet tillarida roliklar, koʻrsatuvlar, maqolalar yozilishi va uni milliy “.uz” domenida jahon mediabozoriga olib chiqishni yoʻlga qoʻyish kerak.

– Ish faoliyatim orqali juda koʻp davlatlarda boʻldim, – deydi jurnalist Beruniy Alimov. – Bir narsani faxr bilan aytishim mumkin: oʻzbek xalqidek mehmondoʻst millat koʻrmadim. Bugungi kunda turizm salohiyatini oshirish uchun koʻp ishlar qilinmoqda. Lekin sohada oqsashlar bor. Chunki sayyohlarning “pulini shilishni” emas, balki ularda mamlakatimiz haqida ijobiy taassurot qoldirish asosiy vazifamiz boʻlishi kerak. Ayniqsa, sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan gidlarning xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashimiz shart. Masalan, yaponiyalik hamkasblarim Xivada boʻlishdi. Kichik ikkita guruh boʻlishdi va ularga alohida gidlar xizmat koʻrsatdi. Kalta Minor qurilishi tarixi haqida ikkita guruhga ham ikki xil maʼlumot berilgan. Masalan, birinchi guruhda urush tufayli toʻxtatilgan degan boʻlsa, ikkinchi guruhda minor quruvchisi shohning zolimligi tufayli qanot yasab uchib ketgan deyishgan. Vaholonki, hamkasblarim eshitgan narsalarini bir-biriga aytganlarida ikki xil maʼlumot chiqib keldi. Gidlarni roʻyxatga olish tartibini ham koʻrib chiqish kerak. Chunki ayrim sayyohlarga mahalliy fuqarolarning oʻzlari gid boʻlmoqda.

Bu muammolar faqatgina kuzatuvchi sifatida oʻrganganlarim. Axir vatanparvarlik hissi balandparvoz gap-soʻzlarda emas, balki yon atrofimizda, mamlakatimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarga oʻzimizning faol fuqarolik pozitsiyamizni bildirishdan boshlanadi. Xulosa oʻzingizdan...

Qaxramon Shermatov

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya
qilish jamiyatlari Federatsiyasi bosh mutaxassisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?