S. Bosan “O‘zbekiston texnikalari Yevropadagi muqobillaridan aslo qolishmasligi qatorida narx jihatidan jozibaliroqdir”

15:57 23 Aprel 2018 Iqtisodiyot
418 0

O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri J. Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. 

Safar chog‘ida mezbon davlat qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, moliya va iqtisodiy aloqalar, tashqi ishlar, tijorat va to‘qimachilik sanoati vazirliklarida muzokaralar o‘tkazilib, turli sohalarda kelishuvlar hamda bitimlar imzolandi. Islomobod shahrida O‘zbekiston — Pokiston ishbilarmonlari kengashi vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘z navbatida, Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi hamda Pokiston — O‘zbekiston savdo va madaniyat markazi bilan hamkorlika ikkita biznes-forum o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda Pokistonning 170dan ortiq kompaniyasi qatnashdi.   

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan texnika Yevropadagi muqobillaridan aslo qolishmasligi qatorida narx jihatidan jozibaliroqdir. Pokistonning bugungi kunda birgina traktorlarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga 20 ming dona ekanligini inobatga olsak, biz o‘zbek texnikalarini olib kelish va Pokiston hududida yig‘ishni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz”, — dedi Pokiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi federal vaziri S. Bosan.

O‘tkazilgan barcha muzokaralar yakunida farmatsevtika, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 35,5 million AQSh dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Shuningdek, Pokistonga dukkakli va quritilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, charm va neft-gaz mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 8,7 million dollarlik kelishuvga erishildi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?