Rossiyaning “Kultura” telekanali Oʻzbekiston haqida turkum filmlar suratga olishni boshladi

19:33 26 Oktyabr 2018 Madaniyat
929 0

“Rossiya-Kultura” telekanali Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston. Sevgi haqida afsonalar” deb nomlangan hujjatli filmlar turkumini suratga olish ishlarini boshlab yubordi. Bu haqda “Xalq soʻzi” muxbiri Dilshod Karimov xabar berdi.

Filmlarda Buyuk Ipak yoʻli tarixi, Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan sivilizatsiyalar, 130 dan ortiq millatlar tinchlik va birodarlikda yashab kelayotgan qadimiy mamlakatning bagʻrikengligi, oʻzbek milliy sanʼati, ilm-fani, meʼmorchiligi, milliy taomlari va pazandachilik anʼanalari haqida soʻz yuritiladi. Filmlar Oʻzbekistonning qadim davrdan boshlab to bugungi kunga qadar boʻlgan madaniy va tarixiy rivojlanishining asosiy jihatlarini qamrab olishi kutilmoqda.

— Biz rossiyalik teletomoshabinlarga Oʻzbekiston toʻgʻrisida sevgi haqida qadimgi xalq afsonalari: yurtga sadoqat, sanʼat va ilm-fanga mehr-muhabbat, buyuk sarkardalar, jangchilar sevgisi, insoniy his-tuygʻularning buyuk tarixlari orqali soʻzlab bermoqchimiz, — deydi loyiha muallifi va prodyuseri Firdavs Abduholiqov. — Zero, ularsiz oʻzbek xalqi shunday ajoyib meʼmoriy, sheʼriy, musiqiy merosni yaratmagan boʻlar edi. Tasvirga olish ishlarida Oʻzbekistonning yetakchi arxitektorlari, tarixchilari, diniy muassasalari rahbarlari, oʻlkashunoslari, ilm-fan va madaniyat arboblari, taniqli oshpazlari qatnashadi.

Hujjatli filmlar ssenariysi muallifi Tatyana Basova loyiha haqida shunday deydi:

— “Rossiya-Kultura” telekanali va OʻEOAVMA hamkorligi “Oʻzbekiston: qoʻlga kiritilgan kashfiyotlar” filmidan boshlangan boʻlib, u bir yil avval ekranlarga chiqarilgan edi. 25 yil ichida Oʻzbekiston toʻgʻrisida birinchi bor suratga olingan ushbu kartina, taʼkidlab oʻtishim kerak, rossiyaliklarning nazari va yangi Oʻzbekistonning XXI asr voqeligidagi talqini boʻlgan. Film yuqori reytingga ega boʻlib, teletomoshabinlarimizda katta qiziqish uygʻotdi. Aynan shuning uchun biz ishni davom ettirishga qaror qildik.

“Oʻzbekiston. Sevgi haqida afsonalar” hujjatli filmlar turkumi OʻEOAVMAning Rossiya telekanallari bilan birgalikdagi beshinchi loyihasi hisoblanadi. Bundan avval “Oʻzbekiston — qumliklar javohiri”, “Qoraqalpogʻiston: vaqt qumlari oralab”, “Oʻzbekiston: qoʻlga kiritilgan kashfiyotlar”, “Nukus. Nomaʼlum kolleksiya” filmlari yaratilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?