Rossiyalik yoshlar: “Oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqishimiz tobora ortib bormoqda” 

11:16 18 Oktyabr 2019 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Moskva davlat lingvistika universitetida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan oʻquv-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Uchrashuvda oliy oʻquv yurti professor va oʻqituvchilari, oʻzbek tilini oʻrganayotgan rossiyalik talabalar qatnashdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar qayd etganidek, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili oʻzbek xalqi uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.

2019-yil 21-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganiga oʻttiz yil toʻladi. Mazkur tarixiy hujjatga binoan oʻtgan yillar davomida oʻzbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi. Hozirgi kunda u hayotimizning barcha jabhasida — davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qoʻllanilayotgani barobarida, xalqaro maydonda unga boʻlgan qiziqish keyingi vaqt da keskin oshdi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatda milliy tilning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga yuksak baho berdilar. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani oʻzbek tilining tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtarish imkonini berdi. Oʻz navbatida, Rossiyaning qator oliy oʻquv yurtlari, jumladan, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti), Moskva davlat universiteti, Moskva davlat lingvistika universitetida va bir necha harbiy oliy oʻquv yurtlarida ikkinchi til sifatida oʻqitiladi. Rossiyalik talabalar nafaqat Lutfiy va Alisher Navoiyning betakror gʻazallari, Zahiriddin Muhammad Boburning goʻzal ruboiylari, Ahmad Yassaviyning dono hikmatlari, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhorning nasriy asarlari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov sheʼrlarini aslida oʻqib, oʻzbek tilining betakror jozibasidan bahramand boʻladilar.

Uchrashuv davomida Moskva davlat lingvistika universiteti talabalari oʻzbek tilining turli jihatlari, oʻzbek mumtoz va zamonaviy shoir hamda yozuvchilari, oʻlkamiz tarixi va bugungi taraqqiyotiga bagʻishlangan taqdimotlar bilan chiqdilar. Talabalar tomonidan oʻqib berilgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur gʻazal hamda ruboiylari, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Erkin Vohidovning sheʼrlari tadbirga oʻzgacha ruh bagʻishladi. Boʻlib oʻtgan muloqot yakunida uning ishtirokchilari bir ovozdan doimiy ravishda faoliyat yuritadigan “Oʻzbek tili doʻstlari” klubi tashkil etish haqida qaror qabul qildilar.

Muxbirimiz bilan suhbatda Moskva davlat lingvistika universiteti magistranti Filipp Zaxarov qayd etganidek, oʻzbek tilini oʻrgangan inson uning goʻzalligi va jarangdorligidan hayratga tushadi.

— Biz oʻzbek tili deganda, eng avvalo, buyuk Alisher Navoiyni yodga olamiz. Har yili Moskvada ul zotga oʻrnatilgan -haykalni borib ziyorat qilamiz. Navoiyning sheʼr va gʻazallarida oʻzbek adabiy tilining asl goʻzalligi yaqqol namoyon boʻladi, — dedi F. Zaxarov.

Mazkur oliy oʻquv yurti ikkinchi bosqich talabasi Mariya Shatova oʻzbek tilini nisbatan qisqa muddat mobaynida oʻrganayotaniga qaramay, tilimizda burro gapirishga oʻtdi.

— Men oʻzbek tilini sevaman. Oʻzbek qizlari nihoyatda goʻzal, ularning raqslari esa undan ham chiroylidir. Shu sababli kelajakda oʻzbek milliy raqslari boʻyicha tadqiqot qilish niyatidaman. Hozirgi kunda Surxondaryo, Xorazm shevalarini oʻrganmoqdaman, — dedi suhbatdoshimiz.

Moskva davlat tilshunoslik universiteti ikkinchi bosqich talabasi Jayxun Gasanli:

— Oʻzbek tili va madaniyati menga juda ham yoqadi. Kelajakda Oʻzbekistonda ishlashni orzu qilaman. Shu sababli hozirgi kunda oʻzbek tilini chuqur oʻrganyapman. Amaliyot darslarimizda Oʻzbekistonga oid yangiliklarni tayyorlayman. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hurmatim nihoyatda baland boʻlib, oʻz ilmiy ishimni ushbu yetakchiga bagʻishlamoqchiman.

— Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Moskva davlat lingvistika universiteti oʻrtasidagi shartnomaga asosan, bu oliy oʻquv yurtida 2010-yildan beri oʻzbek tili ikkinchi til sifatida oʻqitib kelinmoqda, — deydi mazkur oliy taʼlim dargohi va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻqituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi Begʻam Qorayeva. — Talabalarimiz oʻzbek tili, madaniyati, xalq ogʻzaki ijodi, mamlakatimiz tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga katta qiziqish bildirmoqda. Talabalarimiz har yili Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan tadbirlarda faol qatnashadi. Universitetda Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan birgalikda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535-yilligiga bagʻishlab Moskvada ilk marta ilmiy-maʼrifiy anjuman oʻtkazdik. Kelgusi yilda oʻzbek tilini oʻrganayotgan talabalarimiz uchun Oʻzbekistonga sayohat uyushtirishni rejalashtirmoqdamiz.

Umuman olganda, oʻtgan yillar mobaynida oʻzbek tilini oʻrgangan uch guruh talabalar oʻquv yurtini tamomlab, bugun Rossiyaning turli davlat idoralarida masʼul lavozimlarda ishlab kelmoqda.

“Dunyo” AA.
Moskva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?