Rossiyada Oʻzbekiston birjasining birinchi savdo maydonchasi ochildi

14:24 12 Fevral 2019 Iqtisodiyot
149 0

Foro: “OʻzRTXB” matbuot xizmati

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasining yangi xorijiy savdo maydonchasi oʻz ishini boshladi. Mazkur platforma Rossiya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi koʻmagi ostida tashkil etildi. Bu haqda OʻzRTXB matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqinda Chelyabinskda oʻtkazilgan “Biznes-2019: Chelyabinsk viloyati tadbirkorlarini qoʻllab-quvvatlash tizimida yangilik” anjumani doirasida “OʻzRTXB” AJ savdo maydonchasining ham taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi biznes-jamiyatining 400 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.

Ayni vaqtda yangi maydonchasidagi va Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasi internet savdolarida ishtirok etish uchun xorijiy mijozlardan buyurtmalar qabul qilinmoqda.

Oʻzbekiston va Rossiya tadbirkorlari shu orqali nafaqat standartlashtirilgan birja tovarlari, balki keng turdagi boshqa mahsulotlarni ham erkin sotish yoki sotib olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Savdo va hisob-kitoblarning shaffofligi, ishonchli tovar ishlab chiqaruvchilar bilan bevosita aloqa oʻrnatish, vaqt va mablagʻ tejash, shuningdek, toʻlov va tovarni yetkazib berishning kafolatlanganligi savdo maydonchasi orqali savdo qilishning asosiy afzalliklaridir

Eslatib oʻtamiz, “OʻzRTXB” AJning xalqaro savdo tarmogʻi Qozogʻiston, Belarus va Xitoyda joylashgan savdo maydonchalarini ham qamrab oladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?