Sayxunobodlik Baxtiyor Togʻayev teraklari yetilmasdan Haj ziyoratiga borib keldi

15:15 12 Sentyabr 2018 Jamiyat
601 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Teraklarimiz yetilsa, puliga haj ziyoratiga boramiz”. Sayxunobodlik Baxtiyor Togʻayev ana shunday ezgu niyatda terakzor barpo etgan edi. Ammo u daraxtlari yetilmasdan bu niyatiga erishdi.

Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil koʻklamida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Sayxunobod tumanida boʻlib oʻtgan faollar yigʻilishida soʻzga chiqqan mehnat faxriysi Baxtiyor Togʻayevning ibratli faoliyatiga yuksak baho berib, u va turmush oʻrtogʻi Nazira ayaning bu yil muborak Haj ziyoratiga imtiyozli ravishda borib-kelishlarini aytgandilar.

“Ollohga beadad shukrlar boʻlsinki, islomning ulugʻ arkonlaridan biri — Haj ibodatini toʻla-toʻkis ado etib keldik. Davlatimiz rahbarining kamtarona mehnatimizga koʻrsatgan yuksak eʼtiboridan boshimiz osmonga yetdi. Koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulugʻlash eng oliy maqsad ekanligini oʻz hayotimizda koʻrdik va dildan his etdik. Bugun biz birimiz hoji ota, birimiz hoji ona boʻlib, oʻzimizni yanada baxtiyor his etmoqdamiz. Davlatimizdan, hayotimizdan rozi boʻlib, takror-takror shukronalar aytayammiz. Ana shunday imkoniyatni bizga yaratib bergan Prezidentimizdan minnatdormiz”, - deydi Baxtiyor hoji Togʻayev.

Baxtiyor Togʻayevni bekor yotgan yerda shovullagan terakzor yaratgan bogʻbon sifatida koʻpchilik yaxshi biladi. Joriy yil bahorida avtomobil yoʻli chetidagi ana shunday qarovsiz maydonga yana 12 ming tup nihol oʻtqazdi. Shu bilan birga hovlisida asalari ham boqadi.

Aytish lozimki, Baxtiyor Togʻayevga koʻrsatilgan yuksak izzat-ikrom nafaqat uning oilasi, balki butun tuman va Sirdaryo viloyati aholisini ham ruhlantirib yubordi. Buni birgina viloyatda asalarichilik bilan shugʻullanishga kirishgan oila va fermerlarning sezilarli ravishda koʻpayganligi, tomorqalardan foydalanish darajasi yanada oshganligi hamda koʻkalamzorlashtirish ishlarining avj olganligidan ham bilsa boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?