Roʻznomalar oʻqisam, shavqim-zavqim keladi

09:05 08 Noyabr 2018 Jamiyat
1037 0

Ha, rostdan ham, gazeta kitobdan oldin oʻqiladi.

Odam bolasi oʻqish bilan tirik. Men dunyo va odamlarni goh ongim, goh qalbim bilan anglayman. Roʻznoma boʻlmasa, roʻznoma oʻqimasam, mamlakat, xalq, jamiyat va ular ichida dam sayin, dam-badam yaratilayotgan, qaynab, toshib, vulqondek otilib chiqayotgan rang-barang voqealarni boshqa qaydan topaman?

Roʻznomalarning — “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “Ishonch”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Milliy tiklanish”, “XXI asr”, “Maʼrifat”ning oq, olijanob sahifalarida bayon qilinayotgan hodisa-xabarlarni aqlim, yuragim, dunyoqarashimga eshu oshno qilmasam, maʼrifatimga maʼrifat, fikrimga fikr, zikrimga zikr, tiynatim, maʼnaviyatimga maʼnaviyat va tiynat qoʻshmasam, oʻzimni qanday shu zamon kishisi sanayman? Roʻznomalar orqali insoniyatlik, odamiylik boyliklarimga har on, har soniya boyliklar yetkazmasam, boyimasam, boyitmasam va filjumla, faylasuf, donishmand shoirimiz, xassoslar xassosi mavlono Maqsud Shayxzoda taʼrificha aytsam, “goʻzallik xodimi” ekanligim qayerda qoladi?

Ulugʻvor himmatlar zamonasida,

Chin ishdan tugʻilgan afsonasida —

Goʻzallik xodimi boʻlolsin yurak,

Zamonning guvohi — daftari koʻkrak.

Mening idealim — asli mana shu, yaʼni ulugʻ shoirning oʻlmas lutfidek, “goʻzallik xodimi” boʻlish. Ongim va yuragimni shu maqomda, shu maromda tarbiyalash! Oʻqiganlarim, bilganlarimdan ishonch hosil qilganmanki, roʻznoma — gazeta, bu asli — azamat, hech charchoq bilmaydigan tarbiyachi, murabbiy.

Koʻzimning nuri roʻznomalar satrlariaro daryodek oqib, xabarlar, talqinlar, tahlillararo hayot haqiqatlarini qidiradi. Ularda yurt, el, zamon oʻzgarishlari xuddi tiniq oynadagidek namoyon boʻladi. Men gazetalar soʻzlari, sarlavhalari arolab zamon va davr oʻzgarishlari, tinimsiz yangilanib borishlari oqimlariga kirib boraman. Shu yangiliklar oqimlariga kirmasam yo buni bir zum faromush qilsam, oʻzimni zamondan kechikkandek, kechikayotgandek sezaman. Ulugʻ orzular, rejalar bilan yashayotgan mamlakatimning nafasiga har damda hamnafas, tomirdosh boʻlgim keladi. Bugungi ketma-ket, paydar-pay oʻrtaga qoʻyilayotgan masalalar magʻzi-magʻziga yetib borsam deyman. Bu bir tuganmas ehtiyoj. Faqat kundalik roʻznomalargina bizning bu maʼrifiy, madaniy, ijtimoiy ehtiyojlarimizni qondirish va bu boradagi talablarimiz, savollarimizga javob berishga qodir!

Yoshlik chogʻlarimda har qayda muk tushib gazeta oʻqiyotgan odamlarni koʻp koʻrardim. Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Hamid Gʻulomning taxlam-taxlam gazetalarni shimirib oʻqiyotganlarini koʻrganda hayratlanardim. Beqiyos ibrat koʻplab oʻqish, uqish ishtiyoqi bilan yashaydigan maʼruf barkamollar uchun gazetalar haqiqatan “Turmush — har xil katta-kichik masalalar roʻznomasi...” edi. Masalalar ichida yashash ular uchun rostdan ham buyuk ehtiyoj edi.

Hozir esa koʻpchilik qoʻl telefonidan bosh koʻtarmaydi. Hamma narsa — endi qoʻl telefoni! E, boshingni koʻtar, zamondosh! Seni ne-ne roʻznomalar, kitoblar kutyapti!

Gazetalarni tashna varaqlayman: zamon masalalari zabt bilan shoir aytmoqchi, azamat daryodek hayotimga kirib keladi. Oʻz tirik, jonli oqimiga tortib ketadi. Aks sado beradi.

Ibrohim GʻAFUROV,
Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?