“Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkaziladi

17:31 11 Oktyabr 2019 Siyosat
3259 0

Kecha Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash hamda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni tashkil etish va oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi. 

Saylov kodeksining 21-moddasiga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va olti — sakkiz nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi. Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga joriy yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonida targʻibot oyligini toʻgʻri tashkil etish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, 2019-yilning 15-oktyabridan 15-noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkaziladi. Shu vaqt oraligʻida aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar oʻrtasida, ularning saylov jarayoni faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot va tashviqot ishlari olib boriladi.

Saylov kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, aholining oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan toʻgʻri foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etishiga va daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari aʼzolari, adliya organlarining mutaxassislari bilan birgalikda mahallalar, korxonalar, taʼlim muassasalarida saylovchilar bilan “Saylov qonunchiligidagi yangiliklar” mavzuida uchrashuvlar tashkil etadi.

Xalq taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzuida insholar va rasmlar tanlovlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan “Mening ovozim — Vatanim kelajagi”, Adliya vazirligi Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniylar” jamgʻarmasi bilan birgalikda “Men shaxsan oʻzim ovoz beraman!” mavzularida turkum targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi Ichki ishlar vazirligi, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda, “Saylovchilar roʻyxatida bormisiz?” deb nomlangan tadbirlar doirasida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirishning maqsadi, vazifalari va ahamiyati haqida aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib boradi.

Ziyoda ASHUROVA.
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?