Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisiga oid

13:34 06 Yanvar 2020 Siyosat
456 0

Joriy yilning 6-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda komissiya aʼzolari, masʼul xodimlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Yigʻilishni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov olib bordi. Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi boʻyicha 25 saylov okruglarida oʻtkazilgan takroriy ovoz berishning yakunlari va ulardan saylangan deputatlarni roʻyxatga olish, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining guvohnomasi hamda koʻkrak nishoni, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi hamda koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.

Taʼkidlanganidek, 21-dekabr kuniga qadar 750 nafar nomzodlarning 6 nafari Markaziy saylov komissiyasiga oʻz ixtiyorlari bilan bergan arizasiga binoan, nomzodlar roʻyxatidan chiqarildi va 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik oʻrni uchun beshta siyosiy partiyaning 744 nafar nomzodi kurash olib bordi.

Saylov natijasiga koʻra, Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 125 ta saylov okrugidan nomzodlar Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan deb topilib, roʻyxatga olindi.

Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi boʻyicha ayrim saylov okruglarida takroriy ovoz berishni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 25 ta saylov okrugida birinchi turda gʻoliblar aniqlanmaganligi uchun, yaʼni birorta ham nomzod saylovchilarning 50 foizidan koʻp ovozini olmaganligi sababli ushbu saylov okruglarida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning eng koʻp ovozlarini olgan nomzodlar oʻrtasida takroriy ovoz berishni oʻtkazish 2020-yil 5-yanvar kuniga belgilandi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 5-yanvarida mamlakatimizda tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 25 ta saylov okrugidagi 1730 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish jarayoni oʻtkazildi. Ushbu saylov uchastkalarida 3 million 147 ming 79 nafar fuqaro Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, ulardan 1 million 978 ming 48 nafari takroriy ovoz berishda ishtirok etdi.

Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 95 ta saylov okrugidagi 1104 ta saylov uchastkasida hamda xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 587 ta saylov okrugidagi 1117 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish boʻlib oʻtdi.

Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.

Takroriy ovoz berish jarayonini deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan jami besh mingdan ortiq kuzatuvchilar kuzatib bordi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda hududiy saylov komissiyalaridan akkreditatsiyadan oʻtgan mahalliy jurnalistlar saylovlar jarayonini faol yoritib bordilar.

Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan 50 nafar nomzodning 15 nafarini – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi vakillari, 11 nafarini – Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi vakillari, 10 nafarini – Oʻzbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi vakillari, 9 nafarini – Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi vakillari hamda 5 nafarini – Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vakillari, ularning 18 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi.

Yigʻilishda, MSKning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi boʻyicha ayrim saylov okruglarida (25 ta) oʻtkazilgan takroriy ovoz berishning yakunlari va ulardan saylangan deputatlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

Shunday qilib, dastlabki hamda takroriy ovoz berish natijasida, yaʼni saylovlarning umumiy yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar quyidagicha deputatlik oʻrinlariga ega boʻldilar:

1. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi 53 ta deputatlik oʻrni;

2. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 36 ta deputatlik oʻrni;

3. Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi 24 ta deputatlik oʻrni;

4. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi 22 ta deputatlik oʻrni;

5. Oʻzbekiston Ekologik partiyasi 15 ta deputatlik oʻrnini egallashdi.

Saylov kodeksiga muvofiq, Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni roʻyxatga olish Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan olingan bayonnomalar asosida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarni roʻyxatga oladi. Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega boʻladi. Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasiga Qonunchilik palatasi deputatining maqomiga toʻgʻri kelmaydigan vazifalarni oʻz zimmasidan soqit qilganligi toʻgʻrisida yozma shaklda maʼlum qilishi shart. Qonunchilik palatasi deputatlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻn kun ichida guvohnoma va koʻkrak nishoni beriladi.

Shuningdek, majlisda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining guvohnomasi va koʻkrak nishoni toʻgʻrisida namunaviy nizom tasdiqlandi.

Deputat guvohnoma va koʻkrak nishonidan oʻz vakolatlari muddati mobaynida foydalanadi. Deputat oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini koʻrsatib, tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?