Ryazanda zaharlangan oʻzbekistonliklar haqida TIV rasmiy maʼlumot berdi

14:14 24 Avgust 2019 Jamiyat
185 0

Oʻzbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik boʻlimi bergan maʼlumotga koʻra 2019-yilning 20-avgust kuni Ryazan viloyatidagi sobiq “Ximvolokno” zavodi hududida neft mahsulotlarini saqlash omborini tozalayotganda 4 nafar Oʻzbekiston fuqarosi zaharlandi. Ulardan biri Z.A. voqea joyida vafot etdi, ikki nafariga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, bir nafariga esa vrachlar tomonidan ruxsat berilgan. Bu haqda TIV xabar berdi.

Elchixonaning Konsullik boʻlimi vaziyatni oʻz nazoratiga oldi hamda Ryazan viloyatidagi oʻzbek diasporasi va Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga yuborish boʻyicha tashkiliy va boshqa masalalar bilan shugʻullanmoqda.

“Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga taʼziya bildiradi va eslatib oʻtadiki, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod viloyati, Bryansk viloyati, Vladimir viloyati, Voronej viloyati, Ivanovo viloyati, Kaluga viloyati, Kastroma viloyati, Kursk viloyati, Lipetsk viloyati, Moskva shahri, Moskva viloyati, Orlov/Oryol viloyati, Ryazan viloyati, Smolensk viloyati, Tambov viloyati, Tver viloyati, Tula viloyati, Yaroslav viloyati) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi Elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20”, - deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?