Rus tiliga rasmiy maqom berish boʻyicha munozaralar yuzasidan: “Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan boʻlishi mumkin emas!”

15:24 05 May 2019 Jamiyat
622 0

Xalqaro press-klub rahbari, Jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'jayev so'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mavzu yuzasidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Men bolalikdagi hayotimni eslasam, oʻsha davrlarda judayam qiziq boʻlgan, oʻziga xos tarzda kechgan. Men ham oʻsha davrdagi tengdoshlarim qatori sovet davrida tugʻildim, taʼlim oldim, balogʻatga yetdim. Yoshligim asosan oʻzbeklar yashaydigan mahallada oʻtdi. Mahalla uchun bir notabiiy holat: bolalar bogʻchasida rusiy zabon guruhda tarbiya topdim.

Shuningdek, oʻrta maktab va universitetda ham Ovrupo guruhida taʼlim oldim. Mutaxassis boʻlib yetishdan tashqari rus tilini ham mukammal oʻrgandim. Shuning uchun eskitdan rus tilida emin erkin gaplashaman, yozaman, ijod qilaman, koʻrsatuvlar olib boraman. Keyinchalik kasbiy ehtiyojlar paydo boʻlgani sababli ingliz tilini, shuningdek turkcha soʻzlashishni xam oʻrgandim. Bugun qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz, turkman, uygʻur, tatar, boshqird va hatto tojik tillarini tushunaman, oz-oz boʻlsa-da fikrimni tushuntira olaman.

Lekin, oʻzimning bolalik davrimdan boshlab oʻz ona tilim – oʻzbek tili men uchun bosh va asosiy til. Oʻylaymanki, har qanday sogʻlom, oʻzini hurmat qilgan odamda oʻz ona tiliga munosabat shu kabi boʻlishi kerak. Insonda ona Vatan, ota-ona va milliy til ikkitadan boʻlishi mumkin emas. Toʻgʻri, odam boshqa tillarda ham erkin va mufassal soʻzlasha olishi, xorijiy tildagi kitoblarni oʻqib zavq olishi tabiiy bir hol. Lekin, har bir kamolga yetgan inson uchun uning oʻzligini anglashi faqat ona tili orqali kechadi. Har qanday or-nomus va pok vijdonga ega boʻlgan hazrati inson oʻz ona tili turganida boshqa bir tilga rasmiy maqomni berishni soʻrab yurmaydi.

Oʻzbek tili kecha paydo boʻlgan til emas. Oʻzbek tili oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga kiradi. Bu til turkiy tillar ichida markaziy oʻrinni egallaydi. Oʻz davrida Hazrat Alisher Navoiy oʻzbek tilining boshqa turkiylarda boʻlmagan sifatlarini ochib berdi va bu tilni nihoyatda boy va jozibador ekanligini oʻz ijodi bilan isbotladi ham. Oʻzbek tilining forsiy-tojik tillaridan hech qanday kam jihatlari yoʻq ekanligini turli dalillar bilan koʻrsatib berdi.

Sovet davrida qatagʻonlik davri – 1937 yildan mustaqillik davrigacha oʻzbek tili kommunistik mafkura, totalitar siyosat va mustabidlik ostida kamsitib kelindi. Oʻsha davrda oʻzbek xalqining oʻz ona tilida soʻzlashishi baynalmilalchilikka zid, deb talqin qilindi. Hamon esimda, hatto maktabda, transportda, koʻchalarda oʻzbekcha gapirsak, bizga jerkib berishardi oʻzbekcha gapirma deb, davlat idoralaridagi manzarani endi tasavvur qilavering...

Milliy tilimiz – oʻzbek tili mustaqillik davriga kelib erkinlikka erishdi, millatni rivojlantirishning eng asosiy omillaridan biriga aylandi. Ammo bizning xatoyimiz salkam 30 yil davomida “Oʻzbek tili toʻgʻrisidagi” Qonunni qabul qildik, endi u Davlat tili deb beparvo yuraverdik.

Toʻgʻri, hozir dunyoda ikki davlat tilli – Kanada (ingliz, fransuz), Gollandiya (niderland, gʻarbiy friz), Belorus (belorus, rus), Finlyandiya (fins, shved), Irlandiya (irland, ingliz), Kipr (yunon, turk), Isroil (ivrit, arab), Hindiston (hindi, ingliz), Iroq (arab, kurd), Filippin (filippin, ingliz), shuningdek, ikki tildan koʻproq tillarga davlat tili maqomi berilgan mamlakatlar – Belgiya (fransuz, niderland va nemis), Buyuk Britaniya (ingliz, irland va shotland), Lyuksemburg (lyuksemburg, fransuz, nemis), Shveysariya (nemis, fransuz va italyan), JAR (11 ta til, jumladan, ingliz, afrikaans, venda, zulu, kosa), Yangi Zelandiya (ingliz, maori va yangi zeland imo-ishora tili) hozirga qadar yashab kelmoqda. Chunki, bu davlatlar ikkita til boʻlish uchun asos mavjud: ana shu tilda soʻzlashishga ehtiyoj sezadigan millatlar yashaydi. Oʻzbekiston aholisining taxminan 2 foizini rus millati va 8 foizini rusiyzabonlarga mansub aholi tashkil etsayu, yana rus tiliga rasmiy maqomni berishni istaydiganlar qanday mantiqiylikka asoslanyaptilar?

