Rossiyadagi yirik agrofirmalardan biri Oʻzbekistonda kartoshka yetishtirmoqchi

18:44 06 Noyabr 2018 Jamiyat
912 0

Oʻzbekiston va Rossiyaning “KriMM” agrofirmasi yurtimizda kartoshka yetishtirish boʻyicha qoʻshma loyihani muhokamadan oʻtkazishmoqda. Bu haqida RFning Tyumen oblasti hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, har kuni “KriMM” agrofirmasi terminallaridan 400 tonna kartoshka va sabzavotlar chiqariladi. Uning maʼlum qismi Oʻrta Osiyoga yuboriladi. Ulardan biri Oʻzbekistondir. Ushbu davlatga uch ming tonna kartoshka joʻnatilyapti, deyiladi xabarda.

“Oʻzbekiston bilan toʻlaqonli hamkorlik oʻrnatish imkoniyati mavjud. Tyumen oblasti gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning mazkur mamlakatga amalga oshirgan tashrifi chogʻida biz savdo sheriklarimizga “KriMM”ning urugʻlik kartoshkalarini sotib olish va uni oʻzlarida yetishtirishni taklif etdik. Shunday qilib sarxil mahsulotlarni may oyidayoq va hatto undan vaqtliroq oʻzimizga olib kelishni yoʻlga qoʻyish mumkin. Ayni shu paytda bizda muayyan tanqislik yuzaga keladi va Tyumen oblast kartoshkani, jumladan, uzoq xorijdan ham qabul qiladi”, - dedi agrofirma bosh direktori Gennadiy Ryazanov.

Hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun tomonlar yetkazib berish logistikasini yaxshilashga kelishib oldilar.

“Bugun kartoshka yetkazib berishda juda koʻplab nyuanslar bor, ular yoʻllarda ushlanib qolishlarni keltirib chiqaryapti. Bularning barchasini hal qilish va ortiqcha toʻsiqlarni yoʻqotish kerak. Oʻz navbatida Oʻzbekistondan ortga qaytayotganda furalarimizni(yuk mashinalari) gilos, sarxil mevalar, qishda esa yangi piyoz, sarimsoq piyoz va olma bilan toʻldirib olish boʻyicha gʻoya ham bor. Mana shundagina toʻliq savdo hamkorligi yuzaga keladi. Mazkur takliflar shu kunlarda muhokama qilinyapti”, - dedi Ryazanov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?