Rotavirusga qarshi sifatli vaksina Oʻzbekistonga arzonlashtirilgan narxlarda olib kiriladi

10:37 10 Yanvar 2020 Jamiyat
148 0

“Joʻshqin Gujarat — 2019“ Xalqaro investitsion sammiti doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Hindistonning “Bharat Biotech” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga koʻra, “Bharat Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan rotavirus infeksiyasiga qarshi yangi Rotavac vaksinasini yetkazib berishga kelishilgan edi.

Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Bharat Biotech” kompaniyasi oʻrtasida olib borilgan muzokaralarga koʻra, mamlakatimizga ushbu vaksinaning 1 dozasini 0,85 AQSH dollarida yetkazib berishga kelishildi. Avvallari rotavirusga qarshi vaksinalarning 30 foizi UNICEF vaksinatsiya dasturining hamkori boʻlgan Global vaksinatsiya va immunizatsiya alyansi (GAVI) tomonidan moliyalashtirilishi hisobiga vaksinaning 1 dozasi 2,29 AQSH dollarga xarid qilingan.

Shuningdek, vazirlik tomonidan ushbu kompaniyaga Rotavac vaksinasini respublikamizda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatildi. Rotavirus infeksiyasiga qarshi qoʻllaniladigan Rotavac vaksinasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan qayta kvalifikatsiyadan oʻtgan. Uni jahonning barcha davlatlarida qoʻllashga ruxsat berilgan. Kompaniya esa bir qator xalqaro kompaniyalar va jamgʻarmalar bilan hamkorlik natijasida mazkur vaksinani 2014-yili Hindiston bozoriga taklif etishga muvaffaq boʻlgan. Kompaniya bergan maʼlumotlarga koʻra, uni yaratish uchun 200 million AQSH dollari investitsiya qilingan.

Rotavirus asosan chaqaloqlarda va kichik yoshli bolalarda oshqozon-ichak kasalligini keltirib chiqaruvchi virus boʻlib, organizmni suvsizlanishiga olib keladi. Bolalarda kasallik qusish va tana haroratining yuqoriligi bilan kechadi. Rotavirus yoki xalqona tilda oshqozon grippi deb ataladigan ushbu kasallikka qarshi tibbiy preparatlar mavjud boʻlmaganligi bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rotavirusga qarshi emlash amaliyotini qoʻllashni tavsiya etadi. Hindistonning “Bharat Biotech” kompaniyasi tomonidan yaratilgan yuqori sifatli va iqtisodiy samaradorlikka ega boʻlgan Rotavac vaksinasi qator xorijiy mamlakatlarda chaqaloqlarni emlashda foydalanilmoqda. Demak, ushbu nisbatan arzon va sifatli vaksinani ochiq tenderda qatnashishi va Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi aholini emlash qamrovini yanada kengaytiradi, farzandlarimizning sogʻlom va baquvvat oʻsishlariga xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?