Sayyohlar uchun tezkor yordam loyihasi ishlab chiqildi

16:46 13 Fevral 2019 Jamiyat
211 0

Yurtimizda xorijdan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Yaʼni ularga tezkor yordam koʻrsatish boʻyicha loyiha hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada kutilmagan vaziyatga tushib qolgan mehmonlar kunning istalgan paytida turli xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Buning “Gross Insurance” sugʻurta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan mobil ilovani yuklab olish kifoya.

Poytaxtimizda mazkur mobil ilovaning taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qayd etilishicha, u sugʻurta bozorimizdagi dastlabki ilova hisoblanadi.

Shu yilning 1 martidan ishga tushiriladagan ilovaning qulay tomonlari koʻp. U oʻzbek, rus va ingliz tillarida boʻlib, sayyoh favqullodda holatlarda SOS tugmasi orqali kompaniyaning qoʻllab-quvvatlash markazi bilan tezkor bogʻlana oladi. Shundan soʻng kompaniya operatorlari zudlik bilan mijoz joylashgan hududni aniqlab, telefon yoki ommabop messenjerlar orqali aloqaga chiqishadi va tezkor yordam koʻrsatish ishlari tashkil etiladi. Oʻz navbatida, sayyoh turgan joy hamda baxtsiz hodisa haqidagi maʼlumot tegishli elchixonaga joʻnatiladi.

Kompaniya vakillarining aytishicha, ehtiyoj sezilganda, tez tibbiy yordam, militsiya, yongʻin xavfsizligi, qutqaruv xizmatlari koʻmagidan ham foydalaniladi. Buning uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Ilovani yuklab olish bepul ekanligi, tezkor yordam esa tekin koʻrsatilishi koʻpchilikka manzur boʻldi.

Tadbirda sayyohlik firma va kompaniyalari vakillarini qiziqtirgan masalalar, ayniqsa, sayyohlarni sugʻurtalash, bu xizmat koʻlamini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Nodirbek IBODULLAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?