Rossiyalik sport sharhlovchilari: “Ravshan Ermatov finalda hakamlik qilishi kerak”

18:25 04 Iyul 2018 Sport
1361 0
Foto: “Daryo” / Sergey Kim

“Daryo.uz” sharhlovchisi Baxtiyor Nasimov rossiyalik sport sharhlovchilari Aleksandr Yelagin va Denis Kazanskiy bilan UzReport-TV telestudiyasida eksklyuziv uchrashuv uyushtirdi.

Quyida ana shu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

— So‘nggi vaqtlarda futbol sharhlovchilarining ishi qanchalik qiyinlashdi?

Aleksandr Yelagin: - Tabiiyki, futbol tezlashdi. Taktik yangiliklar ko‘paydi va murabbiylarning taktik fikrlash rivojini kuzatib borish zarur. Uchta himoyachi, to‘rtta himoyachi, beshta himoyachi bilan o‘ynashlari mumkin. Shu bilan birga o‘yin davomida jamoa o‘yinida taktik o‘zgarishlar bir necha marta yuz berishi mumkin. Barcha taktik o‘zgarishlardan xabardor bo‘lish ham kerak.

Futbol o‘zgardi, muxlislar o‘zgardi, demakki, sharhlovchi ham o‘zgarishi, futbol bilan birga qadam-baqadam o‘sishi talab etiladi. O‘zimdan kelib chiqib ayta olamanki, har bir o‘yin tomoshabin oldidagi misoli bir imtihon.

Denis Kazanskiy: - Hamma gap axborot maydonida nimalar bo‘layotganida. Men hozir kela turib Braziliya terma jamoasi murabbiysi Tite haqida kattagina materialni o‘qidim, unda aytilishicha, u bolaligida futbol o‘yinlari to‘g‘risidagi reportajlarni radio orqali tinglagan ekan. Endi hamma narsa o‘zgardi: koptoklar, poyabzal, maydonlar, stadionlar. Shu jumladan, televideniye ham. Vaqt o‘zgardi. Ijtimoiy tarmoqlar, saytlar, telekanallar paydo bo‘ldi va futbol o‘yinini ko‘rishning imkoni bo‘lmagan joyning o‘zi qolmadi.

Hayot o‘zgarmoqda. Axir 60-yillardagi avtomobillarni XXI asr mashinalari bilan solishtirib bo‘ladimi? U paytlardagi samolyotlar qanaqa edi-yu, hozirgilari qanday? Eski maktab sharhlovchilariga yangi an’analarga moslashish qiyin ekanligini ko‘rib turibman. Ishonchim komil, o‘n yildan keyin bizga yanada qiyin bo‘ladi. Chunki hamkasbim Yelagin aytganidek, ko‘p narsa taktikaga bog‘liq.

— Tomoshabinlar sizni ko‘pincha nimalarda ayblashadi?

Aleksandr Yelagin: - Har bir tomoshabinning o‘z qahramoni bor. Kimgadir emotsional sharhlash tarzi yoqsa, kimdir buni yoqtirmaydi.

Denis Kazanskiy: - Eng ko‘p uchraydigan ayblov – bu mening “Spartak”, SSKA, “Manchester Yunayted”ning muxlisi ekanligim yoki aksincha. Lekin biror bir aniq narsada ayblashmaydi. Hamkasblarning fikri anchagina muhim. Agar biror bir narsa ko‘ngildagidek chiqmasa, yoki qandaydir g‘alizlik bo‘lsa, Yuriy Lozanov shartta aytib qo‘ya qoladi. Va sen buni tuzatishga harakat qilasan.

— O‘yinga tayyorgarlik ko‘rishga qancha vaqtingiz ketadi?

Aleksandr Yelagin: Futbolchilar va murabbiylar hayotida nimalar ro‘y berayotganligidan xabardor bo‘lish zarur. Sportning ichida bo‘lmog‘imiz darkor. Mana aytaylik, Vladimir Maslachenko o‘yinga deyarli tayyorgarlik ko‘rmas edi. Nima uchun? Chunki u musiqachi notani o‘qigani singari o‘yinni ham o‘qir edi. Uning uchun o‘yin xuddi ochiq kitob kabi edi.

