Rossiyalik ekspertlar: Shavkat Mipziyoyevning saʼy-hapakatlapi tufayli Oʻzbekiston dunyoga ochilmoqda

12:18 16 Oktyabr 2018 Jamiyat
749 0
Arxiv foto

Oʻzbekiston Prezidenti Fransiyaga, shu orqali Yevropa ittifoqigailk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Uning ahamiyati haqida turli mamlakatlarning ekspert doiralari oʻz mulohazalarini bayon qilmoqda. Xususan, rossiyalik tahlilchilarning fikrlari “Sputnik” agentligi tomonidan eʼlon qilindi.

Viktoriya Panfilova,

“Nezavisimaya gazeta” sharhlovchisi, Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzining Parijga tashrifi bilan, taʼbir joiz boʻlsa, ikkinchi doira mamlakatlari bilan hamkorlik oʻrnatishning yangi bosqichini boshlab berdi. Birinchi doirada Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Hindiston qamrab olingan edi. Fransiya esa oʻzbek yetakchisi oʻz lavozimiga kirishganidan buyon safar qilgan dastlabki Yevropa ittifoqi mamlakati boʻldi. Qolaversa, bu Oʻzbekiston rahbarining Parijga soʻnggi 20 yildan ziyod vaqt ichidagi ilk tashrifidir.

Geografik uzoqlik, iqtisodiyot, umuman, hayot tarzi tuzilishidagi farqlarga qaramay, Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasida qandaydir oʻxshashliklar mavjud. Har ikki davlat oʻz mintaqasidagi oʻrnini mustahkamlashga intilmoqda va tashqi siyosiy faollik koʻrsatyapti. Yelisey saroyida Makron va Mirziyoyev tomonidan mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi siyosiy, shu jumladan, xavfsizlik muammolari va terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilingani bejiz emas. Makron terrorizmga qarshi kurash mavzusini allaqachon Fransiya diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishiga aylantirgan. Uning ustidan gʻalaba qozonish Afgʻonistondagi mojaroni hal etish boʻyicha masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan Oʻzbekistonga ham bogʻliq. Bir qator belgilarga qarab xulosa qiladigan boʻlsak, Fransiya Oʻzbekiston uchun oʻarb dunyosiga yetaklovchi va Yevropadagi birinchi siyosiy hamda iqtisodiy sherikka aylanishi mumkin.

Andrey Kazansev,

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti tahlil markazi direktori, siyosiy fanlar doktori:

— Fransiya nemis — fransuz juftligi shakllangan YEIda hal qiluvchi oʻrin tutadigan eng kuchli davlatlardan biri va oʻtgan asrning 90-yillaridan buyon Markaziy Osiyo mintaqasiga uning muayyan qiziqishlari bor. Hozir fransuzlar, oʻzlari eʼtirof etganidek, Oʻzbekistonni qaytadan kashf qilayotir. Jadal rivojlanib borayotgan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga fransuz biznesining eʼtibori kuchaymoqda. Bu esa ham mazkur mamlakatda, ham butun Markaziy Osiyoda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar natijasidir.

Rasmiy Toshkentning Fransiyaga qiziqishi oʻz-oʻzidan maʼlum. Ushbu intilishning mohiyati Mirziyoyev Oʻzbekistonni butun dunyoga ochayotganida namoyon boʻladi. Bu jihatdan diplomatik pragmatizmning oʻrnini ham yodga olish joiz. Chunki iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirish uchun respublikaga investitsiyalar zarur. Aynan shu maqsadda mamlakatda maʼlum maʼnoda siyosiy liberallashuv amalga oshirilmoqda, davlatning xalqaro imidji yaxshilanyapti. Bularning barchasi investitsiyalar jalb qilish uchun imkoniyatlar yaratadi. Yevropalik sarmoyadorlar ushbu jarayonda oʻziga xos oʻrin tutishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron oʻrtasidagi rasmiy Toshkentning “ThalesAleniaSpace” bilan qoʻshma loyihalarni roʻyobga chiqarish borasidagi kelishuvlarini mazkur tashrifning nafaqat ajoyib natijasigina emas, hatto“durdonasi” deya taʼriflash mumkin. Koinot va mudofaa sohasida Yevropada yetakchilardan biri boʻlgan ushbu kompaniyaning yillik savdo aylanmasi 18,5 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Bu bitim Oʻzbekiston, uning ortidan butun Markaziy Osiyo uchun integratsiyalashgan sunʼiy yoʻldosh tizimlari boʻyicha hamkorlikdan tortib, Oʻzbekistonni keng yoʻlli sunʼiy yoʻldosh aloqasiga ulash uchun infratuzilma yaratishgacha boʻlgan texnologiyalarning yangi oqimini ochib beradi.

Igor Pankratenko, 

Strategik baholash va prognozlar markazi bosh direktori oʻrinbosari:

— Parij va Toshkent Oʻzbekistonda koinot sohasi uchun sanoat bazasini barpo etishga kirishdi va bu mahalliy kadrlarni tayyorlash hamda jalb etish orqali amalga oshiriladi. Parij ham, “ThalesAleniaSpace” rahbariyati ham Toshkent bilan kelishuvga katta muvaffaqiyat deb qarayotgani, shubhasiz. Loaqal Fransiya uchun hozircha Markaziy Osiyoning Rossiya tomonidan egallangan sunʼiy yoʻldosh signallari bozoriga yoʻl ochilayotganini hisobga olsak ham, shunday xulosa qilish mumkin. Aeronavtika, koinot, mudofaa va kiberxavfsizlik sohalarida faoliyat yuritadigan “ThalesAleniaSpace” kompaniyasi esa ishlab chiqarish bazasini kengaytirish va oʻz mahsulotlari uchun yangi xaridorlar topish imkoniga ega boʻladi.

Fransuz tomoni uchun muvaffaqiyatlar koʻproq “miqdor” jihatdan ahamiyat kasb etsa, Oʻzbekiston son emas, sifatga ega chiqadi. Chunki ushbu kelishuvlar, hech mubolagʻasiz mahalliy sanoatga kosmik istiqbollarni ochib beradi va boshqa barcha ijobiy natijalar bilan bir qatorda Toshkentning mintaqadagi maqomini keskin oshiradi. Fransuzlarning taklifidan soʻng rasmiy Toshkentga Pekin, Moskva, Nyu-Dehli va Anqara tomonidan ham jiddiy takliflar kelishi muqarrar, deb xulosa qilingan “Sputnik” materialida.

B. GʻOFUROV
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?