Sababsiz haqoratlanib, kaltaklangan vrach ichki ishlar xodimlari munosabati va sud mushtumzoʻrlarga tayinlagan judayam yengil jazodan taajjubga tushdi

19:35 13 Avgust 2019 Jamiyat
184 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati Qoʻshrabot tuman tibbiyot birlashmasida oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan shifokorni bemorning yaqinlari kaltaklaganligi holatlari aks etgan materiallar Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻrganishlarda voqea joriy yilning 7-avgust kuni Qoʻshrabot tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining qabul boʻlimida roʻy berganligi maʼlum boʻldi.

Aniqlanishicha, shu kuni kech soat 17:40lar atrofida tuman markaziy shifoxonasining qabul boʻlimiga 1973-yilda tugʻilgan M.S. shu tumanda yashovchi Bekzod va Mirolim ismli shaxslar tomonidan olib kelingan. Navbatchilikni oʻtayotgan terapevt shifokor Otabek Sirliboyev bemorga zudlik bilan tez tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida nosilkani koʻtarishda qatnashadi va bemorni olib kelgan ikki erkakning tibbiyot xodimlariga nisbatan aytilgan xaqoratli soʻzlarini eshitadi.

– Avvaliga ular barcha tibbiyot xodimlarini haqoratlashdi. “Yordam koʻrsatayapmiz-ku, nimaga bunaqa haqoratlayapsiz vrachlarni” deganimdan soʻng mening shaxsiyatimga teguvchi soʻzlar bilan yanada qattiqroq haqoratlab, meni ikkalasi bir vaqtning oʻzida baravariga urib-tepib ketishdi. Oʻsha vaziyatda ular mast holatda edi. Men nima uchun haqorat eshitganligimni, nima sababdan tayoq yeganligimni umuman tushunmadim, – deydi terapevt Otabek Sirliboyev. – Shu kuni IIB boʻlimiga xabar berildi, ular kelib mendan tushuntirish xati olib ketishdi, xolos. Oradan deyarli olti kun oʻtib, voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan keyingina, jarohatlarim bitay deganda IIB xodimlari kelib, meni sud-tibbiy ekspertizadan oʻtish uchun yuborishdi.

Oxirgi bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda Yoʻl-patrul xizmati xodimlaridan qochib ketgan bir qancha haydovchilar aks etgan videosi tarqalib ketdi. Ushbu holatlarning barchasida shoʻxlik qilib qochib ketgan haydovchilar zudlik bilan topilib, Internet tarmoqlari orqali ular va ularning yaqin qarindoshlari YPX xodimlaridan kechirim soʻrattirilib, 15 sutka qamoq jazosiga tortilganligining guvohi boʻldik.

– Xuddi shunday internet saytlarda ichki ishlar idorasi xodimiga bir tarsaki urgan qonunbuzarlar zudlik bilan ushlab keltirilib, darhol qamoqqa olinganligi va keyinchalik ular ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham tez-tez oʻqib turibmiz, – deya soʻzida davom etadi O. Sirliboyev. – Lekin ichki ishlar xodimlarining biz vrachlarga nisbatan sodir etilgan tajovuzlarga boʻlgan bunday munosabati, sudning esa vrachlarga mushtumzoʻrlik qiladiganlarga judayam yengil jazo tayinlab kelishi tibbiyot xodimlarida chuqur taajjub uygʻotmoqda. Axir biz ham ichki ishlar idorasi xodimiga oʻxshab xalqni xizmatini qilayapmizku. Bizning aybimiz nimada? Tibbiyot xodimlari bilan bogʻliq vaziyatlarda nega bunday sustkashlikka yoʻl qoʻyilishi kerak?

Voqea sodir boʻlgandan soʻng jabrlanuvchi O.Sirliboyevga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, dastlab markaziy shifoxonaning shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga yotqizilgan. Ayni paytda u boshi va koʻz qismi jarohati bilan davolanishni davom ettirmoqda. Ahvoli oʻrtacha ogʻirlikda. Bemorning ahvoli Sogʻliqni saqlash vazirligi nazoratida.

– Maʼlumot oʻrnida, shuni qayd etib oʻtish lozimki, yuqoridagi kabi shifokorlarni haqoratlab, ularga tajovuz qilish holatlari joriy yilning oʻtgan davri mobaynida, birgina Qoʻshrabot tumanida toʻrt marta kuzatildi. Mamlakatimiz boʻyicha olganda esa bu raqamlar juda katta va ayanchli ahvolda, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligining yetakchi yuriskonsulti Sanobar Yusupova.

Xabaringiz bor, Sogʻliqni saqlash vaziri shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida oʻz xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlar uchun jinoyi javobgarlikni kuchaytirish tashabbusini muntazam ilgari surib kelmoqda. Har qanday holatda ham vazirlik tibbiyot xodimlarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash, ularni turli noqonuniy xatti-harakatlardan asrash boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida tegishli choralarni qatʼiy koʻrib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?