Denis Kazanskiy: - Sharhlovchilar mavzuga boshlari bilan sho‘ng‘ishlari kerak va o‘zgarishlarga tez javob qaytarishlari lozim. Hozir eski usullar bilan ishlab bo‘lmaydi. Sharhlovchining avvaldan tayyorlab qo‘ygan materiallari 20-30 foizi shlatiladi. Shunaqasi ham bo‘ladiki, 120 daqiqa davomida o‘yinda deyarli hech narsa ro‘y bermaydi, biroq sharhlovchi shu vaqt ichida tomoshabinlarni zeriktirmasdan sharhlashni davom ettirishiga to‘g‘ri keladi.

— UzReport-TV FIFAdan Rossiyadagi Jahon chyempionati o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqini sotib oldi. Biroq hamma ham buni ijobiy qabul qilmadi.

Aleksandr Yelagin: - O‘zbek muxlislariga qilingan bunday hadya uchun UzReport-TVga minnatdorchilik bildirish kerak deb hisoblayman. Ingliz premyer-ligasi, Yevropa kubogi, 2016 yilgi Yevropa chempionati, 2018 yilgi Jahon chempionati. Bundan yaxshi bo‘lishi mumkinmi? Tanqidchilar va norozilarga keladigan bo‘lsak, ular doimo bo‘lishgan, bor va bundan keyin ham bo‘ladi. Meni kechiring-u, lekin men ularni hasadgo‘ylar deb hisoblayman. UzReport-TV kabi kompaniyaning esa hasadgo‘ylari bo‘lishi tabiiy. Bu juda yaxshi. Demak, hasad qilishga arzigulik narsalar bor, demak UzReport-TV o‘sayapti va rivojlanayapti. UzReport-TVda yomon o‘yinlar bo‘lmaydi.

Foto: “Daryo” / Sergey Kim

Denis Kazanskiy: - Bu katta ish, biroq chempionat boshlangunga qadar muxlislar orasida tushuntirish ishlari olib borish kerak edi, buning uchun yetarlicha vaqt ham bor edi. Bu yerda UzReport-TVning o‘zi ham aybdor. Ular oldindan keng miqyosdagi kampaniya o‘tkazishlari, teletomoshabinlarga nimalar bo‘layotganligini aytib berishlari kerak edi, bu dabdurustdan, chaqmoq singari birdaniga bo‘lmasligi kerak edi. Axir bu mutlaqo to‘g‘ri yo‘l. Hozirda butun dunyoda o‘g‘rincha tranlyatsiya qilish tezda oshkor bo‘lmoqda, MDH davlatlaridan birida shunday noxush voqea bo‘lib o‘tganligidan xabarim bor. Endi o‘g‘rincha translyatsiya o‘tmaydi. Bundan narsalar haqida oldindan xabar berish kerak. Efirda o‘zbek yoki rus tilida sharhlash va sharhlovchini tanlash imkoniyatini berishning o‘zi katta ish, bunday tanlovga butun dunyo intiladi.

— Men, to‘g‘risini aytsam, Rossiya terma jamoasi guruhdan chiqmaydi deb o‘ylagandim.

Aleksandr Yelagin: - Men ham shunday deb o‘ylagandim.

Denis Kazanskiy: - Sizning fikringizga qo‘shilaman, ko‘pchilik buni kutmagandi. Jamoa oldiga guruhdan g‘olib bo‘lib chiqish vazifasi qo‘yilgan edi, u buni sharaf bilan uddaladi.

— Endi buyog‘i juda qiziq, jamoa yana nimalarga erisharkin? Rossiya yarim finalda va hattoki finalda o‘ynasa ham hayron bo‘lmayman.

