Saylov kodeksi loyihasi muhokamasining dastlabki natijalari qanday boʻldi?

16:37 26 Sentyabr 2018 Jamiyat
699 0
Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqida MSK matbuot xizmati xabar berdi. Majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan tavsiyalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi loyihasining keng jamoatchilik oʻrtasida muhokamasining borishi natijalari tahlili bilan bogʻliq masala koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlardan iborat ishchi guruh Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. Saylov kodeksi loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (www.regulation.gov.uz)da jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi hamda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb sayti (www.elections.uz)da oʻzbek va rus tillarida joylashtirildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Saylov kodeksi loyihasining mazmun-mohiyati tuman va shaharlardagi mahallalar, mehnat jamoalari hamda oʻquv muassasalarida keng jamoatchilik va siyosiy partiyalar vakillari, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolari, deputatlar ishtirokida qizgʻin muhokama etilmoqda.

Hozirgacha Saylov kodeksi loyihasining muhokamasiga bagʻishlab hududlarda jami 278 ta tadbirlar oʻtkazilgan boʻlib, ularda 29 854 nafar kishi ishtirok etgan va 436 ta takliflar bildirilgan.

Saylov kodeksi loyihasi boʻyicha bildirilgan asosiy takliflar ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlari, mahalliy Kengashlarga saylovlarning xususiyatlari, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarining faoliyati, nomzodlar va ularning ishonchli vakillarini roʻyxatga olish, ularning huquqiy maqomi, kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari yuzasidan boʻldi.

Oʻtkazilgan tadbirlar ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilgan. Xususan, matbuotda va internet tarmogʻida yoritilgan materiallar 193 tani tashkil etib, 81 ta - televideniye va radioga intervyu, informatsion xabar va koʻrsatuvlar shaklida berilgan.

Saylov kodeksi loyihasining muhokomasi davom etmoqda. Kelib tushayotgan taklif va tavsiyalar tegishli ishchi guruhi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqilmoqda.

Majlisda 2018 yilning 6-7 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi boʻyicha tegishli davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan fikr almashish maqsadida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) va Venetsiya komissiyasi delegatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari haqida ham maʼlumot berildi.

Delegatsiya tomonidan Oʻzbekistonda Saylov kodeksi loyihasini tayyorlash va keyingi saylovlarda saylovchilarning elektron roʻyxati amal qilishi joriy etilayotgani ijobiy baholandi. Ushbu tashrif natijasi yuzasidan YEXHT DIIHB va Venetsiya komissiyasi ekpertlarining xulosasi tayyorlanib, joriy yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Venetsiya komissiyasi yalpi yigʻilishiga muhokama etilib tasdiqlash uchun kiritilishi maʼlum qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning noyabr oyida Buxoro shahrida milliy hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Saylov kodeksi loyihasining xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamasiga bagʻishlab xalqaro konferensiya oʻtkazishni rejalashtirgan.

Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Surxondaryo, Navoiy, Sirdaryo, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining qoʻshma majlisida boʻshab qolgan oʻrinlarga saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yangi aʼzolariga Senat aʼzosi guvohnomasi va koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?