Rossiya va Oʻzbekiston kinematografiyachilari hamkorlikda filmlar suratga olishadi

14:35 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
43 0

1-oktyabrda Moskvada oʻzbek kinosi kunlarining tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Tantanali marosimda RF madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy, mezbon davlat prezidentining maxsus vakili Mixail Shvidkoy, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxolikov va Oʻzbekistonning RFdagi elchisi Botirjon Asadov ishtirok etdi.

Tadbirdan kutilgan asosiy natija shuki, Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy hamkorlikda olinadigan filmlar haqida alohida toʻxtaldi.

“Sifatli filmlarni, albatta, birgalikda tasvirga olish kerak”, – dedi u oʻz soʻzida.

“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzbek kinematografiyasi oldiga jahon miqyosidagi kino mahsulotlarini, shu jumladan, bugungi kundagi haqqoniy hayotiylik hamda tariximizning shavkatli sahifalarini oʻzida aks ettiruvchi kino asarlarni yaratish vazifasini qoʻydi, – dedi tadbirning ochilish marosimida Firdavs Abduxoliqov. – Bu maqsadlar ijobatini biz xorijiy davlatlardagi hamkorlarimiz ishtirokisiz tasavvur qilolmaymiz va shu sababdan Rossiya kinematografiyasi bilan strategik hamkorlik biz uchun muhim ahamiyatga ega”.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Rossiyaning beshta kinokompaniyasi – “STV”, “Mars Media”, MEGOGO, “Vega” va “Inferno” bilan memorandum imzoladi. Shu asosda oʻzbek va rossiyalik kinematografiya ijodkorlari hamkorlikda Toshkent zilzilasi voqealari haqida hikoya qiluvchi “Toshkent-66” nomli, shuningdek “Xoʻja Nasriddin”, “Farishtaning tuhfasi”, va “Baron-2” nomli filmlarni tasvirga olishni koʻzda tutishmoqda.

Oʻz navbatida RF madaniyat vazirining oʻrinbosari Pavel Stepanov oʻz soʻzida Rossiya madaniyat vazirligi bu loyihalarni qoʻllab-quvvatlashi va yangi filmlarni tasvirga olish faoliyatiga har tomonlama koʻmak berishini taʼkidladi.

Rossiyada Oʻzbek kinosi kunlari ochilishi arafasida oʻzbek kinematografiyachilari delegatsiyasi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) va “Mosfilm” studiyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida oʻzbekistonlik mutaxassislarni Butunrossiya davlat kinematografiya instituti qoshidagi qisqa muddatli kurslarda oʻqitish boʻyicha kelishuvga erishildi. “Mosfilm” pavilyonlarida kino mahsulotlarini hamkorlikda yaratish va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish haqida ham soʻz bordi.

“Mosfilm” direktori Karen Shaxnazarov “Oʻzbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqovning “Oʻzbekfilm” va “Mosfilm” oʻrtasidagi hamkorlik faoliyatini tiklash borasidagi taklifini qoʻllab-quvvatladi.

“Men oʻylaymanki, kelgusida Oʻzbekiston kinematografiya sohasida yetakchi mamlakatlar qatoridan joy olishi mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Faqatgina kuchli studiyalarni tashkil qilish va malakali kadrlarni tarbiyalash zarur”, – dedi Shaxnazarov.

Ayni paytda Rossiyada Oʻzbekiston kunlari davom etmoqda.

Bugun Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiyaning “Gosfilmofond” arxivida saqlanayotgan oʻzbek filmlarini respublikaga qaytarish masalasida muzokara olib borishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?