Rossiyalik dermatologlar kam uchraydigan kasallik bilan xastalangan bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi

15:01 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
140 0

Respublika Vazirlar Mahkamasining “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida dermatovenerologiya xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan aksiyada Rossiya Federatsiyasining I.M. Sechenov nomli Moskva birinchi davlat tibbiyot universiteti hamda N.F. Filatov nomidagi bolalar klinik shifoxonasi va Namangan viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri shifokorlaridan iborat mutaxassislar guruhi Yangiqoʻrgʻon va Kosonsoy tumanlaridagi bullez epidermoaliz va ixtioz kasalliklariga chalingan bemorlarning oilalariga tashrif buyurib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazishdi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash kerakki, mazkur koʻrinishdagi xastaliklarga aniq tashxis qoʻyish shifokordan chuqur bilim, uni davolash uchun ham shunga yarasha tajriba talab etadi.

-Qizim Nigina bir necha yildan buyon kam uchraydigan teri xastaligidan azob chekib keladi,-deydi Kosonsoy tumanining Hurriyat mahallasida yashovchi Manzura Karimova.- Mahalliy mutaxassislarning uni bullez epidermoalizga chalingani haqidagi dastlabki fikrlarini bugun xorijiy shifokorlar ham tasdiqlashdi. Chuqurlashtirilgan tekshiruv natijalaridan kelib chiqib, Nigina uchun zarur boʻlgan muolaja tartibi qatʼiy belgilab berildi. Viloyatdagi maxsus dispanser tomonidan bir qator dori-darmonlar ajratildi.

Xorijiy va mahalliy mutaxassislar guruhi aksiya davomida har ikki tumanda yuqoridagi xastalik alomatlari boʻlgan 30 nafar bemorni tekshiruvdan oʻtkazib, ularning 12 nafarida kasallik mavjudligini tasdiqladi.

Viloyat endokrinologiya dispanseri majlislar zalida tashkil etilgan davra suhbati chogʻida bu yerda toʻplangan dermatolog, pediatr, endokrinolog, onkolog va boshqa yoʻnalishdagi shifokorlarga ushbu xastalikka chalingan bolalar holati, mazkur kasalliklarning kelib chiqish sabablari, tashxislash va muolaja tartiblari bilan tanishtirildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

- Aholi oʻrtasida kam uchraydigan bu singari xastaliklar asosan irsiy yoʻl bilan yuzaga keladi.-deydi viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh vrachi Ya. Aytugʻdiyev.-Shuning uchun ham yaqin qarindoshlar oʻrtasida nikoh aloqalarini bogʻlashning oxiri har doim ham yaxshilik bilan tugayvermasligini yoddan chiqarmaslik kerak. Amalda bunday bemorlarga maxsus xizmat koʻrsatish, dori-darmonlar bilan taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Lekin muolajaning barcha turlari shifokordan ham, bemorning ota-onasidan ham alohida parvarish usullarini bajarishni talab qiladi. Rossiyalik shifokorlar ayni jabhada yetarlicha tajriba toʻplashgan. Ularning maslahatlari barcha tibbiyot xodimlari uchun ahamiyatlidir.

Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?