Saylovchi oʻz deputati faoliyatini kuzatib boradi va baholaydi

10:34 21 Noyabr 2020 Siyosat
135 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan “Elektron parlament” axborot tizimining roli va ahamiyatiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, Devoni xodimlari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida qoʻmita raisi Ilhom Abdullayev parlament faoliyatining ochiqligini taʼminlash, deputatlar korpusi ishining samaradorligini oshirish, qabul qilingan qonunlarni ijrochilarga yetkazish va xalq bilan muloqotni tashkil etishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishda “Elektron parlament” axborot tizimining roli muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Shundan soʻng Yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ Bosh direktori Emil Gimranov “Elektron parlament” axborot tizimi doirasida ishlab chiqilgan oliymajlis.gov.uz, deputat.gov.uz hamda qonun.gov.uz tizimlarining huquqiy asoslari, ularda qoʻyilgan talablar va boshqa tashkiliy masalalar toʻgʻrisida maʼruza bilan chiqish qildi.

Qonunchilik palatasi Devonining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xodimlari tadbir ishtirokchilariga ishlab chiqilgan tizimlarning imkoniyatlari hamda ulardan samarali foydalanish boʻyicha tushuntirishlar berib oʻtishdi.

Taʼkidlanganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron hujjat aylanish tizimi internet tarmogʻida oliymajlis.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi hamda tizim maʼmurlar tomonidan oldindan biriktirilgan rollar asosida oʻz shaxsiy kabinetlariga kiradilar.

Shaxsiy kabinet imkoniyatlari foydalanuvchiga biriktirilgan rollarga bogʻliq boʻlib, bir foydalanuvchi bir paytning oʻzida bir nechta rollarga ega boʻlishi mumkin.

Elektron hujjat aylanish tizimi “Elektron parlament” ning asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, barcha amaliy jarayonlar aynan shu tizimda amalga oshiriladi va barcha maʼlumotlar unda saqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi deputatlar portali internet tarmogʻida deputat.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi. Portal asosan aholi uchun moʻljallangan boʻlib, u orqali portal saylovchiga uning Qonunchilik palatasidagi deputatini (saylovchining doimiy yashash manzili asosida) aniqlab beradi.

Saylovchi bevosita oʻz deputatiga murojaat yuborishi, onlayn chat orqali suhbatlashishi, shuningdek, deputat ayni paytda qaysi qonun loyihasi bilan band ekanligi, faoliyati bilan bogʻliq statistik maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.

Foydalanuvchi tomonidan yuborilgan murojaat va soʻrov avtomatik tarzda Qonunchilik palatasi elektron hujjat aylanish tizimidagi deputatning shaxsiy kabinetiga kelib tushadi. Deputatning murojaat va soʻrovga javobi, murojaat asosidagi deputatlik soʻrovi saylovchi kabinetiga avtomatik tarzda yoʻnaltiriladi.

Saylovchi deputatning javobini baholash imkoniyatiga ega boʻladi, yaʼni 5 ballik mezonda.

Qonun ijodkorligi tizimi internet tarmogʻida qonun.gov.uz domeni ostida faoliyat yuritadi va uning asosiy vazifasi aholiga Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari, ularning holati va ular yuzasidan ovoz berish natijalari haqida maʼlumot taqdim etish sanaladi.

Tadbirda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar hamda oʻz takliflarini ilgari surdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?