Bog‘cha tarbiyalanuvchilari Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga sayohat uyushtirdi (Foto)

14:33 06 Iyul 2018 Sport
492 0
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Chilonzor tumanida joylashgan 429-maktabgacha ta’lim muassasasining jajji tarbiyalanuvchilari Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga tashrif buyurdilar va bu yerda faoliyat yuritayotgan, har yili mamlakat, Osiyo va jahon birinchiliklarida o‘nlab chempionlarini yetishtirib berayotgan o‘quv dargohidagi turli sport yo‘nalishlari bilan tanishdilar.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ushbu tadbir kollej va Chilonzor tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida tuzilgan “Sportga ilk qadam” loyihasini o‘tkazish bo‘yicha imzolangan memorandum asosida o‘tkazildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini ommaviy sport turlariga qiziqishlarini erta uyg‘otish va ularni doimiy ravishda sportga jalb qilishdir. Memorandumga binoan yil davomida olimpiya kollejiga bog‘cha tarbiyalanuvchilarining muntazam tashriflarini tashkil qilish, “Chaqqon bolajon” shiori ostida quvnoq startlar musobaqalari, “Yashil maydon yulduzchalari” futbol turniri, “Oltin toj” shaxmat-shashka o‘yinlarini o‘tkazish belgilab olingan.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Ilk tashrif kuni bolajonlar ot sportiga ixtisoslashtirilgan sport kompleksida bo‘lishdi. Turli musobaqalarda qatnashuvchi otlarning “haqiqiysini” ko‘rish, ularning parvarishi va har xil chempionatlarga tayyorgarlik jarayoni haqida eshitish bog‘cha tarbiyalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Hozirgi kunda yurtimizda eng ommaviy sport turlaridan biriga aylangan boks bo‘limi ham bolajonlarni o‘ziga jalb etdi va shu yerning o‘zida bu sport turi bo‘yicha kichik musobaqa tashkil etishga ham to‘g‘ri keldi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq so‘zi”.

Erkin va yunon-rum kurashlari zallariga kirib kelgan jajji mehmonlarga nafaqat kollej o‘quvchilari, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari ham hamroh bo‘ldilar. Bolajonlar Respublika olimpiya zaxiralari kollejining barcha bo‘limlari, yotoqxonalar va dam olish xonalari, kutubxonalar, suzish havzalarida bo‘lib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Botir G‘ofurov.

XS.UZ ma’lumoti:
1961 yilda sport maktab-internati sifatida faoliyat boshlagan, 2001 yilda esa Olimpiya zaxiralari kolleji etib qayta tashkil qilingan ushbu kollej mamlakat sportining dovrug‘ini butun dunyoga yoyish, turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha chempionlar yetishtirish borasida yurtimizda yetakchi ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ayni paytda kollejda 20 dan ortiq sport turlari bo‘yicha 700 ga yaqin yoshlar tahsil olmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?