Men til masalasida ayrim odamlar koʻtargan masalan juda ham taajjubdaman. Nima uchun baʼzi katta avlod vakillari Oʻzbekiston Respublikasining mustaqil va suveren davlat ekanligini anglashni istamayapti?

Nima uchun Mustaqilligimizning oʻtgan 27 yili ichida ularda oʻz milliy tillari va mamlakatini sevish his-tuygʻulari shakllanmadi?

Nega ular Vatan bitta va tanho ekanligini anglay olmayapti?

Nega ular milliy tilimizga yangi sherik topishga harakat qilmoqda?

Ular orasidagi ijod ahli, olimlar nimaga shuncha yillarda tilimizni rivojlantirmadi?

Nimaga bu masala millatlararo nizo va tortishuvlarga olib kelishini anglamayaptilar?

Bu masalani koʻtarayotgan bir guruh katta avlod vakillari yoshlarga namuna boʻlish oʻrniga, yana oʻsha eski zamonni, “sotsialistik” oʻtmishni qoʻmsayotganini tushunish juda ham qiyin, albatta. Hurmatli keksa avlod vakillari, avvalo shuni bilinglar: oʻsha mashʼum sovet davri endi qaytib kelmaydi, orqaga qaytadigan koʻpriklar yonib ketgan. Orqaga qaytuvchi yoʻllar ham qolmadi. Millat ham oʻzgardi, Oʻzligini qaytarayotgan millat bu.

Lekin, har qanday hodisaning bir necha hikmati boʻladi. Til masalasida koʻtarilgan bu shov-shuv gaplarni barcha ziyolilar, ayniqsa ijodkorlar ham oʻylab koʻrishlari lozim. Ona tilimizni yanada rivojlantirishga, uning ajib va noyob ohanglarini boyitishga, bu til zamirida qanchadan-qancha boyliklar yotganligini ochib berishga har birimiz hissa qoʻshishimiz lozim. Zero, istiqbolda farzandlarimiz, doʻstlarimiz, millatdoshlarimiz ham bir-birlari bilan oʻzbek tilida gaplashsinlar...

Sizlarga oddiy misol keltirmoqchiman: gar xorijga, masalan, deylik Turkiyaga borsangiz, u yerda turklar siz qanday millatga mansub boʻlishingizdan qatʼiy nazar turk tilida soʻzlashadi. Ular bizlarga oʻxshab, 10 -15 kishi oʻz ona tilida gaplashib turganida bitta ajnabiy qoʻshilsa likillab uni tilida “tvaya-maya” qilmaydilar.

Yoki, agar Xitoyga borsangiz, Xitoy aholisi siz bilan faqat chin tilida soʻzlashadi. Ular sizni oʻz milliy tilida soʻzlashishga, oʻz yeri, oʻz millati va albatta, oʻz tilini hurmat qilishga majbur etadi. Shunday ekan, nega biz faqat oʻz tilimizda soʻzlashmaymiz, nega ona tilimizni hurmat qilishga boshqalar tugul, hatto oʻzimizni majbur etolmaymiz?! Men bu kabi holatlarni hech tushunolmayman. Ammo baʼzilar ona tili ahamiyatini seza olmaganligi, ularning xohishlari millat taqdiridan-da yuqori qoʻyganligi meni hayratga solmoqda.

Yana shuni aytmoqchimanki, agar hozir keksa avlod vakillari koʻtargan bu masalani hozir toʻgʻri hal etmasak, kunlar oʻtib uning oqibatlari bizga juda ham qimmatga tushadi. Eng achinarlisi, bu masalaga tashqaridagilardan birortasini aybdor etolmaymiz. Chunki, bu oqibatlarga faqat oʻzimiz – biz oʻzbeklar aybdor boʻlamiz.

Zero, Abdulla Avloniy aytganlaridayoq, “Milliy tilni yoʻqotmoq – millatning ruhini yoʻqotmoq”dir.

Xoʻsh, nimalar qilmoq darkor desak, IMHOlarim shunday:

– Internetda oʻzbekcha kontentni keskin koʻpaytirish (Vikipediya, Google), oʻzbek tilidagi veb-saytlar, e-kutubxonalar sonini koʻpaytirish, sifatini oshirish;

– Milliy kino va teatr, madaniy sohada inqilob qilish, bugungi daraja aslo qoniqarli emas;

– Oʻzbek tilidagi romanlar, adabiy asarlar, musiqa mahsulotlarini keskin koʻpaytirish kerak;

– Koʻchalarimizdagi peshtaxtalardagi yozuvlarni tanqidiy koʻrib chiqish kerak, bu ketishda yaqinda moʻgʻulcha ham yozib, osib qoʻyishadi.

Xullas, Shum bola taʼbiri bilan aytganda: “Endi bildim, nima qilish kerakligini” – sevish kerak ona tilini, soʻzlashish kerak, ardoqlash kerak uni!!!

Bugun biz barcha sohada oʻta faol boʻlishimiz darkor, biz bagʻrikengmiz, ammo bunday masalada aslo yoʻq, endi utmaydi! Andishani nomi qoʻrqoq boʻlsa, bizga Pushkin bir jahonu, Bayron bir jahon boʻlgay!

P.S. Bugun dunyoda taxminan 50 million kishi oʻzbek tilida gaplasharkan, bu aslo kam emas!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?