Rossiyadan Oʻzbekistonga koʻproq pul joʻnatila boshlandi

16:21 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
143 0

Rossiyadan Oʻzbekistonga koʻproq pul joʻnatila boshlandi. Bu haqda RF Markaziy banki maʼlum qildi.

Gap shundaki, joriy yil II choragida 1,2 mlrd. dollar yuborilgan. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 1 mlrd. dollar edi.

2019-yilning dastlabki olti oyida Rossiyadan Oʻzbekistonga 2 mlrd. dollardan ziyod mablagʻ yuborilgan. Mamlakat ushbu koʻrsatkich bilan mos ravishda ikkinchi va uchinchi oʻrinlardagi Tojikiston(1,1 mlrd. dollar) va Qirgʻiziston(935 mln. dollar)dan ancha oʻzib ketdi.

Pul joʻnatmalaridagi oʻsishning sababi oʻzbekistonliklar pul ishlash maqsadida Rossiyaga yanada koʻproq ketayotganidir. Zero, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlikda hamyurtlarimiz mehnat qilishlari uchun munosib sharoitlar yaratib berish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqinda yurtimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Spikeri Vyacheslav Volodin Oʻzbekiston Rossiya Federatsiyasiga mehnat migratsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinda turishini taʼkidlab, “Joriy yil iyul oyida Oʻzbekistondan migrantlar soni 2,5 million kishini tashkil etdi. Biz uchun bu Rossiya iqtisodiyoti uchun muhim hissa va Oʻzbekiston iqtisodiyotiga koʻmak hisoblanadi”, degandi u.

2014-yilda rublning “qulashi”, sanksiyalar va boshqa voqealar tufayli Rossiyaga boradigan oʻzbekistonlik migrantlar soni qisqarishni boshlagan edi, biroq 2016-yilga kelib ushbu oqim qayta tiklanib, oʻsishni boshladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?