Said al-Magʻribiy: Oʻzbekistonda meni oʻzbeklashgan misrlik, Qohirada esa misrlik oʻzbek, deya atashadi

17:35 04 Avgust 2020 Siyosat
302 0

“KAPO GROUP” kompaniyasi (Misr) qator yillardan buyon Oʻzbekiston bozorida faoliyat yuritib, turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. “Dunyo” AA muxbiri kompaniya direktori Said al-Magʻribiy bilan Oʻzbekiston – Misr savdo-iqtisodiy hamkorligining joriy holati va istiqbollari, tadbirkorning yurtimizdagi faoliyati xususida suhbatlashdi.

– Hurmatli Said al-Magʻribiy, savollarimizga javob berishga vaqt ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Suhbatimiz avvalida Oʻzbekiston bilan hamkorligingiz tarixi haqida soʻzlab bersangiz.

— Oʻzbekistonda meni oʻzbeklashgan misrlik, Qohirada esa misrlik oʻzbek, deya atashadi. Bu bejiz emas, albatta. Hamkorligimning dastlabki yillarida Toshkentdagi Misr madaniy markazida arab tilidan dars berganman. Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida 5 ta tasviriy sanʼat koʻrgazmasini tashkil qildik. Ularda Oʻzbekiston va Misr tarixi, madaniyatini aks ettiruvchi suratlar namoyish etildi. Koʻrgazmalarni tashkil qilishda Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi hamda Misrning Toshkentdagi elchixonasi yaqindan koʻmak berdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston – Misr madaniyati va sanʼatiga bagʻishlangan 20 ga yaqin tadqiqot ishimning 10 tasi oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston madaniyati, ur-odatlari va turmush tarzi bilan yaqindan tanishligim bugun iqtisodiy yoʻnalishdagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishimga zamin yaratdi.

— Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holatini qanday baholaysiz?

— Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi aloqalar bundan 2 yarim ming yil muqaddam oʻrnatilgan boʻlib, asrlar davomida rivojlanib kelgan. Tomonlar mushtarak tarix va madaniyatga ega. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018-yil 4-5-sentyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvlari esa davlatlarimiz hamkorligi tarixida yangi sahifa ochib, munosabatlarning yana-da rivojlanishida muhim oʻrin tutdi.

Xususan, tashrif doirasida ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda 11 ta hukumatlararo bitim imzolandi, misrlik investorlarning Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishi uchun qulay zamin yaratildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalarda delegatsiyalar almashinuvlari sezilarli ravishda ortdi. Birgina misol. Agar 2018-yil Misrdan Oʻzbekistonga 8 ta delegatsiya kelgan boʻlsa, 2019-yilda 40 ta ana shunday tashriflar amalga oshirildi. Biznes forumlar va uchrashuvlar doirasida 10 dan ortiq “B2B” shaklidagi muloqotlar tashkil qilindi.

Tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari, biznes forumlar va tuzilgan qoʻshma korxonalar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda turistik sohalarda hamkorlik aloqalarini yana-da faollashtirish imkonini berdi.

Iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlarning izchil rivojlanib borishida Misrning yirik kompaniyalari vakillarining Toshkent, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Qarshi va Termiz shaharlariga tashriflari sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Uchrashuvlar chogʻida 30 dan ortiq memorandum imzolanib, oʻzbekistonlik sheriklar bilan 23 ta qoʻshma korxona taʼsis etildi. 

Hozirgi kunda Toshkent va Sharm ash-Shayx shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi yoʻlga qoʻyilib, yaqin kelajakda Toshkent va Qohira oʻrtasida ham parvozlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

— Misrning Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan qaysi kompaniyalarining muvaffaqiyatli investitsiyaviy hamkorligi toʻgʻrisida toʻxtalishni xohlardingiz?

— Kompaniyamiz tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan oshirilayotgan muvaffaqiyatli hamkorlik loyihalariga koʻplab misol keltirish mumkin va bu quvonarlidir. Hozirgi kunda Namangan viloyatining Norin daryosi sohili boʻyida 85 gektar hududda baliq yetishtirish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirmoqdamiz. Asosiy maqsadimiz turli baliq turlarini yetishtirish va eksportga yoʻnaltirish.

Baliqchilik xoʻjaligining ochilishi va ishga tushishi esa ushbu mahsulot turini ishlab chiqarish va eksportini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Ikkinchi muvaffaqiyatli loyiha sifatida Qashqadaryo viloyatida mebel ishlab chiqaruvchi korxonani keltirish mumkin. Korxona faoliyatiga misrlik mutaxassislar jalb etilib, bozor talabidan kelib chiqqan holda mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda va xorijga eksport qilinmoqda.

Toshkent viloyatida tovuq goʻshti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fermaning ishga tushirilishini navbatdagi muvaffaqiyatli loyiha deyish mumkin. Tayyor mahsulot nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorga ham yoʻnaltiriladi.

Taʼkidlash joiz, koronavirus pandemiyasi sharoitida ham ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, mamlakatlar oʻrtasida 2 bor charter reyslar tashkil etilib, Misrda oʻqiyotgan oʻzbekistonlik talabalar vatanga qaytarilgan boʻlsa, Misr fuqarolari Qohiraga yetkazildi. Kelasi haftada Qohira-Toshkent-Qohira yoʻnalishida yana ikkita charter reys rejalashtirilgan.

Mazkur hamkorlik munosabatlariga diplomatik va xalqlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning eng yuqori darajasi, deya baho berish mumkin.

Bunda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari hamda elchixonalarimizning munosib hissasi bor.

— Oʻzbekistonda investitsiyalarni jalb etish boʻyicha yaratilgan imkoniyat va sharoitlarni qanday baholaysiz?

— 2019-yil 25-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan xorijiy investorlarga qator imtiyozlar taqdim qilindi va bu sarmoyadorlar tomonidan yuqori baholandi. Shu tariqa Oʻzbekiston chet el investitsiyasi uchun ochiq mamlakatga aylandi.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tuzish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Qarorni xorijlik investorlar huquqlarining kafolatlaridan biri deyish mumkin. Hujjat kuchga kirishi bilan ikki mamlakat investitsiya vazirliklari huzurida tashkil etilgan Oʻzbekiston — Misr ishbilarmonlar kengashi faoliyati yana-da jonlandi.

Davlatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari sabab bugun sarmoyaviy hamkorlik yana-da rivojlanmoqda.

Misrlik tadbirkorlarning Oʻzbekiston banklari bilan bevosita ish olib borishi sheriklik aloqalarining sezilarli darajada faollashuviga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Men doimo Oʻzbekiston televideniyesi kanallarini kuzatib boraman. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishlarida mamlakatda ochiqlikni taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrnilarini yaratish hamda oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligini taʼkidlaydi. Davlat rahbarining ushbu sohalarga alohida eʼtibor qaratishi, soʻzsiz, Oʻzbekistonda ochiq va demokratik davlat asoslarini yana-da mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirishga xizmat qiladi. Sarmoyador uchun eng muhim jihatlar ham aslida shudir.

— Suhbat uchun tashakkur. Istiqboldagi rejalaringizga muvaffaqiyat tilab qolamiz.

— Rahmat!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?