Saida Mirziyoyeva: “Qani yarim soat koʻzingizni chirt yumib yashab koʻring”

16:39 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
119 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoniga bagʻishlangan matbuot anjumanida Agentlik direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva oʻz fikrlarini bildirdi:

Samarqand yarim marafoni jamiyatda faol yashash tarzi gʻoyasini ilgari suradi va madaniyatning barcha uchun, shu jumladan, nogironligi bor insonlar uchun ochiqligini taʼminlash xayrli gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu tashabbus tarafdori. Maʼlumki, bizning agentlik ham shu borada faoliyat olib boradi. Joriy yilda biz “Koʻngil koʻzi” loyihasi xaritasini ishlab chiqdik. U nogironligi boʻlgan insonlarni ijtimoiy koʻnikmasi boʻyicha, koʻzi ojiz va yaxshi koʻra olmaydigan insonlarni oʻquv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyot bilan taʼminlash boʻyicha aniq harakatlarni koʻzda tutadi.

Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar koʻp boʻlishi kerak.

Biz, shukrki koʻramiz, cheklovsiz harakat qilish, his etish imkoniyatiga egamiz. Lekin oramizda shunday insonlar borki, ular biz kabi orzu qiladi. Faqat farqli jihati biz kabi imkoniyatga ega emas. Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga koʻra, salomatligidan qatʼi nazar, jamiyatdagi har bir odamga moddiy va maʼnaviy boyliklardan bahramand boʻlish va oʻzini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni loyihasining asosiy maqsadi ham shu. Biz bu tadbir orqali avvalo jamoatchilik eʼtiborini madaniyat va sanʼat obyektlaridagi inklyuzivlikka qaratmoqchimiz. Bejizga Samarqand tanlanmadi. Milliy, madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham foydalana oladimi yoki yoʻq. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik imkoniyat yaratilgan.

Ushbu loyihaga tayyorgarlik koʻrish jarayonida madaniyat va sanʼatni rivojlantirish fondi tomonidan qator tadqiqot ishlari olib borildi. Bunda teatrlar, muzeylar, bogʻlar va Toshkent shahridagi boshqa madaniyat muassasalarining imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligi, ularda bunday insonlar eʼtiborga olingan yoki olinmagani, sharoitlar borligi muammosi oʻrganildi.

Siz hozir koʻzingizni yumib, xonadan chiqib, zinadan tushib, avtobusda yurib koʻringchi. Yarim soat koʻzingizni chirt yumib, yashab koʻring. Baʼzilar bor bir umr shunday yashashga majbur. Shu bois, barchamizning maqsadimiz bir – mamlakatimizda yashovchi hamma insonlar uchun qulaylik yaratish, imkoniyati cheklanganlarni jamiyatga toʻliq ijtimoiy integratsiya boʻlish chorasini koʻrish va shart-sharoit yaratish.

OʻzA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?