Aleksandr Yelagin: - Bu yerda hayron qolarli joyi yo‘q. Rossiya Ispaniyadan yengilishiga 100 foiz ishonchim komil edi. Chunki men Rossiya terma jamoasiga qanchalik muxlislik qilmay, shunday obyektiv omillar borki, ular ispanlarning rossiyalik futbolchilardan ancha yuqoriligini ko‘rsatib turadi. Hammasiga ispanlarning o‘zi aybdor. Butun o‘yin davomida Akinfeyevning darvozasi oldida atigi bir marta xavfli vaziyatni yuzaga keltirishdi, xolos. Jarima to‘pi atrofida tentirashdi-tentirashdi, to‘pni qo‘ldan chiqarishmadi, 80 foiz vaqt davomida to‘pga egalik qilishdi. Ajoyib uzatmalar, 1026 ta uzatma. Bu zo‘r, albatta, biroq bundan nima naf? Rossiyaliklar esa tishlarini tishlariga qo‘yib, penaltigacha etib kelishdi. Buni futbol deydilar.

Denis Kazanskiy: - Menga Ispaniya kuchli o‘zgaradigan jamoa bo‘lib tuyulgandi. Masalan, Fransiyani olaylik, guruh ichida juda yomon o‘ynashdi, biroq keyin Argentina bilan bo‘lgan o‘yinda hammasini qoyilmaqom qilishdi. Ispaniya juda yomon o‘ynadi, Rossiya esa mudofaa uchun o‘ynaydigan jamoa sifatida a’lo o‘yin ko‘rsatdi. Shu sababli Xorvatiya bilan ham xuddi shunday bo‘ladi, biroq bu safar o‘yin anchagina shiddatli kechadi. Hech qanday holatda ham Xorvatiyaga bosim o‘tkazmaslik kerak. O‘zini xotirjam tutish kerak. O‘yinning chiroyli o‘tishi bizni umuman qiziqtirmaydi. Bizga natija kerak. Agar bu safar ham o‘n kishi himoyaga tursa va qandaydir qulay vaziyat bo‘lib qolishini kutishsa, bu ish berishi mumkin. Agar xorvatlarning jahlini chiqarsak, oqibati yomon bo‘ladi.

— Kim chempion bo‘ladi?

Aleksandr Yelagin: - Bu Rossiya bo‘lishi ham mumkin! 2004 yilda, murabbiy Otto Rexagel Gretsiya jamoasiga murabbiylik qilganida ham hech kim ularga ishonmagandi. O‘shanda ular hamma ishongan Chexiyani dog‘da qoldirishgan edi. Chexiya jamoa tarkibi zo‘r edi – Poborskiy, Rosiskiy, Nedved, Koller, Barosh. Finalda esa greklar turnir egasi bo‘lmish portugallarni yengib, Yevropa chempioni bo‘lishgandi. O‘shanda kim ham Gretsiyani g‘olib bo‘ladi deb kim o‘ylabdi, deysiz?

Hazilni chetga surib, jiddiy gapiradigan bo‘lsak, bitta da’vogar qoldi.

Braziliya. Ular qanday shiddat bilan o‘ynayotganlari ko‘rinib turibdi. Belgiyaliklar, mening fikrimcha, inglizlar singari chempion bo‘la olmaydilar. Ularni to‘xtatib qolishadi. Ularning asosiy muammosi – ruhiyatida. Afsuski, ularda g‘alaba an’anasi yo‘q, bu esa g‘alabaga erishish uchun juda muhim. Bu erda birorta yangi gap aytolmayman.

Asosiy umidlar puchga chiqdi. Germaniya, Ispaniya, Argentina, Portugaliya o‘yindan chiqdi.

Denis Kazanskiy: - Ularning o‘yindan chiqishining sababi turlicha. Germaniyaning guruhdan chiqa olmaganligining sababi – Yoaxim Lyov, u Konfederatsiya kubogidan so‘ng esini yo‘qotib qo‘ydi va bir qancha hayratlanarli qarorlarni qabul qilib, jamoada ko‘p narsalarni ishdan chiqardi. Noyer bir yillik tanaffusdan so‘ng darvozani egalladi. Leroy Sane chempionatga olinmadi. Hattoki, bir yil oldingi tarkibdagi jamoa ham yo‘q hozir.

Argentinaning yutqazishiga asosiy aybdor ularning murabbiysi - Xorxe Sampaoli. Murabbiy bilan Messi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqea esa alohida hikoya. Ular yutqazgan jamoa ham anoyi emasdi. Fransuzlar bu chempionatda yarim finalgacha borishlari mumkin deb o‘ylayman.

