Safarbarlik mas’uliyati

09:35 05 Iyun 2018 Siyosat
286 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi yumushlari muhokama etilib, mamlakatimizda 1 iyundan 1 iyulgacha “G'o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari tomonidan katta mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan hosilni to‘la saqlab qolish maqsadida soha vakillari bilan birgalikda barcha bo‘g‘indagi deputatlarning ham safarbarligi hamda mas’uliyatini oshirish taklifi ilgari surildi.

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari bu borada joylarda qat’iy hamda samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida xududlarda bo‘lib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarini o‘tkazmoqdalar. Ularda qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish, g‘o‘zada kafolatli hosil yaratishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risidagi masala muhokama etilyapti.

Xususan, videoselektor tarzida tashkil qilingan xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi sessiyasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish o‘ta murakkab, nozik hamda ko‘p mehnat talab etadigan soha ekanligi, ayniqsa, suvdan foydalanishda oqillik va tejamkorlikni talab qilishi alohida ta’kidlandi. Dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdek hayotiy masala yechimi ham aynan suv bilan bog‘liq bo‘lmoqda.

Sessiyada asosiy e’tibor amaliy harakatlarga qaratildi. Jumladan, viloyatda suvdan oqilona foydalanish, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish, g‘o‘zada kafolatli hosil yaratish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi shtab tuzilib, uning a’zolari aniqlab olindi. Shuningdek, bu yo‘nalishda deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlovchi guruhlar ham shakllantirildi.

— Bu yil bahor quruq keldi, suv taqchilligi sezilmoqda, — deydi tadbirda so‘z olgan Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Ahmedov. — Binobarin, yurtimiz, jumladan, Buxoro viloyati tabiiy iqlim sharoitida obihayotning har tomchisidan o‘rinli foydalanmay turib, ko‘zda tutilgan hosilni yetishtirish mushkul. Bu maqsadga erishish uchun nafaqat qishloq xo‘jaligiga daxldor, balki boshqa korxona va tashkilotlarni ham jalb qilish maqsadga muvofiq. Sessiyada O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mamlakatimiz fermerlariga Murojaati o‘qib eshittirildi. Albatta, bu zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi. E’tiborli jihati, ayni masala yuzasidan parlament vakillari, xususan, deputatlar ham bevosita ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Sessiyada soha mutaxassislari suvdan unumli foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi ishlar haqida to‘xtalib, o‘z taklif hamda mulohazalarini o‘rtaga tashladilar. Jumladan, g‘o‘zani kanallar bo‘yicha navbatlab sug‘orish tartibi istiqbollidir. Bu usul g‘allani sug‘orish davrida qo‘llanilganida, kutilganidek natija berdi.

Navbatlab sug‘orish tufayli kanaldagi suv isrofini 20, o‘qariqlardagi suv isrofi esa 35 foizgacha kamayadi. Ekinni tomchilatib sug‘orish, egiluvchan quvurlardan foydalanish ham suv taqchilligini yumshatishga xizmat qiladi.

Tadbirda suvchilarga qulayliklar yaratib berish, sug‘orish madaniyati, obihayot taqchilligini yumshatishga oid agrotexnik yumushlarni bajarish, gidrotexnik inshootlarni tozalash, deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, pirovardida zarbdor oylikni namunali o‘tkazish yuzasidan fikrlashib olindi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida suv resurslarining tanqisligi yildan-yilga ortib borayotgan hozirgi murakkab sharoitda mavjud imkoniyatlardan samarali hamda tejamkorlik bilan foydalanish taqozo etilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Bugungi kunda viloyat hududidagi Chorbog‘, Toshkent, Ohangaron suv omborlarida jami

2 milliard kub metr suv zaxirasi mavjud bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2017 yildagiga nisbatan

93 foizni, o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichga nisbatan esa

88 foizni tashkil qilmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda, hududdagi mavjud suv resurslarining yetishmovchiligi 501 million kub metrga tengdir.

Toshkent viloyati uchun belgilangan, cheklangan suv miqdori, asosan, Chirchiq, Ohangaron daryolaridan hamda Sirdaryodan, shuningdek, kollektor-drenaj va yer osti suvlaridan olinadi. Soha mutaxassislari mavjud ekinlarning vegetatsiya davrida suvga bo‘lgan talabini hisoblab, jami 3 milliard 570 million kub metr suv sarflanishini aniqladilar. Lekin bu ko‘rsatkich 80 — 85 foiz miqdorida qoplanishi hozirdanoq ma’lum bo‘lib turibdi.

Sessiyada ana shunday murakkab bir sharoitda suvni oqilona sarflashning yo‘l-yo‘riqlari muhokama etilib, bu borada aniq takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, 2018 yil mavsumida ekin maydonlarini suv bilan kafolatli ta’minlash hamda suv tanqisligi salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida viloyat bo‘yicha 2500 gektar maydonda o‘qariqlar o‘rniga egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyasini tatbiq qilish lozim. Ushbu maqsadda davlat dasturi ishlab chiqilgan. 125 ta fermer xo‘jaligi ro‘yxati shakllantirilib, mazkur dasturning bajarilishi uchun tarmoq jadvallari tasdiqlangan. 106 ta shartnoma rasmiylashtirildi. Bu bilan 2120 gektar maydonda yangi texnologiya joriy etiladi.

Sessiyada sug‘orish ishlarini tashkil qilishda ayrim muammolar borligiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, fermer xo‘jaliklari tomonidan sug‘orish ishlariga suvchi-miroblar yetarli miqdorda jalb etilmayapti, ularning ish haqlari o‘z vaqtida to‘lanmayapti. Suvni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, navbat bilan sug‘orishga rioya etmaslik, mansabdor shaxs-larning suv taqsimotiga aralashuvi, sug‘orish tarmoqlaridan noqonuniy ravishda suv olish holatlari mavjud. Tungi sug‘orish ishlariga amal qilmaslik, dala maydonlarini sug‘orishga o‘z vaqtida tayyorlamaslik, sharbat usulida sug‘orishga e’tibor bermaslik, o‘qariqlarning haddan tashqari uzun olinayotgani, sug‘orish tarmoqlarining o‘z vaqtida tozalanmayotgani ham umumiy ishga jiddiy to‘siq bo‘layotgan omillardandir.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlar va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Ishni nazorat qilish hamda suvdan foydalanish samarador-ligini oshirish maqsadida viloyat va tumanlar kesimida maxsus shtablar tashkil etildi.

Sessiyalarda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Istam IBROHIMOV,
Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?