Ruminiya universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

10:32 23 Oktyabr 2019 Jamiyat
142 0

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti professori Ionika Anjela xonim ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikkala taʼlim dargohi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Binobarin, Ionika Anjela xonimning tashrifidan koʻzlangan maqsad ham Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimidagi laboratoriya mutaxassislariga molekulyar diagnostika boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, parazitar kasalliklar qoʻzgʻatuvchilari diagnostikasida zamonaviy usullarni qoʻllash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar tashkil etish va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari oʻrtasida molekulyar diagnostika boʻyicha maʼruzalar qilishdan iborat.

Tadbir davomida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan Kluj-Napoka qishloq xoʻjalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti oʻrtasida ilmiy kadrlar almashinuvi va amaliy loyihalarni bajarish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Kunning ikkinchi yarmida Ionika Anjela xonim Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalarining laboratoriyada amaliy mashgʻulotlarni olib borishlari yuzasidan bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan seminar-treyning oʻtkazdi.

— Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etilgandan buyon tizimdagi xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda, — deydi Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, biologiya fanlari doktori, professor Xudoynazar Yunusov. — Bugungi kunda taʼlim dargohimiz dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridagi 82 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Belarus Respublikasi Grodno davlat universiteti bilan hamkorlikda fakultet tashkil etildi. Bundan tashqari, AQSH ning Minisota universiteti bilan oʻquv dasturlari ishlab chiqilib, xalqaro standartlarga oʻtish rejalashtirilmoqda. Mazkur tadbir ham shunday xalqaro hamkorliklarning mantiqiy davomidir.

Ruminiyalik professor Samarqandda 26-oktyabrga qadar boʻladi. Tashrif davomida mehmon veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida ham boʻlib, parazitalogiya yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishadi. Institut olimlari bilan uchrashuv oʻtkazib, molekulyar diagnostikaning afzalliklari, xalqaro tajribalar, yangi paydo boʻlayotgan parazitar kasalliklar va ularni tarqatuvchilar toʻgʻrisida oʻzaro tajriba almashiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?