— Ravshan Ermatov haqida nimalar deya olasiz?

Aleksandr Yelagin: - Ermatov final o‘yinini boshqarishi kerak. Bu uning uchun uchinchi Jahon chempionati. Uni UYEFA va FIFA hakamlar korpusi rahbarlari Perluiji Kollina va Massimo Buzakkalar ham hurmat qilishadi. Ermatov o‘yinni bexato boshqaradi. Hech bir qoidabuzarlikni o‘tkazib yubormaydi. Balki uning o‘yinni boshqarish tarzi o‘ziga xos, yumshoqroqdir. Buning ustiga u o‘zbekistonlik. Yevropaliklar hakamlik qila olmaydi, chunki so‘nggi ikkita finalga ular hakamlik qilishdi. Ketma-ket uchta finalni boshqarishni yevropaliklarga berishmaydi. Demak, hakam boshqa mintaqadan bo‘ladi. Janubiy amerikaliklar hakamlik qilishgan. Uning raqibi eronlik hakam Aliriza Fegani. Ularning har ikkalasi ham malakali arbitrlar, Osiyo konfederatsiyasi vakillari va ularning jamoalari o‘ynamayapti.

— Ermatov shubhasiz hakamlikka asosiy da’vogar.

Denis Kazanskiy: - U hozircha a’lo natijalarni ko‘rsatmoqda. Agar hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, Ravshan Ermatov final o‘yinini boshqaradi va bu chiroyli o‘yin bo‘lishi aniq. Biz hammamiz o‘tgan safargi chempionatda Ermatovni final o‘yini hakami etib tayinlanishini kutgandik, biroq bunday bo‘lmadi. Endi esa u ko‘rsatgan darajani hisobga olib va chempionat Rossiyada o‘tkazilayotganligidan kelib chiqilsa, menimcha, shunday bo‘lishi kerak.

— Ilgari, har bir chempionatda birorta yangilik bo‘lardi. Misol uchun gollandlarning o‘sha “ommaviy futboli”. Bu chempionatda ham yangiliklar bormi?

Denis Kazanskiy: - Albatta, ushbu Jahon chempionatida biz yangi an’analarga duch kelmoqdamiz. Yon himoyachilarga juda kam e’tibor berilayotir. O‘tgan galgi chempionatda, aksincha, unga katta e’tibor qaratilgandi. Klublarda ham. “Real”dagi Marselo va Karvaxalni oling, “Manchester Siti”dagi Gvardiola ham xuddi shular jumlasidan. U kelishi bilanoq, ikkita shunday himoyachini sotib oldi va Kayl Uoker aql bovar qilmaydigan mavsumni o‘tkazdi. Ushbu Jahon chempionatida biz chekkadagi himoyachilarni ko‘rmayapmiz. Ular bo‘lsa ham, bu har bir jamoa uchun muammoli zona bo‘lib qolmoqda. Biz klub futbollarida ko‘radigan chuqur pleymeyker o‘yinlari ham bu erda o‘tmayapti. Biror bir chuqur o‘yinni ko‘rmadik. Jamoalarda “o‘ninchilar”ning boshqalarga ta’siri klub o‘yinlari darajasidan biroz yuqori. Modrich, Pogba – 10-raqamning yorqin ikki namoyandasi. Belgiyada bunaqasi yo‘q, ularda majburiyatlar Azar va de Bryoyne o‘rtasida taqsimlangan.

Foto: “Daryo” / Sergey Kim

Yana eng muhim an’analardan biri – standartlar. Burchak to‘plari, penaltilar. VAR-video takrorlashlar tizimi. Jahon chempionatlarida hech qachon buncha ko‘p penalti bo‘lmagandi. Videoyozuvlarni ko‘rgandan so‘ng tayinlanadigan va bekor qilinadigan penaltilardan tashqari yana bir yangi omil paydo bo‘ldi. Endi har bir himoyachi yaxshi biladi: uning hech bir “kishi bilmas” qoidabuzarliklari jazosiz qolmaydi.

Inglizlar, ispanlar va urugvayliklarning standart holati o‘yinlaridan so‘ng nechta gol urilganligini ko‘rib turibmiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?