Rossiya Ukraina mahsulotlari tranzitiga cheklovlarni uzaytirdi

15:14 03 Iyul 2018 Dunyo
301 0

Kecha Rossiya Ukraina mahsulotlarini Qozog‘iston va Qirg‘izistonga olib o‘tilishi borasidagi cheklovlarni yana yarim yilga uzaytirdi.

Bu boradagi tegishli farmon RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolandi. U ushbu davlat huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Avvalgi cheklovlar muddati 30 iyun kuni nihoyasiga yetdi, yangi cheklovlar 2019 yilning 1 yanvariga qadar amalda bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning dekabrida Rossiya Ukraina bilan savdo munosabatlarini cheklash, ayrim hollarda mutlaqo taqiqlash borasida qaror qabul qilgandi. Jumladan, MDH doirasida erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi Shartnomaning Ukrainaga oid qismi to‘xtatilib, cheklov choralari 2016 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan. O‘sha yilning 2 yanvar kuni Ukraina Rossiyaning keng qamrovli mahsulotlariga 1,5 foizdan 19 foizgacha import bojlarini joriy qildi. Ukraina va YEI o‘rtasida erkin savdo zonasi rejimi kuchga kirishi munosabati bilan RF iqtisodiyotini muhofaza qilish uchun shunday qarorga kelingandi. Bungacha shakardan tashqari barcha ukrain tovarlari Rossiyaga bojsiz olib kirilar edi.

2016 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya Ukraina eksportini Rossiya hududlari orqali olib o‘tilishini to‘laligicha taqiqladi. Ukraina iqtisodiy taraqqiyot vazirligining hisob kitoblariga qaraganda bir yillik tranzit hajmi 1,8 milliard dollarni tashkil etgan.

Shu bois Ukraina tomoni Rossiya Jahon savdo tashkiloti doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni buzgan holda avtomobil va temiryo‘l transportida Ukraina uchun tranzitni to‘laligicha berkitganini ma’lum qilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?