Rossiyaning Tomsk tumani 2020-yil Namanganda kartoshka urugʻchiligi boʻyicha yirik markazni ishga tushirmoqchi

17:55 13 Dekabr 2019 Jamiyat
275 0

Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Kamolov Rossiya Federatsiyasi Tomsk tumani rahbari Aleksandr Tereshenko bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda qishloq xoʻjaligi, sanoat, qurilish va madaniy sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida mehmonlarga Namangan viloyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

— Namanganda qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sohalari jadallik bilan rivojlanmoqda, — deydi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Kamolov. — Klasterlarning tashkil etilayotgani, xom-ashyo yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarning bir tizimga solinishiga xizmat qilmoqda. Toʻqimachilik sohasida 1600 dan ortiq korxonalar faoliyat olib bormoqda. Ularning oʻndan ortigʻi brend darajasiga chiqqan va oʻz mahsulotlari Yevropaning Angliya, Italiya, Germaniya kabi mamlakatlariga eksport qilmoqda. Mashinasozlik sohasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Meva-sabzavot yetishtirish, bogʻdorchilik boʻyicha tizimli islohotlarni amalga oshirilishi tufayli yuqori natijalarga erishilmoqda.

Namangan va Tomsk aloqalari uzoq tarixga borib taqaladi.

— Safarga chiqishimdan avval bir hujjatni oʻrgandim, — dedi Tomsk tumani rahbari Aleksandr Tereshenko. — Namangan va Tomsk viloyatlari rahbarlari 1990-yilda oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashgan ekan. Bizda koʻplab oʻzbek tadbirkorlari faoliyat yuritishadi. Ular oʻzlarining halolligi va bir soʻzliligi bilan rahbarlar va mahalliy aholi ishonchini qozongan. Tomsk tumani viloyat aglomeratsiyasining markazi hisoblanadi. U qurilishlar tufayli tobora yangi koʻrinish olib bormoqda. Tumanimiz hududida yirik agrofirmalar ham joylashgan. Kartoshka yetishtirish boʻyicha ilgʻorlar qatoridamiz. Aynan bu borada oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimiz mumkin. Chunki sizlarda kartoshkaga boʻlgan talab yuqori. 2020-yilda kartoshka urugʻchiligi boʻyicha yirik markazni ishga tushirmoqdamiz. Parrandachilikka ixtisoslashgan 2 ta yirik zavodimiz mavjud. Shuningdek, uchta katta fermamiz sutchilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadi. Ular eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan. Agrar sohadagi hamkorlik ham ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi mumkin.

Uchrashuv chogʻida oʻrmon resurslari, yogʻoch mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha imkoniyatlar ham muhokama qilindi. Tomsk delegatsiyasi vakillari uchrashuvdan soʻng viloyatdagi ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish subyektlari faoliyati bilan tanishdilar. Ularga istiqboldagi hamkorlik loyihalari boʻyicha batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?