Rossiyadagi eng qattiqqoʻl oliy taʼlim dargohida oʻzbek yoshlari qanday oʻqimoqda?

10:38 18 Fevral 2019 Jamiyat
269 0

Arxiv foto

Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi vakillari “Oliy iqtisodiyot maktabi”ning milliy tadqiqot universitetida bugungi kunda tahsil olayotgan vatandosh talabalarimiz bilan uchrashdi, deb xabar berdi “Dunyo“.

Tadbir yurtidan uzoqda boʻlgan oʻzbek yoshlari bilan muloqotni yoʻlga qoʻyish va ularni oʻzbek jamiyati hayotida roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar haqida xabardor etish maqsadida oʻtkazildi.

Ishtirokchilar respublikamizda amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlar, jumladan, yosh avlodning hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda tashabbuslarini ragʻbatlantirishga qaratilgan islohotlar bilan tanishtirildi.

Yurtimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy urf-odat va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnan va jismonan sogʻlom, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor berilayotgani taʼkidlandi.

Muloqot chogʻida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtildi. Oʻzbekiston farovonligi yoʻlida yosh mutaxassislarning ilgʻor bilimlarga ega boʻlishlarini qoʻllab-quvvatlash ushbu tuzilmaning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi eʼtirof etildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan beriladigan stipendiya va grantlar taqdimoti ham oʻtkazildi. Isteʼdodli yoshlarning ilgʻor mamlakatlarda taʼlim olishi, yetakchi xalqaro institutlar va xorij tashkilotlarida malaka oshirishlariga koʻmaklashish uchun qariyb 9 mln. AQSH dollari ajratilgani alohida qayd etildi.

Taqdim etilgan maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Ularning koʻpchiligi bakalavr diplomini olganidan soʻng, chet eldagi ilgʻor oliy oʻquv yurtlarining magistratura, aspirantura va doktorantura bosqichlarida oʻqishni davom ettirishmoqchi.

Uchrashuv davomida Rossiyadagi yoshlarimizni tashvishga solayotgan va ularning hayotiga daxldor eng muhim masalalar hamda ularni hal etish yoʻllari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida Oliy iqtisodiyot maktabida tahsil olayotganlar Rossiyadagi oʻqishi va hayoti, ilmiy ishlari hamda ishga joylashish boʻyicha rejalari haqida soʻzlab berdilar. Ular davlatimiz rahbariga har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonning yanada ravnaq topishi hamda gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Oliy iqtisodiyot maktabi prorektori Ivan Prostakov ayni paytda ushbu taʼlim muassasasida Oʻzbekistondan 350dan ortiq talaba taʼlim olayotganini aytdi.

- Bu eng koʻp sonli guruhdir, yaʼni mamlakatingiz bizning universitetda eng koʻp vakilga ega, - dedi

I.Prostakov. – Oʻzbekistonlik talabalar oʻzlashtirish boʻyicha yaxshi koʻrsatkichlarni namoyish etyapti. Oliy iqtisodiyot maktabi oʻqishga kirgan abituriyentlarga nisbatan qatʼiy talablar qoʻyishi bilan tanilgan. Bu bizning OTMda eng iqtidorli bolalar yigʻilganini anglatadi. 

Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan samarali aloqalarni yoʻlga qoʻyganmiz. Xususan, Oliy iqtisodiyot maktabi Oʻzbekistonda turli fanlar boʻyicha xalqaro olimpiadalar oʻtkazib kelayotir. Biroq hamkorlikning mavjud darajasi bizning salohiyat va intilishlarimizga mos emas. Biz Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollariga nekbinlik bilan qaramoqdamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?