Rossiyaning Xitoydagi elchisi vazifasini bajargan yurtdoshimiz haqida bilamizmi?

12:27 03 Fevral 2020 Madaniyat
343 0

Arxiv surati

Tarix bagʻrida ne–ne siru–sinoatlar yashirin. U chang–gʻuborlardan tozalangan sayin gʻaroyib voqealar yuzaga chiqa boradi. Mana, XVII asrning 50-yillarini olib koʻring. Rossiya podshosi Aleksey Mixaylovich Xitoy bilan uzilib qolgan savdo–sotiq va elchilik aloqalarini tiklamoqchi boʻladi-yu ammo niyatiga yetolmaydi. Uning elchilarini Xitoy imperatori qabul qilmay ortga qaytarib yuboradi. Chunki bu paytda chinlar yopiq siyosat olib borayotgan edi.

— Rus podshosi shunda Rossiyada savdo–sotiq bilan mashgʻul boʻlgan buxorolik Saidqul ismli savdogarni oʻz nomidan Xitoyga elchi qilib yuborish fikriga keladi, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. — Chunki Saidqul “Malikul tujjor” yaʼni savdogarlarning boshqoni boʻlib, shuhrati Xitoygacha yoyilgan edi.

Aleksey Mixaylovich taklifiga binoan Moskvaga kelgan Saidqul 1656-yilda rus elchisi sifatida birinchi marta Xitoyga boradi. Uni izzat–ikrom bilan kutib olishadi. Zukko, ish koʻzini bilgan bu ajdodimiz vositachiligida Rossiya — Xitoy oʻrtasida shartnoma imzolanib, savdo–sotiq yoʻlga qoʻyiladi, diplomatik aloqalar oʻrnatiladi. Manbalarda aytilishicha, Saidqul Rossiyaga 33 gaz duxoba, 209 gaz ipak gazlama, kumush piyolalar va boshqa buyumlarni Xitoy imperatoridan Rossiya hukmdoriga sovgʻa-salom tarzida olib kelgan.

— Shundan keyin ham Saidqul Xitoyga ikki bor elchi sifatida borgan, — deya davom etadi olim. — Rus hukmdorining ishonchini qozongan yurtdoshimiz uchinchi safarida Rossiyadan Xitoyga bozori chaqqon mahsulotlarni keltirgan. Unga bir guruh rus–tatar vakillari hamda buxorolik Rahmatilla ismli savdogar hamrohlik qilgan. Yoʻlda Saidqulga Buxoro savdogarlarining karvoni ham qoʻshilgan. Ular Pekindagi “Buxoro” karvonsaroyiga joylashganlar. Bu gal ham Xitoy imperatori Saidqulni yaxshi kutib olgan va unga bojsiz savdo–sotiq qilish huquqini bergan. Imperator saroyida uning sharafiga bazm uyushtirilgan. Saidqulga koʻrsatilgan izzat–ikromni koʻrib, rus–tatar vakillari hayratda qolishgan.

Ha, ortga nazar tashlasak, donishmand ota–bobolarimiz koʻpligini koʻramiz. Qalbimizda faxr–iftixor tuygʻusi uygʻonadi. Gʻururlanamiz. Saidqulga kelsak, afsuski, uning keyingi taqdiri toʻgʻrisida maʼlumotga ega emasmiz.

Ammo shunisi aniqki, oʻtmishda Saidqul kabi bilimli, zukko, muomala madaniyati yuksak yurtdoshlarimiz koʻp boʻlgan. Zero, hukmdorlar eshigi hammaga ham ochilavermaydi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?