Rossiyaning eng katta taʼsirga ega musulmonlari yuztaligi eʼlon qilindi. Alisher Usmonov 6-oʻringa munosib deb topildi

10:16 14 Avgust 2019 Dunyo
203 0

Tataristonning “Biznes Online” ishbilarmonlik elektron nashri tomonidan Rossiyaning eng katta taʼsirga ega musulmonlari yuztaligi eʼlon qilindi.

Ularning orasidan din ulamolari, davlat va jamiyat arboblari, biznes va sport olami vakillari ham joy olgan. Ushbu reyting taniqli islomshunoslar, olimlar va boshqa nufuzli ekspertlar fikrlari asosida tuzildi.

Eʼtiborlisi, mazkur roʻyxatdan asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan ishbilarmon Alisher Usmonov ham joy oldi.

Birinchi oʻrin Rossiya musulmonlar diniy boshqarmasi prezidiumi raisi va muftiylar kengashi rahbari Ravil Gaynutdinga, ikkinchi oʻrin Tataristonning birinchi prezidenti, ayni paytda davlat maslahatchisi boʻlib faoliyat yuritayotgan Mintimer Shaymiyevga, uchinchi oʻrin esa dogʻistonlik aralash turdagi yakkakurash ustasi, mashhur sportchi Xabib Nurmagomedovga nasib etdi. Bu borada Tataristonning amaldagi prezidenti Rustam Minnixanov toʻrtinchi, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov beshinchi, hamyurtimiz, USM Holdings asoschisi va bosh aksiyadori Alisher Usmonov oltinchi boʻldi.

Unda boshqalar qatori A.Usmonovning ham xayriya ishlariga bosh qoʻshayotgani, bunday ezgu yumushlarda faol ekanligi alohida eʼtirof etilgan.

Xususan, Forbes jurnalida 12 mlrd. dollardan ortiq boyligi bilan 9-pogʻonani egallab turgan Alisher Usmonov Tataristondagi Bolgar islom akademiyasiga rekord miqdorda xayriya mablagʻi bergani qayd etib oʻtilgan. Qolaversa, Bolgar shahrida joylashgan Oq masjid qurilishiga 250 mln.dan 650 mln. rublgacha mablagʻ ajratgan. Ekspertlar milliarder nafaqat Rossiyada, balki boshqa mamlakatlarda, jumladan, oʻz vatani Oʻzbekistonda ham islom bilan bogʻliq loyihalar amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlab kelayotgani alohida taʼkidlangan. Masalan, u Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi uchun qiymati 8 mln. dollarlik kitoblar toʻplamini sovgʻa qildi. Ularning orasidan Sharq madaniyati va islom dunyosining Yevropaga taʼsiri haqidagi asarning lotin, ingliz, fransuz va nemis tillaridagi tarjimasi qatorida balki Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining lotin tiliga oʻgirilgan ilk nusxasi oʻrin olgan.

Maʼlumot uchun, yuqoridagi reytingda Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi raisi Talgat Tojuddin(u Buxoro madrasasini tamomlagan) yettinchi oʻrin, Rossiya Federatsiya Kengashining Dogʻistondan aʼzosi, milliarder Suleyman Kerimov sakkizinchi oʻrin, Moskva shahar merining shaharsozlik siyosti va qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Marat Xusnullin toʻqqizinchi oʻrin, islomshunos olim, Moskva jomeʼ masjidi imom-xatibi Shamil Alyautdinov oʻninchi oʻringa munosib deb topilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?