Saylov yaqin, tayyorgarlik ishlari esa sust. Nega?

11:15 09 Aprel 2019 Jamiyat
680 0

Poytaxtimizda fuqarolar yigʻinlari raislari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil qilish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi raisi N. Yoʻldoshev olib bordi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari oqsoqollar lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarni saralab olishga koʻmaklashuvchi mintaqaviy respublika ishchi guruhlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida axborotni taqdim etdi.

Bundan tashqari, yigʻilishda joriy yil may oyida boʻlib oʻtadigan fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi ijrosi masalalari muhokama etildi.

Masʼullar tomonidan oqsoqollar saylovini ochiq-oshkora, shaffof va adolatli oʻtkazish boʻyicha hukumat darajasida aniq vazifalar belgilab olindi. 7 ta mintaqaviy ishchi guruhi tuzilgani, saylovni oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining aʼzolari hududlarga amaliy yordam koʻrsatish uchun biriktirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, saylovni tashkil qilish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi 214 ta hududiy komissiya, ishchi guruhlar bugungi kunda saylovni yuksak darajada oʻtkazish uchun muayyan ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shu kunga qadar mahallalarda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyatini keng ommaga tushuntirishga qaratilgan 26 mingdan ortiq tadbirlar oʻtkazildi. Respublika komissiyasi tashabbusi bilan mamlakat boʻyicha 11 ming nafardan ziyod saylov tashkilotchilari uchun mintaqaviy seminar-treninglar uyushtirildi. Mahallalar kesimida saylov huquqiga ega boʻlgan 20 million 812 ming nafardan ziyod fuqarolar roʻyxati shakllantirildi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonini tizimli ravishda yoritib bormoqda. Tele va radiokanallarda, bosma hamda internet nashrlarida mavzuga oid 2 mingdan ziyod materiallar eʼlon qilindi.

Tegishli tadbirlar amalga oshirilganiga qaramasdan, ayrim mutasaddilarning sustkashligi, masʼuliyatsizligi sababli mamlakatimiz fuqarolari uchun muhim hisoblangan tadbirga tayyorgarlik koʻrishda kamchiliklar mavjudligi yigʻilishda qayd etildi.

Xususan, deyarli barcha hududda saylov bevosita oʻtkaziladigan manzil va obyektlar roʻyxatini shakllantirish ishlari sustkashlik bilan olib borilmoqda. Saylovni tashkil qilish hamda oʻtkazishga masʼul boʻlgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalarning eʼtiborsizligi oqibatida aksariyat ishchi guruhlar rahbarligiga saylov qonunchiligidan, bu tadbirning mohiyatidan deyarli bexabar shaxslar tayinlangani aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, baʼzi viloyat va tuman, shaharlarda shu paytga qadar tegishli komissiyalarning masʼul kotiblari tayinlanmagan. Bu masalaga Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida hamda Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Amudaryo, Kegeyli, Beruniy, Nurobod, Urgut, Paxtachi tumanlari va Samarqand shahrida yetarli eʼtibor qaratilmayapti.

Ayrim hududiy komissiyalar ushbu yoʻnalishdagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholi keng qatlamlariga yetkazishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan. Bunday holatlar Toshkent shahri, Toshkent, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlarida kuzatilmoqda.

Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayoni tanqidiy tahlil qilingan tadbirda har bir komissiya aʼzosiga joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun zudlik bilan zarur choralar koʻrish hamda amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida respublika komissiyasini joriy yil 15 aprelga qadar xabardor qilish topshirigʻi berildi.

Yigʻilishda aholini saylov jarayoni, unga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlardan xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazish ishlarini yanada faollashtirish maqsadida boshqa aniq vazifalar ham belgilandi.

Munisxon KARIMOVA (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?